Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:57

O‘zbekistonlik 45 yo‘lovchi 4 kundan buyon Penzada buzilgan avtobusda qolmoqda (FOTO)


O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini Moskvadan Toshkentga olib ketayotgan “Setra” avtobusi Penza shahri atrofida buzilib, yo‘lda qolib ketdi. Bu xabarni Ozodlikka etkazgan muhojirlarning aytishicha, 10 noyabrdan beri avtobusda tunayotgan yo‘lovchilar orasida go‘daklar ham bor. Penza shahri va uning atroflarida havoning shu kundagi bir kecha-kunduzlik o‘rtacha harorati 0 darajaning atrofida.

Avtobusning egasi - "Alkoniya" shirkati vakilining Ozodlikka aytishicha, buzilgan mashinani sozlash uchun lozim ehtiyot qismlar 13 noyabr kuni voqea sodir bo‘lgan joyga jo‘natilgan.

M5 “O‘rol” federal avtomobil trassasining Penza yaqinidagi 653 kilometrida buzilib qolgan avtobus yo‘lovchilaridan “Telegram” tarmog‘i orqali kelgan xatda bunday deyilgan:

“Assalomu alaykum, Ozodlik radiosi. Sizlardan iltimos qilamiz, biz 45 odam 9 noyabrda Moskvadan “Alkoniya” kompaniyasi orqali MKADning 7 kilometridagi stoyankadan yo‘lga chiqdik. Hozir Penzada M5 shossesining 653 kilometrida turibmiz. Avtobus na oldga, na ortga yuradi... Sovuq, chaqaloq bor avtobusda. Iltimos, shu xabarni chiqaringlar - boshka o‘zbeklar aldanib, “Alkoniya”ga ishonib yo‘lga chiqmasin. Penzagacha 5 marta GAI to‘xtatdi - har bir odam har to‘xtatganda 500 rubldan berdi", deb yozdi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan yo‘lovchi.

Mehnat migrantlarini asosan qozog‘istonlik avtobuslar tashiydi
Mehnat migrantlarini asosan qozog‘istonlik avtobuslar tashiydi

4 kundan buyon buzuq avtobusda "yashayotgan" yo‘lovchilar vakili xatiga voqea joyidan olingan suratlarni ham ilova qildi.

Ozodlik avtobusi buzilgan “Alkoniya” shirkatini “Odnoklassniki” tarmog‘idagi mana bu e’loni orqali topdi (e’lonning matni imlosini tahrirsiz berayapmiz):

“Alkoniya Moskva Toshkent buyicha Avtobus Va mikravtobuslar katnovini yulga kuydi bizda arzon va kulay sharoitlar.xizmatimizdan foydalaning

“Alkoniya” vakili bilan Ozodlik muxbiri o‘rtasida quyidagi savol-javob bo‘lib o‘tdi:

-“Alkoniya” kompaniyasi, eshitaman...

- Penzada ketayotgan bir avtobus buzilib qolibdi...

- Bilmadim, aka, unisini.

- Kim biladi, kim bilan gaplashsa bo‘ladi?

- Qaerdan bilaman – kuniga ana shuncha avtobus chiqadi. Men qattan bilay kimni avtobusi buzilib qolganini.

- “Alkoniya”ga tegishli bo‘lsa avtobus, bu bitta firma emasmi?

- Bizda birorta avtobus buzilgani yo‘q hali. Kimdan olgan bo‘lsa, o‘shanga telefon qilib so‘rang. Menga qarang, Alkoniya kompaniyasining 43 ta dispetcher-operatori bor. Bir kunda uchta-uchta avtobus chiqaradi har biri! Qaysi avtobusda ketgan, kimda ketgan – avval siz biling. O‘sha dispetcher hamma narsani sizga hal qilib beradi.

- Hal qilib bermayapti ekan-da...

- Qanaqa qilib sizga tushuntiray – ruscha gapiraymi, o‘zbekcha tushunayapsizmi?! Avtobusda u odam bormi-yo‘qmi – man qaerdan bilaman! Men siz bilan gap sotib o‘tirishga vaqtim yo‘q – 7 telefon “ojidanie”da turibdi, dedi zarda bilan yangi yo‘lovchilarni avtobuslarga yollashni davom ettirishga tushgan operator qiz.

