Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:31

Putin: Pensiyaga erkaklar 65, ayollar 60 yoshdan chiqadi


Rossiyada ayollar 63-dan emas 60 yoshdan, erkaklar esa, 65 yoshdan pensiyaga chiqishi kerak, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu haqda qilgan maxsus chiqishida.

Chorshanba, 29 avgust kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin pensiya islohoti masalasida maxsus murojaat bilan chiqdi.

33 daqiqa davom etgan chiqishini Vladimir Putin pensiya yoshini oshirish g‘oyasi Sovetlar davrida ham, 2000-chi yillarda ham muhokama qilinganini eslatdi.

- Rossiya hanuzgacha Ulug‘ Vatan urushi oqibatlarini boshidan kechirmoqda – demografiya muammolari doimiy hamrohimizga aylandi. Bunga 90-chi yillardagi muammolar tufayli bolalarning kam tug‘ilishi qo‘shildi. Hozir 90-chi yillar avlodi mehnatga layoqatli yoshga kirmoqda. Ammo ular amaldagi pensiya tizimi talablarini qondirish uchun yetarli emas, dedi muammoning ildizlarini tushuntirishga uringan prezident.

Aholi orasida katta qarshilik va norozilikka sabab bo‘layotgan bu chora sabablariga to‘xtalar ekan, u “agar bu sohada hech narsani o‘zgartirmasak, yana 7-10 yildan keyin pensiyalar indeksatsiyasi jiddiy muammoga aylanishi mumkin”, dedi.

Vladimir Putinning “iqtisodiy o‘sish tufayli rossiyaliklar turmush darajasi yaxshilanib borayotgani” va ular “dunyoda eng uzoq yashovchilar qatoriga qo‘shilayotgani” hamda “yaqin kelajakda rossiyaliklarning o‘rtacha yoshi 80 ga yetishi” to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari ko‘pni ko‘rgan mutaxassislarni ham hayratga soldi.

U shuningdek, shaxsan o‘zi bu islohotga qarshilik ko‘rsatib kelgani, ammo “boshqa iloj qolmaganini” aytdi.

Putin ayollarning pensiya yoshini 8 yilga, erkaklarnikini esa 5 yilga ko‘tarish tashabbusini “adolatsiz” deb atadi:

- Bu noto‘g‘ri. Bizning mamlakatimizda ayollarga alohida g‘amxo‘rlik munosabatida bo‘lib kelingan...Ayollar uchun pensiya yoshi erkaklarnikidan ko‘pga oshmasligi kerak. Shu bois qonun loyihasida taklif etilayotgan ayollarning pensiya yoshini 8 yildan 5 yilga tushirish lozim deb hisoblayman, dedi shu tariqa erkaklar 65, ayollar esa 60 yoshdan pensiyaga chiqarilishini taklif qilgan Vladimir Putin.

Ayni damda, u ko‘p bolali ayollarning vaqtliroq pensiyaga chiqishi mumkinligini ham e’lon qildi.

- Agarda ayol 3 ta farzandi bo‘lsa – u muddatdan 3 yil avval, agarda 4 ta bolasi bo‘lsa – 4 yil avval nafaqaga chiqishi mumkin. Beshta va undan ko‘p bolali ayollarga hech narsa o‘zgarmasdan qoladi va ular nafaqaga 50 yoshida chiqib ketishi mumkin, dedi Rossiya rahbari.

Vladimir Putin o‘z chiqishida yana bularga to‘xtaldi:

  • Katta yoshdagi ishchilar manfaatlari himoyalanishi kerak va nafaqa yoshiga yaqinlashib qolganlarni ishdan bo‘shatgan ish beruvchilar ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi lozim;
  • Pensiyaoldi yoshi 5 yil etib belgilanadi va ularga ishsizlik nafaqalari miqdori ikki barobarga oshiriladi;
  • Nafaqaga muhlatdan oldin chiqish uchun ayollar uchun staj 37 yilni, erkaklar uchun 42 yilni tashkil etadi;
  • Kelgusi 2 yilda pensiyaga chiqishi kerak bo‘lgan grajdanlar muddatdan yarim yil oldin pensiya rasmiylashtirishi mumkin;
  • Ayollarga 55 yoshdan va erkaklarga 60 yoshdan oldin berilgan soliq, kommunal , transport va boshqa to‘lovlarga imtiyozlar saqlanib qoladi.

Nutqi davomida Vladimir Putin hukumatning bu qarori “muxolif kuchlar tomonidan o‘z vaziyatlarini yaxshilashga ishlatilishi mumkinligi”dan ogohlantirib o‘tdi.

14 yillik prezidentligi davomida Vladimir Putin o‘z xalqiga bu shakldagi murojaatlarni 28 marotaba hozirlagan. U bu chiqishlarida doimo "toki men prezident ekanman - nafaqa yoshi ko‘tarilmaydi", deb kelgan.

Rossiyaliklar pensiya yoshi ko‘tarilishidan norozi

Joriy yilning 19 iyulida Dumaning ikkinchi o‘qishidan o‘tib, qabul qilingan pensiya yoshini ko‘tarish to‘g‘risidagi qonun masalasiga doir lom-mim demasdan kelayotgan Vladimir Putin uchrashuvlardan birida “islohotning taklif qilinayotgan hech bir shakli yoqmayotgani”ni va odamlarni tinglab, qaror qabul qilishini va’da qilgandi.

O‘sha loyihada rossiyaliklar ayollar uchun pensiya yoshi 63, erkaklar uchun esa 65 qilib belgilangandi.

2016 yilda e’lon qilingan davlat statistika ma’lumotlariga binoan, Markaziy Rossiya, Shimoli-G‘arb va Uzoq Sharqda rossiyaliklar umrining o‘rtacha uzoqligi hukumat taqdim etayotgan pensiya yoshiga yetmaydi. Masalan, Primorye o‘lkasida erkaklar o‘rtacha 64 yil, Tuvada esa 58 yil yashaydi.

Nafaqa tizimiga kiritilgan o‘zgartishlar Vladimir Putinning uzoq yillardan beri qo‘llab-quvvatlab keluvchi elektorati, ayniqsa yoshi katta rossiyaliklar orasida prezident reytingining tushishiga olib kelgani qayd etildi.

Rossiyaning turli mintaqalarida “pensiya islohoti”ga qarshi ommaviy norozilik namoyishlar o‘tkazilishi davom etmoqda.

Bu islohotlarga qarshi aksiyalarga hatto LDPR, KPRF va “Spravedlivaya Rossiya” qo‘shildi. “Levada” ijtimoiy so‘rov markazi olib borgan tajqiqotlarga ko‘ra, oxirgi bir yilda Rossiyada aholining norozilik namoyishlarida ishtirok etish kayfiyati asr boshidan buyon cho‘qqisiga etgan.

Shu yilning 9 sentabr kuni Putin siyosatining ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy pensiya yoshining oshirilishiga qarshi Moskvada miting o‘tkazilishini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG