Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:35

“Malika” yarmarkasi yopilganida norozilik bildirganlardan do‘konlari olib qo‘yildi


Toshkentdagi “Malika” yarmarkasi (“Fleshka” savdo markazi) tadbirkorlarining Ozodlikka aytishicha, o‘tgan oy yarmarka 15 kunga yopib qo‘yilgan paytda oshkora norozilik bildirgan tadbirkorlardan do‘konlari olib qo‘yilgan.

Do‘konsiz qolgan do‘kondorlar

Toshkentdagi “Malika” yarmarkasida savdo qiluvchi tadbirkorlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu paytgacha yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan savdogarlar endilikda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va do‘konda ishlaydigan ishchilar bilan mehnat shartnomasi tuzishi shart qilib qo‘yilgan.

Ozodlikka murojaat qilgan tadbirkorlarga ko‘ra, yarmarkada ishlab kelgan tadbirkorlarning 30 foizi bilan yangi shartnoma imzolanmagan:

“Men 2012 yildan beri shu yarmarkada ishlab kelganman. "A" blokda apparatura sotganman. Do‘konni ta’mir qilish uchun jami 7 ming dollar sarflaganman. Jumladan, eshik-oynalarini 1700 dollarga almashtirganman. Bugunga kelib do‘konimni olib qo‘yishdi. Faqat 70 foiz tadbirkor yangi shartnomaga ega bo‘ldi”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan tadbirkor.

Boshqa bir tadbirkorning aytishicha, u bilan ham shartnoma imzolashdan bosh tortishgan:

“Men bilan shartnoma imzolamaganlarining sababi – mart-aprelь oyida yarmarkani yopib qo‘ygan payti matbuotga chiqib, gapirgan edim. Shuning uchun menga shartnoma berishmadi. Eslasangiz, tadbirkorlar yig‘ilib, kichik norozilik ham o‘tkazgandi. Shu norozilik payti aktiv qatnashganlar ham shartnomasiz qoldi”, dedi tadbirkor yigit.

Aprel boshida o‘tkazilgan 500 kishilik norozilik mitingidan olingani aytilayotgan surat
Aprel boshida o‘tkazilgan 500 kishilik norozilik mitingidan olingani aytilayotgan surat

Shartnomasiz qolgan tadbirkorlar iddaosiga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar “xayriya puli” sifatida so‘ralgan pulni bermagani uchun do‘koni olib qo‘yilgan:

“Tadbirkorlardan 82 million so‘m pul so‘rashdi. Ko‘pchilik bir pachka “ko‘ki”dan- 10 ming dollarni naqd berib, yangi shartnomalik bo‘lishdi va do‘konlarini saqlab qolishdi. Ayrimlar bu summani schyot orqali o‘tkazib berdi. Buni yarmarkani ta’mirlash uchun “xayriya puli” sifatida rasmiylashtirishdi. Lekin men pul berishga qo‘rqdim. Yarmarka rahbariyati tez-tez almashayapti. Yana boshqa odamga o‘tib ketsa, nima qilaman. Pul berib, kuyib qolmay deb, pul bermadim. Shu sabab do‘konsiz qoldim”, deya iddao qildi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan tadbirkor.

“Malika”ga hokimlik ega chiqdi

O‘zbekiston Davlat mulk qo‘mitasining 1994 yil 28 iyundagi qarori bilan, "Malika" Trikotaj ishlab chiqarish birlashmasi aksionerlik jamiyatiga o‘zgartirilgan va aktsiyalarning 29 foizi rus investorlariga sotilgan.

2009 yilda bankrot holatiga kelib qolgan "Malika" AJsi 55,86% ulushi bilan yangi tashkil etilgan "Lessor Plyus” shirkatiga sotilgan.

“Malika” yarmarkasi oradan 24 yil o‘tib, Toshkent shahar hokimligi balansiga qaytarildi.

Hokimlik xodimiga ko‘ra, sud 24 yil avval “Malika” yarmarkasi xususiylashtirilgan paytda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilganini aniqlagani sabab, savdo markazi hokimlikka qaytarilgan.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatda 2017 yil Toshkentning sobiq prokurori Mirag‘lam Mirzaevning shaxsiy imzosi ostida “Malika” OAJi mulkiga 1994 yilda berilgan davlat orderlari va huquqiy hujjatlari “haqiqiy emas deb topish” hamda “Lessor Plyus” egaligidagi binolar “davlat hisobiga qaytarish” to‘g‘risida kiritgan da’vo arizasi borligini ham ko‘rish mumkin.

"Lessor Plyus” shirkati rasmiylari "savdo majmuasi Mirag‘lam Mirzaev odamlari tomonidan reyderlik yo‘li bilan tortib olingani" iddaosi bilan Yevropa sudiga murojaat qilgan. Hozircha sud jarayoni boshlanmadi.

1 mart kuni Ozodlik O‘zbekiston huquq tizimlari mulozimlari va bevosita guvohlarga tayangan holda¸ rasmiy lavozimiga ko‘ra¸ Toshkent shahar prokurorining 1-o‘rinbosari bo‘lgani holda¸ butun prokuratura tizimini boshqarib kelgani aytiladigan Mirag‘lam Mirzaev¸ uning xotini va o‘g‘lining 23 fevral kuni maxsus reyd bilan olib ketilganini xabar qilgan edi.

Bu xabarni 22 mart kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tasdiqlagan.

Uch tomonlama shartnoma

Ozodlikka 24 may kuni ma’lum bo‘lishicha, yarmarkani shahar hokimligiga qaytarish borasidagi qaror joriy yil fevralida qabul qilingan bo‘lib, uni bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan.

Shundan so‘ng, Toshkent shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Premium Prime Service firmasi hokimlikning Binolardan foydalanish departamenti va Davlat mulkini ijaraga berish markazi bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, “Malika” yarmarkasini ijaraga olgan.

“Hozir yarmarkaning bir kvadrat metri uchun 200 ming so‘mdan ziyodroq miqdorda ijara puli to‘lanayapti. Bu bir milliard so‘mga yaqin pul bo‘ladi. Yarmarka xususiy bo‘lgan payti to‘lovlar atigi 100 million so‘m atrofida bo‘lgan” dedi hokimlik xodimi.

Ozodlik Premium prime service muassislaridan biri – Sardor ismli shaxs bilan telefon orqali bog‘landi. Biroq Sardor savollarimizni eshitishi bilan telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

Pul aylanmasi bir necha yuz million AQSh dollarini tashkil etishi aytiladigan, maishiy uskunalar savdosiga ixtisoslashgan “Fleshka” do‘konlari keyingi 7 yil ichida bir necha bor ko‘chirildi.

Shahar markazida joylashgan Navoiy ko‘chasidagi savdo rastalarida sotuvchilik qilgan tadbirkorlar 2011 yilda kutilmaganda ko‘chish haqidagi buyruqni olgan va uch kun ichida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan sobiq "Malika" tikuv fabrikasi o‘rnidagi yangi savdo markaziga ko‘chirilgan edi.

Navoiy ko‘chasidagi yarmarkalar buzilib, ularning o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurildi.

XS
SM
MD
LG