Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:30

O‘zbek muzeylari uchun birinchi virtual katalog yaratildi. O‘g‘irliklar kamayadimi?


O‘zbek muzeylarida saqlanayotgan asarlarning ochiq katalogi.
O‘zbek muzeylarida saqlanayotgan asarlarning ochiq katalogi.

O‘zbekiston muzeylarida saqlanayotgan noyob asarlarning talon-toroj qilinishi¸ ularning yaxshi saqlanmaslik oqibatida vayron bo‘lishi oldini olish maqsadida O‘zbekiston tarixida ilk bora «O‘zbek muzeylarining ochiq katalogi» yaratildi.

Bu ishni O‘zbekiston Madaniyat vazirligi emas¸ xorijda yashayotgan san’atshunos va faollar amalga oshirdi.

Madaniyat vazirligining bunday muhim ishni paysalga solib kelganini izohlagan ayrim san’atshunoslar¸ bunday sovuqqonlik O‘zbekiston muzeylaridagi noyob asarlarning o‘g‘irlanishi va soxtalariga almashtirilishiga zamin yaratib kelganini ta’kidladilar.

Shveysariyadagi Alerte Héritage tashkiloti Bosh kotibi¸ san’atshunoslik fanlari doktori¸ professor Svetlana Gorsheninaning Ozodlikka 14 avgust kuni bildirishicha¸ bu katalog o‘zbek muzeylari¸ xususan¸ Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyidan o‘rin olgan 900 ta asarni o‘z ichiga olgan:

- Bu katalogni ikkita san’atshunos va bitta programmist ish orasida yaratdi. Shu paytgacha Madaniyat vazirligi bunday katalog yaratishni o‘ta murakkab va katta resurs talab qiladigan mushkul ish¸ deb paysalga solib kelgani biz uchun tushunarsiz. Agar bu katalogni davlat tizimlari yaratganida yanada arzon va tezroq ham bo‘lardi. Ammo negadir keyingi 25 yil davomida Savitskiy nomli muzeyning noyob kolleksiyasi katalog qilinmadi. Katalog yaratish yo‘lidagi har bir tashabbus tushunarsiz tarzda to‘sib qo‘yildi. Shu bois biz Madaniyat vazirligini aralashtirmasdan turib bu katalogni yaratdik. Ammo siz ko‘rayotgan bu katalog hali to‘la emas. Virtual tizim esa katalogni to‘ldirib borishga imkon yaratadi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ o‘tkan oyda Savitskiy kolleksiyasidagi ustiga suv oqib ketib vayron bo‘lgan Shevchenko asarining sifatli fotosurati Alerte Héritage tashkilotida mavjud bo‘lgani ta’mir ishlarida qo‘l kelmoqda.

Savitskiy muzeyidagi asarlardan biri
Savitskiy muzeyidagi asarlardan biri

Katalog nima uchun kerak?

O‘zbekiston muzeylaridagi nodir asarlar bo‘yicha biliimdon¸ toshkentlik me’mor va bloger Abdumalik Turdievning Ozodlikka bildirishicha¸ «O‘zbekiston muzeylaridagi asarlarning katalog sifatida chop etilmagani korrupsiya uchun qo‘l kelgan»:

- Hozir qamoqda jazo o‘tayotgan O‘zbekiston davlat san’at muzeyining sobiq bosh muhofizi Mirfayz Usmonov boshchiligidagi gruppa muzeydagi asarlarni qalbakisiga almashtirib sotib yurgani to‘rt yil oldin fosh bo‘ldi. Agar muzeyda katalog mavjud bo‘lganida bu ish mushkul bo‘lar edi. Bitta misol aytaman. 1911 yilda Parijdagi Luvr muzeyidan Mona Liza asari o‘g‘irlab ketildi. O‘shanda bu asarni tor san’atshunoslar qatlamigina bilar edi. Politsiyaning samarasizligidan norozi bo‘lgan fransuz matbuoti bu asarni qutqarish uchun safarbar bo‘ldi. Barcha gazetalar Mona Liza suratini chop qildi. «Petit parizyen» gazetasi Mona Liza suratini 30 kun davomida har kuni chop qildi. Ana shundan keyin o‘g‘ri bu rasmni muzeyga o‘zi olib kelib berdi. Agar O‘zbekiston davlat muzeyidagi asarlar katalog sifatida chop qilinganida, sobiq bosh muhofiz Usmonov, yevropalik rassomlarning 25ga yaqin asarini bu qadar oson sotib yubormagan bo‘lardi¸ deydi me’mor Abdumalik Turdiev.

Turdievning iddao qilishicha¸ o‘zbek mulozimlari ataylab O‘zbekistondagi noyob asarlarni katalog shaklida chop kelmay kelishgan:

- Maqsad - o‘g‘irlash. Har bir muzey yoki milliarder o‘z kolleksiyasida Ayvazovskiy asari bo‘lishini orzu qiladi. O‘zbek muzeyidagi Ayvazovskiyga oid «Dashtda kun botish» asari 2001 yilda o‘g‘irlab ketilgan edi. O‘zbekistondagi yuqori lavozimli odamlar uyida me’moriy dizayn qilganimda¸ ba’zi asarlarga ko‘zim tushib¸ yuragim shuv etgan edi. Sobiq zampremyer Ismoil Jo‘rabekovnig uyida katta kolleksiya borligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. 2001 yildan boshlab noyob asarlarga Gulnora Karimova ko‘z tikkan edi¸ deya iddao qiladi me’mor Turdiev.

Muzeydan rasm o‘g‘irlash izlari Gulnora Karimovaga borib taqaldimi?

O‘zbekiston davlat muzeyidagi talon-tarojliklar haqida Ozodlik radiosi to‘rt yildan beri o‘z surishtiruvini olib bormoqda.

Bu surishtiruvlar davomida O‘zbekiston Davlat san’at muzeyiga oid bir nechta asarning O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Jenevadagi villasida ekani aniqlandi.

2013 yilda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qiziga oid uyni ishg‘ol qilgan o‘zbek faoli Safar Bekjon bu uyda O‘zbekiston muzeylari fondiga oidligi taxmin qilingan 60 ta o‘zbek tasviriy san’ati durdonasi borligini bildirgan edi.

Safar Bekjon e’lon qilgan kartinalar fotosuratlarini ko‘rgan san’atshunoslar bu kartinalar orasida 1964 yili olamdan o‘tgan Viktor Ufimsev mo‘yqalamiga oid uchta rangtasvir asari borligini aniqlashgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan asli o‘zbekistonlik rassom Sergey Ignatyev, o‘zidagi ma’lumotlarga asoslanib, bu asarlarning muzey fondlaridan o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligini iddao qilgandi.

Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan chiqqan Ufimsevning 3 dona asari O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlanganmi yoki yo‘qmi, degan savol haligacha o‘z javobini topmadi.

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ muzeyning tasviriy grafika bo‘limini inventarizatsiya qilish jarayonida Ufimsevning oltita asari soxta ekani aniqlangan.

XS
SM
MD
LG