Toshkentda o‘ttizga yaqin yo‘lovchini olib ketayotgan avtobus daraxtga borib urilishi oqibatida o‘ndan ortiq kishi jarohat olgan. Shifokorlarga ko‘ra, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir qolmoqda.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent shahar bo‘limining mulozimi poytaxtning Bobur ko‘chasida 26 iyul kuni mahalliy vaqt 14.50da 11-yo‘nalishda Aeroport-Beltepa orasida qatnovchi MAN rusumli yo‘lovchi avtobus yo‘l chetidagi daraxtga borib urilishi oqibatida old qatorda o‘tirgan o‘ndan ziyod odam jarohat olganini tasdiqladi.
Ko‘p o‘tmay voqea joyiga yong‘in o‘chiruvchilari va tez yordam xodimlari guruhi yetib kelgan.
O‘ndan ortiq odam 16-shahar kasalxonasiga olib ketilgan.
Shifokorlarga ko‘ra, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir qolmoqda.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi mulozimining aytishicha, hodisa sabablari tekshirilmoqda.
- Hozir hech narsa aytolmaymiz. Nimaga bunaqa bo‘lgani tekshirilyapti, - dedi Ozodlik suhbatlashgan vazirlik mulozimi.
Ozodlik suhbatlashgan guvohlar haydovchi avtobusini boshqarib ketayotgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida halokat yuz berganini aytdi.
- 1-sonli ZAGS oldida bo‘ldi. Shofyor 25 yoshli bola ekan. Boshqarolmagan, deyishyapti. Sal-pal tajribali shofyorlarni qo‘yishsa bo‘ladiku, - deydi halokatdan ko‘p o‘tmay hodisa joyida bo‘lgan poytaxtliklardan biri.
Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus haydovchisi ro‘paradan kelayotgan boshqa transport vositasi bilan to‘qnashmaslikka harakat qilib, daraxtga borib urilgan, degan farazlar ilgari surilmoqda.
Uch kunda ikki avtobus halokati
Bu so‘nggi uch kun ichida Toshkent shahrida ro‘y bergan ikkinchi avtobus halokatidir. 23 iyul kuni Toshkentning Yashnaobod tumanida Isuzu rusumli avtobus ag‘darilib ketishi oqibtida kamida etti odam jabrlangan edi.
"Rohat" avtosaloni oldida sodir bo‘lgan halokat ham haydovchining boshqaruvni yo‘qotgani sabab ro‘y bergani bildirilgandi.
Toshkentda birin-ketin ro‘y bergan avtobus halokatlari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama mavzusiga aylandi.
Facebookdagi "Voditeli Tashkenta" guruhi a’zolari Toshkent avtobus xizmati jiddiy islohotga muhtoj ekani haqida yozmoqda.
- Avtobus haydovchilari oddiy yo‘l harakat qoidalarini bilmaydi. Yo‘lni u qismidan bu qismiga o‘tganda "povorotnik"ni ham yoqishmaydi. Buni tartibga soladigan odam bormi, ularni dastidan yo‘lovchilar jabr ko‘ryapti, - deya izoh qoldirdi guruhning Yulduz Mamajonova ismli foydalanuvchisi.
Ozodlik Toshkentdagi avtobus halokatlari yuzasidan izoh so‘rab "Toshshahartransxizmat" korxonasi matbuot xizmatiga murojaat qildi.
O‘zini korxona rahbarining yordamchisi deb tanishtirgan mulozim hodisa o‘rganilayotgani, hozircha bu haqda izoh beraolmasligini aytdi.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, “Toshshahartransxizmat” tizimida 12 mingdan oshiq xodim ishlaydi.
Uyushma 10 dan oshiq avtobus saroyi, 2 ta tramvay deposi, shuningdek, Toshkent metropolitenini o‘z ichiga oladi.
Jamoat transporti korxonalari kuniga 1,5 million atrofida yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.