Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:44

Ota-onasi Rossiyada ishlayotgan yakkabog‘lik 16 yashar o‘quvchi o‘zini o‘ldirdi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanidagi 7-o‘rta maktabning 10-sinf o‘quvchisi 17 sentabr kuni buvisining uyida osilgan holda topildi. Ozodlik gaplashgan mahalliy huquq-tartibot idoralari rasmiylariga ko‘ra¸ hozirda o‘smir yigitning o‘z joniga qasd qilish sabablari o‘rganilmoqda.

Voqea tafsilotlaridan bevosita xabardor marhumning qarindoshlaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ voqea tumanning Alako‘ylak qishlog‘ida 17 sentabr kuni ertalab soat 7 larda sodir bo‘lgan.

“Kecha ertalab hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib yurgan payti o‘zini osibdi. Osish uchun puxta tayyorgarlik ko‘ribdi. Yaxshi kiyimlarini yechib, chiroyli qilib taxlab qo‘ygan. Ustiga eski kiyimlarini kiyibdi. Uyida qurilishi bitmagan oshxonaga narvon olib kiribdi. Uyida 20 metrcha elektr kabeli borgan ekan. O‘shani chiroyli qilib, kesib, sirtmoq tayyorlab, keyin o‘zini osibdi”, deydi yakkabog‘lik yigit.

Yakkabog‘ huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirda o‘quvchining o‘zini osish sabablari o‘rganilmoqda.

“Marhum 2002 yilning 19 yanvarida tug‘ilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bola o‘zini o‘zi osgan. Hech kim uni osmagan. Hozir uning o‘zini osishiga sabab bo‘lgan versiyalar o‘rganilmoqda. Maktabda sinfdoshlari bilan biror kelishmovchilik bo‘ldimi? O‘qituvchilar urishib, dakki berdimi? Oilada urush-janjal bo‘ldimi? Hammasi o‘rganilayapti”, dedi huquq-tartibot idorasi mulozimi.

Yakkabog‘dagi 7-maktab o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, o‘zini osgan o‘spirin xulqi yaxshi o‘quvchilardan biri bo‘lgan.

“Hech kim bilan urushmasdi. Axloqi juda yaxshi edi. O‘qituvchilar ham unga biror yomon gap gapirishmagan. Sinfdoshlari bilan juda inoq edi. Bugun sinfdoshlari hammasi uning dafn marosimida qatnashib kelishdi. Hamma uni hurmat qilardi. Bilmadik, nimaga bu fojia bo‘ldi, hayronmiz”, dedi o‘qituvchilardan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

O‘zini osgan bolaning qo‘shnilaridan biri uning ota-onasi ajrashib ketgani, onasi Rossiyaga ishlashga ketgani bois, bolalar tog‘asining uyida yashab kelganini bildirdi.

“U singlisi bilan tog‘asining uyida yashardi. Tog‘asining uyida buvisi ham bor. Onasi bugun Rossiyadan o‘g‘lining dafn marosimiga yetib keldi”, dedi marhumning qo‘shnilaridan biri.

Yakkabog‘ tuman huquq- tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, marhum o‘quvchi yashagan mahallada o‘zini osish voqeasi keyingi sakkiz yilda uch marta sodir bo‘lgan.

“2010 yilda shu o‘zini osgan o‘quvchi oilasiga kelin bo‘lib tushgan 1981 yilda tug‘ilgan qiz ham o‘zini osib qo‘ygandi. Keyin oradan 3 yil o‘tib, ularning qo‘shnisining qizi ham o‘zini osib qo‘ygan”, dedi huquq-tartibot idorasi mulozimi.

Marhumning qo‘shnilariga ko‘ra, mahalla oqsoqollari “o‘zini osish holatining oldini olish maqsadida xudoyi” qilishni rejalashtirmoqda.

“Mahallamizda o‘zini osganlar ko‘paygani uchun xudoyi qilish bo‘yicha topshiriq berishdi. Mahalla faollari “Pul yig‘ib, qo‘y sotib olib, xudoyi qilinglar” deyishdi. Erta-indin xudoyi qilamiz”, dedi marhumning qo‘shnilaridan biri.

Yakkabog‘dagi ushbu voqea O‘zbekistonda maktab o‘quvchisining o‘zini osishi bilan bog‘liq keyingi yarim yilda Ozodlikka ma’lum beshinchi holatdir.

29 iyun kuni Andijon shahridagi 2-o‘rta maktabning 6-sinf o‘quvchisi o‘z uyida osilgan holda topildi.​

18 may kuni Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi 54-sonli maktabning 9- sinf o‘quvchisi o‘z uyining yerto‘lasida osilgan holda topildi.

3 may kuni Toshkentning Yashnobod tumanidagi 69-son maktab o‘quvchisi o‘z uyida osilgan xolda topilgandi.

17 aprel kuni esa Samarqand tumani 45-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi o‘z uyi molxonasi ustuniga o‘zini osgani haqda qo‘shnilari Ozodlikka ma’lum qilgandi.

Prezident Mirziyoev o‘tgan yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

Joriy yil 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG