Xorazm viloyatining Urganch shahrida joylashgan “Urganch markaziy dehqon bozori”da 19 iyunga o‘tar kechasi yong‘in yuz berdi. Xorazm Ichki ishlar boshqarmasi Yong‘in xavfsizligi bo‘limi mulozimining Ozodlikka aytishicha, oqibatda bozor ichidagi birinchi yopiq savdo pavilonining 260 kv.m. maydoni butkul yonib ketgan. Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda.
Urganch shahrining qoq markazida joylashgan "Urganch dehqon bozori" hududidagi yong‘in natijasida qurbonlar yoki jarohat olganlar bo‘lmagan, ammo do‘koni yongan tadbirkorlar moddiy zarar ko‘rgan.
Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, bozorning birinchi yopiq pavilonida yong‘in mahalliy vaqt bilan tungi birlarda boshlangan.
Urganchlik Zafar kuchli alanga bir necha metr yuqoriga ko‘tarilganini aytadi.
- Yong‘in alangasi bir necha kilometr uzoqlikdan ko‘rinib turdi. Bozorchilar baqir-chaqir qilib, jonini garovga qo‘yib, bozordan molini olib chiqishga urindi, alanga kuchli bo‘lgani sabab ko‘p odamlarni do‘koni, moddiy boyligi yondi, - deydi Zafar Ozodlik bilan suhbatda.
Yong‘inga nima sabab bo‘lgani hozircha aniq emas.
Xorazm Ichki ishlar boshqarmasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, ko‘p sondagi o‘t o‘chirish guruhlari yong‘inni o‘chirishga jalb qilingan.
- 1.20da bizga yong‘in haqida ma’lumot keldi, 02.44da yong‘in bartaraf qilindi. Bozor pavilonining 260-280 kvadrat metri yondi. Yong‘in sabablari va undan ko‘rilgan zarar ko‘lami o‘rganilmoqda. O‘lganlar yo‘q. Yong‘in yarim tunda bo‘lgani uchun hech kim jarohat ko‘rmagan, - dedi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mulozimi.
Bozorda yong‘in eski xolodilnikning simida chiqqan qisqa tutashuv oqibatida bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
- Lekin, bu taxmin to‘liq tasdig‘ini topgani yo‘q, - dedi Xorazm YoXB mulozimi.
Ayni paytda savdogarlar orasida yong‘in ataylab qilingan, degan gap-so‘z tarqalgan.
- Bozorda yong‘in bir necha milliard so‘mlik tushumlar davlat g‘aznasiga kirim qilinmagani tekshirilayotgan paytda bo‘ldi. Shu qoida buzarliklarni yashirish uchun ataylab qilishgan, deb aytishyapti, - deydi ismi sir qolishini istagan urganchlik savdogar.
Lekin, bu iddao qanchalik to‘g‘riligini aniqlash imkonsiz.
Urganch IIBsi mulozimi bozorga qasddan o‘t qo‘yilgan, degan taxmin ham o‘rganilayotganini bildirdi.
Ozodlik suhbatlashgan urganchliklardan ma’lum bo‘lishicha, yong‘in ro‘y bergani ortidan yopib qo‘yilgan bozorning bir qismi kunning ikkinchi yarmida ochilgan.
- Yonib ketgan qismi yopiq,. Bozorning boshqa joyidagi do‘konlar va rastalarning hammasi odatdagiday ishlayapti, - dedi urganchlik Zafar.
Yong‘indan zarar ko‘rgan tadbirkorlarga tovon puli berish, ularning ko‘rgan zararini kompensatsiya qilish masalasi hozircha ko‘rilayotgani yo‘q.
Ozodlik yong‘in hususida bozor boshqaruvi raisi Said Polvonovdan izoh so‘radi, lekin yordamchisi uning bandligini aytdi va keyinroq murojaat qilishni so‘radi.
O‘zbekistonda bozorlarda yong‘in sodir bo‘lishi tez-tez uchraydigan hodisalar sirasiga kiradi.
Uch yil oldin Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi kiyim-kechak bozoriga ham o‘t ketgan edi.
2015 yilda esa Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi markaziy bozor ham yonib kul bo‘lgan edi.
2014 yilda Xorazm viloyatidagi Urganch buyum savdo kompleksida sodir bo‘lgan yong‘inda 25 ta do‘kon yongan edi.