Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:52

Paxta sabab qarovsiz qolgan 2 yashar bola bog‘chada kuyib o‘ldi


Abdulloh ovqatga kuygan bog‘cha surati (Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 43- bog‘cha)
Abdulloh ovqatga kuygan bog‘cha surati (Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 43- bog‘cha)

19 sentabr kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 43-bog‘chada 2 yashar Abdulloh ustiga bir qozon qaynoq ovqat to‘kilishi oqibatida olamdan o‘tdi. Bog‘chada oshpaz bo‘lib ishlaydigan Gulnora Rahmonova o‘g‘liga qaraydigan qaynonasi paxta terimiga chiqarilgani bois, bolasini o‘zi bilan bog‘chaga olib borgan payti ushbu fojia sodir bo‘lgan.

Voqea ikki kun avval O‘zbekiston tumani G‘aniobod qishloq fuqarolar yig‘inining Tuyul qishlog‘i hududida joylashgan 43-sonli bolalar bog‘chasida sodir bo‘lgan. Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan hodisa tafsilotlaridan xabardor manbaga ko‘ra, 2 yashar Abdullohning ustiga bir qozon ovqat quyilib ketgan.

“Oshpaz qozondagi ovqatni o‘choqdan pastga olib, bolalarga tarqatmoqchi bo‘lgan. Shu payt bu bola o‘ynab, qozonga yaqin boradi va ovqat to‘la qozon ustiga ag‘darilib, kuyib qolgan. Bolaning chap tomoni butunlay kuygan, ko‘zi, boshi, hamma yog‘i kuyib ketgan. Bolani seshanba kuni bolnitsaga olib borishgan, chorshanba ertalab o‘lgan”, dedi manba.

Bog‘cha xodimlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2 yashar Abdulloh bog‘cha tarbiyalanuvchilari ro‘yxatida bo‘lmagan. O‘sha kuni bolaning onasi - ushbu bog‘chada oshpaz bo‘lib ishlaydigan Gulnora Rahmonova o‘g‘liga qaraydigan odam bo‘lmagani uchun, Abdullohni o‘zi bilan birga bog‘chaga olib borgan.

“Gulnoraning bolasiga 60 ga yaqinlashib qolgan qaynonasi qarardi. Lekin paxta boshlangani uchun qaynonasini ham paxtaga chiqarishgan. Pensiya puli oladiganlarni ham paxtaga chiqishga majburlashayapti. Bolaga qaraydigan odam bo‘lmagani uchun Gulnora o‘g‘lini bog‘chaga birga olib kelgan. Bog‘chada ham yordamchi tarbiyachi paxtada bo‘lgani uchun bolalarga qaraydigan faqat bitta tarbiyachi qolgan. Gulnora ovqat bilan ovora bo‘lib, Abdulloh e’tiborsiz qolgan payti¸ shu voqea bo‘lgan”, dedi o‘zi ham o‘sha paytda paxtada bo‘lgan bog‘cha xodimasi.

Voqea tafsilotlaridan xabardor yana bir tuyullikning aytishicha, Abdullohning onasi Gulnora Rahmonova o‘g‘li o‘lganini ko‘tara olmay¸ sog‘ligi og‘irlashib kasalxonaga tushgan. Hozirda onaning tuman markaziy shifoxonasida qolayotgani aytilmoqda.

Tuman huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Abdullohning o‘limi bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston tumanidagi bolalar bog‘chalaridan birida ishlovchi manbaning aytishicha, ushbu voqeadan so‘ng bog‘cha xodimlarini paxtaga chiqarish to‘xtatilgan.

“Xalq ta’limi bo‘limi rasmiylari 43-bog‘chadagi voqeadan so‘ng tipirchilab qolishdi. Voqeada butun aybni bolaning onasiga yuklab, o‘zlari qutilib qolishmoqchi. Bizda har kuni majlis bo‘layapti. “Hech kim paxtaga chiqarilmasin”, deb buyurishdi. Kecha ham, bugun ham umuman paxtaga chiqmadik”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan bog‘cha xodimi.

Abdulloh - joriy yilda Ozodlikka ma’lum bo‘lgan aholini majburiy paxtaga safarbar qilish kampaniyasiga aloqador uchinchi qurbon bo‘ldi.

16 sentabr kuni Andijon shahrida yashovchi 58 yoshli Muzaffar Umrzoqov maktabda farrosh bo‘lib ishlaydigan rafiqasi o‘rniga paxtaga chiqqan paytda dalada jon berdi.

Shu kuni Jizzax viloyat, Sharof Rashidov tuman, "Uch tepa" dahasidagi 32-maktabida Yoshlar ittifoqi tashkilotchisi 39 yashar Gulzoda Tojiboeva paxtadan qaytayotganida avtobus tagida qolib o‘ldi.

XS
SM
MD
LG