"Алкония ширкатида 43 диспетчер ишлайди!"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:24 0:00
Бевосита линк

Operator qiz bilan suhbatdan har bir operator kuniga uchtadan avtobus jo‘natishi, demak, Rossiya shaharlaridan kamida 120 avtobus har kuni yo‘lga chiqishini hisoblab olish mumkin. Yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan kompaniyaning “Odnoklassniki” sahifasi hatto videoreklamalar bilan boyitilganini ko‘rish mumkin.

Avtobus bir necha kundan beri ehtiyot qismlari jo‘natilishini kutmoqda
Avtobus bir necha kundan beri ehtiyot qismlari jo‘natilishini kutmoqda

Ozodlik muxbirlari O‘zbekistonda ko‘rsatilgan raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilib, Penzada qolib ketgan avtobus vaziyatidan xabardor mutasaddi bilan ulanishga muvaffaq bo‘ldi. Avtoshirkat vakili avtobus haqiqatan buzilib qolgani, unga ehtiyot qismlari jo‘natilganini bildirdi:

- Bo‘ldi, bo‘ldi, aka. Bugun zapchastlarni to‘g‘rilab, jo‘natganmiz. Bugun olishadi va to‘g‘rilab yo‘lga chiqishadi. Xabarimiz bor undan. Zapchastlarni jo‘natvorganmiz. U zapchastlari yo‘q ekanda moshinasida. Hech kim, hech qaerda qolib ketmaydi, Xudo xohlasa yetib kelishadi eson-omon, aka, dedi ismini ochiqlamagan “Alkoniya”ning Toshkentdagi vakili.

Sovuq tushishi bilan mehnat muhojirlarining ko‘pchiligi uchun ish mavsumi tugagan Rossiyadan sanoqsiz avtobuslar o‘n minglab mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga olib ketishni boshladi.

Oxirgi vaqtlarda Ozodlik tahririyatiga asosan Qozog‘istondan yollangan va uzoq yo‘llarga mo‘ljallanmagan eski avtobuslarning bir qismi yo‘lda buzilib qolayotgani to‘g‘risida ko‘plab xabarlar kelib tushmoqda.

Ayni paytda, mehnat muhojirlarini Toshkentga olib ketayotgan yana bir avtobus Moskva yaqinidagi Ximki shahrigacha etib borib, buzilib qolgani xabari keldi.

Bu haqda xabar bergan muhojir yigit pul bergan o‘zbekistonlik yo‘lovchilar yo‘l kirani qaytarib ololmayotganidan shikoyat qildi.

Ozodlik bu avtobus bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishni davom ettirmoqda.

Ozodlik shu yilning 6 oktabriga o‘tar tunda “Sankt-Peterburg - Nijniy Novgorod” yo‘nalishida ketayotgan poezd o‘zbekistonlik 57 yo‘lovchi tushgan Mercedes avtobusini urib ketishi oqibatida, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 17 kishi, shu jumladan 15 o‘zbekistonlik muhojir va 2 qozog‘istonlik haydovchi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar bergandi.

Rossiyaning Mordoviya respublikasida politsiya to‘xtatgan 73 nafar o‘zbek yo‘lovchisi ikki kun avtobusda tunashga majbur bo‘lgani va Ozodlik aralashuvidan keyin qo‘yib yuborilgan edi. Rus politsiyasi Vladimirdagi avtobus halokati bahonasida o‘zbek muhojirlari qaytayotgan mashinalarni to‘xtatib, ularga "qo‘shimcha o‘lpon" solayotgani ma’lum.

O‘zbek muhojirlarini Rossiyadan O‘zbekistonga tashiyotgan avtobuslarning yo‘lda buzilib qolishi bilan bog‘liq vaziyatlar to‘g‘risida oldin ham xabar berilgan.

XS
SM
MD
LG