Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:32

Singapur instituti ro‘mollilar o‘qishga qo‘yilmaganini qonuniy, deb izohladi (FOTO)


Institut eshigida osilgan e’lon, 27 sentabr, 2017 yil
Institut eshigida osilgan e’lon, 27 sentabr, 2017 yil

Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti ma’muriyati o‘zining O‘zbekistondagi filiali - Toshkent Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti rahbariyati talabalardan hijobni yechish, ro‘molini orqadan o‘rashni talab qilayotganini qonuniy, deb baholadi.

Ozodlikka berilgan javobda O‘zbekistonda qabul qilingan vijdon erkinligiga oid qonunning 14- moddasi aynan keltirilgan. Ro‘mol - diniy libos emas, deb bayonot bergan Diniy idora esa, qonunning mavhum bu moddasiga hanuz o‘zgartish kiritilmaganini bildirdi.

Singapurdan javob: Taqiq - qonunga asoslangan

Ozodlikning Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish institutida talabalardan hijobni yechish, ro‘molini orqadan o‘rash talab qilinayotganiga izoh so‘rab, yozgan xatiga 28 sentabr kuni bilim dargohining Singapurdagi ma’muriyatidan javob keldi.

Institutning Xalqaro aloqalar bo‘yicha departamenti menejeri Layonel Chng yo‘llagan maktubda:

"O‘zbekiston respublikasining "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar" to‘g‘risidagi qonunining (yangi tahrir) 14-moddasida (5-bandi) shunday deyiladi: "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi (diniy tashkilot xodimlari bundan mustano)". Bu sizning so‘rovingizga javobdir", deyiladi.

Qonunning ayni moddasi bir haftadirki Toshkentdagi institut devorida osig‘liq turgani hamda bu institutda tahsil olayotgan 20ga yaqin talaba hijobini yechmagani, ro‘molini orqadan o‘ramagani bois, puli to‘langan o‘qishga qo‘yilmayotgani haqida Ozodlik 27 sentabr kuni xabar qildi.

Rektorat harakatda: "Shanba kuni ro‘mollilar yig‘iladi"

Institutning birinchi bosqichida kontrakt-to‘lov asosida o‘qishni boshlagan ro‘molli talabaning yaqini har kuni ertalab qiz ta’lim dargohi ostonasidan qaytarilayotganini bildirdi.

"Qizimiz necha kundan beri institut binosiga kiritilmayapti, darsga qo‘yilmayapti. Ro‘molini orqadan o‘rab bordi bugun, lekin ichidan bo‘ynini yopgan edi. Baribir qo‘yishmapti, bo‘ynini ochib yurishni talab qilishyapti endi. Qorovulxona eshigiga "diniy kiyimda yurish mumkinmas" degan qonunni ilib qo‘yishibdi", deb ma’lumot berdi talabaning yaqini, ismini sir saqlash sharti bilan.

28 sentabr kuni Ozodlik yana bir bor institutdagi vaziyat bilan qiziqdi. Talabalarning yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, ta’lim dargohi rahbariyati ro‘molli talabalar va ularning ota-onalarini shanba kuni yig‘ilishga chaqirgan.

E’lon: "Diniy kiyimda yurish mumkinmas"

Institut eshigiga ilingan e’londa esa, 1998 yilda qabul qilingan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar" to‘g‘risidagi qonunning 14-moddasi keltirilgan. ​

Ushbu moddada: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyilgan.

Ammo, qonunning bu moddasida aytilgan "ibodat libosi" jumlasiga aniqlama berilmagan. Ya’ni, Singapur instituti talabalari puli to‘lab qo‘yilgan darslarga kiritilmayotganiga asos qilib keltirilayotgan ro‘mol - diniy libosmi yoki yo‘q - qonunda bu haqda aniq aytilmagan.

Ammo, ayni paytda, institut talabalariga yana bir sabab - ro‘mol yoki hijobning ta’lim dargohi ichki tartibiga zid ekani ham aytilgan. Bu sababni keltirgan mas’ul - Ma’naviyat bo‘limining rahbari Mansur Sarimsoqov ham ro‘mol va hijob taqiqlanganini inkor qilmadi. Muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda: "Institutimiz rahbariyatiga rasman murojaat qiling, o‘shanda rasmiy javob olasiz", deb javob berdi. Ozodlik rasmiy maktub yo‘lladi va unga hanuz javob kutmoqda.

Sof.uz: “Qo‘mitaning bayonoti huquqiy kuchga ega emas"

Ushbu nashr 20 sentabr kuni "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar" to‘g‘risidagi qonun va undagi "ibodat libosi" masalasini huquqiy jihatdan tahlil qilarkan, 2017 yil avgustida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning “hijob ibodat libosi emas, hijob o‘rash taqiqlanmagan” degan bayonotini keltirdi.

Bundan tashqari, nashr 15 avgust kuni Milliy matbuot markazida o‘tgan anjumanda ham Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkir Hasanboev: "Din ishlari qo‘mitasi, mutasaddi tashkilotlar, maslahatchi-ekspertlar ham ro‘molni hech qachon diniy libos sifatida e’tirof etmagan. Agar ro‘molni diniy libos sifatida qaralayotgan vaziyatga duch kelsangiz, bizga murojaat qilishingiz mumkin. Biz bu masalani ko‘rib chiqishga tayyormiz", degan edi.

Ammo, qo‘mita vakillarining bayonoti hech bir huquqiy kuchga ega emasligini qayd etgan Sof.uz nashri yuridik tahlilida, binobarin: "Po‘mol qonun darajasida taqiqlangan taqdirda ham mazkur qonun Konstitutsiya va xalqaro huquq normalariga zid keladi va bunday qonunni zudlik bilan bekor qilish lozim bo‘ladi", deya xulosa beriladi.

Kutilmoqda: "Qonunga diniy libos aniqlamasi kiritiladi"

1998 yildagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning bahs va noroziliklarga sabab bo‘lib qolayotgan 14-moddasidagi “ibodat libosi” iborasiga izoh berilmagan.

Qonunning shu moddasiga sharh yozilayotgani haqida esa 2013 yilda diniy idora raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur ma’lumot bergan edi.

Unga ko‘ra, sharhlarda "ro‘mol, do‘ppi, maxsi-kalish, uzun ko‘ylak va shunga o‘xshash narsalar - bular milliy libos tariqasida (ibodat libosi emas) talqin qilinadi".

27 sentabr kuni qonunga o‘zgartishlar tayyor bo‘ldimi, degan savolga javoban idora mulozimi: "Bu masalada hanuz bir yangilik yo‘q, ammo tez orada o‘zgarish bo‘lishiga umid qilinmoqda", deb javob berdi.

XS
SM
MD
LG