Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:57

Moskva sudidan qochib ketgan ikki o‘zbekistonlik qidirilmoqda


Migratsiya qoidalarini buzganlikda ayblanib¸ deportatsiya hukmi chiqarilishi uchun 22 dekabr kuni Moskva shahar Kuzminskiy sudiga olib kelingan ikki o‘zbek muhojiri sigaret chekish bahonasida qochib ketdi.

Moskva shahar sudi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ Kuzminskiy tuman sudiga migratsiya qonunchiligini buzganlikda ayblanib olib kelingan ikki o‘zbek muhojirini deportatsiya qilish to‘g‘risida sud qaror qabul qilgan:

- Sud hakami chiqargan hukm nusxalari tayyorlanayotganda politsiyachilar nazorati ostida bo‘lgan migrantlar sigaret chekkani tashqariga chiqishga ruxsat so‘ragan. Soat 14:00 larda ular binodan tashqariga chiqib, qochib ketgan. Ularning ishi hali ijro uchun pristavlarga berilmagan edi, dedi Moskva shahar sudi rasmiysi Ulyana Solopova.

Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi e’lon qilgan “ Perexvat” amaliyoti 26 dekabrga qadar natija bermagan - suddan qochgan 25 va 28 yoshli yigitlar (ular familiyasining Temirov va Ortiqov ekani aytilmoqda) qo‘lga olinmagan.

25 dekabr kuni Moskva politsiya boshqarmasi muhojirlarning sud zalidan qochishiga yo‘l qo‘ygan politsiya xodimlariga nisbatan tekshiruv boshlanganini e’lon qildi. Politsiyachilar hibsdagilarni kishansiz holda nazoratsiz qoldirgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

Rossiya sudlari tomonidan deportatsiyaga hukm etilgan o‘zbekistonlik muhojirlarning sud zalidan qochishi birinchi marotaba kuzatilayotgani yo‘q.

O‘tgan yilning sentabr oyida ikki o‘zbek muhojiri ayni Kuzminskiy tuman sudida deportatsiya to‘g‘risidagi sud qarori o‘qib eshittirilishi ortidan hojatxonaga borish bahonasida derazadan pastga sakrab qochishga uringan edi. Qochoqlardan biri oyog‘i singani bois qo‘lga tushgan¸ ikkinchisi esa qochishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Sankt-Peterburgdagi Moskva tuman sudi binosida 20 may kungi mahkamada deportatsiyaga berilgan 52 yashar mehnat muhojiri 5 qavatdan sakrab hodisa joyida nobud bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG