O‘zbekistonlik 40 yashar sudlanuvchi Rahmatjon Oqilov 20 fevral kuni shved mahkamasi oldida chiqish qilib, o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan oldi. Mahalliy The Local nashrining yozishicha, Oqilov yuk mashinasini o‘g‘irlab, piyodalar ustiga bostirishga qasd qilgani, bosh maqsadi, "Shvetsiya fuqarolarini o‘ldirish" bo‘lganini tan olgan.
Seshanba kuni Stokholьm sudiga keltirilgan 40 yashar o‘zbekistonlik Rahmat Oqilov 2017 yilning 7 aprelida Shvetsiya poytaxtida sodir etilgan terror hujumida ayblanmoqda.
O‘shanda shahar markazidagi Drottninggatan ko‘chasida yurgan piyodalar yuk mashinasi bilan bostirilgan, oqibatda besh odam o‘lgan edi. O‘lganlar orasida 11 yashar qiz, Britaniya va Belgiya fuqarosi bo‘lgan, o‘ndan ortiq odam jarohat olgan.
The Local nashrining xabar qilishicha, prokuror Hans Ihrman seshanba kungi eshituvni Oqilovdan bu hujumni sodir etishdan maqsadi nima bo‘lganini so‘rash bilan boshlagan.
Nashr bu savolga javoban Oqilov bergan ko‘rsatmadan shunday iqtibos keltirdi.
"Men Shvetsiyani xalifalikka qarshi kurashdan to‘xtatishni xohladim. Ularning urush zonasiga askarlarni yuborish va xalifalikka qarshi kurashish uchun katta mablag‘ jo‘natishini to‘xtatishini xohladim", deya rus tilida ko‘rsatma bergan 40 yashar Rahmat Oqilov.
Ko‘rsatma berarkan, Rahmat Oqilov, qilmishidan pushaymon emasligini ochiq ko‘rsatgan.
"Men buni qilishimning sababi, qalbim va ruhim bilan NATO koalitsiyasi bombardimonidan aziyat chekkanlar yonida ekanimdir", deya Oqilovdan yana iqtibos keltiradi The Local nashri.
NATOga a’zo bo‘lmagan Shvetsiyaning 70 ga yaqin harbiysi ayni paytda Iroqning shimolida "Islom davlati" (ID) ekstremist guruhiga qarshi AQSh yetakchiligidagi koalitsiya qo‘shinlariga mashg‘ulotlar o‘tamoqda.
Oqilov ustidan sud majlisi 13 fevral kuni boshlandi va u majlisning birinchi kunidayoq jinoyatni sodir etganini tan oldi.
Rahmat Oqilov ID ekstremist guruhiga bay’at berganini ham tan olgan, ammo bu guruh Stokholm hujumi uchun mas’uliyatni zimmasiga olmagan.
Bunga qadar Oqilov advokati Yohan Erikson ham o‘zbekistonlik muhojirning shvetsiyaliklar orasida terror tug‘dirish va hukumatning “Islomiy davlat” guruhiga qarshi xalqaro koalitsiyadan chiqishga majburlash maqsadida hujumga qo‘l urganini matbuotga bildirgan.
Ozodlik o‘tkazgan maxsus surishtiruv davomida Oqilovning hujum paytidagi hatti-harakatlarini “Islomiy davlat” ekstremist guruhi safida Suriyada jang qilaëtgan asli tojikistonlik jangarilar boshqargani aniqlandi.
Mahkamaning birinchi kunida qoralovchilar Oqilovga umrbod qamoq jazosi berilishini so‘radi. Shvetsiyada umrbod qamoq jazosi muddati turlicha bo‘lishi mumkin, ammo o‘rtacha 16 yilni tashkil qiladi.
Oqilov ustidan mahkamaning may oyigacha davom etishi, hukmning esa iyun oyida chiqishi kutilmoqda.