Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:49

Namanganda kabobdan zaharlanib 2 kishi o‘ldi, 6 kishi reanimatsiyada, o‘nlab odam kasalxonada


Namangan viloyat, Chust tumanida 21 oktabr kuni ovqatdan zaharlangan 2 kishi vafot etdi, yana 6 kishi tez yordam kasalxonasining jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.

O‘sha kuni o‘nlab odam Tez yordamga murojaat qildi.

Voqea guvohlarining aytishicha, bu odamlar bozor atrofidagi oshxonalardan birida pishirilgan kabobdan zaharlangan.

Shifokorlardan biri zaharlanganlar “kuydirgi”(sibirskaya yazva) kasalligining “antropozoonoz” turi bilan kasallangani taxmin qilinayotganini aytdi.

Tuman SENMi bosh vrachi zaharlanganlar “kuydirgi” yuqtirganini inkor qilar ekan, "bu kasallik oddiy ichak infeksiyasi oqibatidir", dedi.

Chust tuman markazida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan chustliklardan birining Ozodlikka aytishicha, yakshanba kuni bozor yaqinidagi oshxonalardan birida ovqatlangan odamlardan qariyb o‘ttiz kishi o‘sha kuni kasalxonaga tushgan:

“Bozorning oldida tunnel, qassobxonalar bor, o‘sha yerda oshxona ham bor. Aytishlaricha, o‘sha yerdan shashlik yegan odamlar barchasi zaharlangan. Yakshanba kuni tez yordam kasalga to‘lib ketgan. Odamlarning gapiga qaraganda, to‘qqiz kishi o‘lgan, o‘nlab odamlar kasalxonada yotibdi. O‘sha kundan buyon bozor atrofidagi bu oshxonalarning hammasi yopib tashlangan. Tekshir-tekshir bo‘lib yotibdi”.

Bu mavzuda jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi uchun o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan Chust tuman kasalxonasining shifokorlaridan biri ovqatdan zaharlanganlardan ikki kishi vafot etganini tasdiqladi:

“Odamlar o‘n kishi, o‘n besh kishi o‘libdi deb, juda vahima qilib yuborishdi. Men sizga aniq aytaman, hozir ikki kishi ovqatdan zaharlanishdan vafot etdi. Olti kishi tez yordamning reanimatsiya bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda. Boshqa yengilroq bemorlar, qariyb o‘ttiz kishi yuqumli kasalliklar kasalxonasiga yotqizilgan”.

Uning aytishicha, viloyat va Toshkentdan mutaxassislar chaqirtirilgan:

“Albatta, buni oshkor qilmaslik haqida bizga aytilgan. Lekin, oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Bu yuqumli kasallik antropozoonoz kasalligi bilan og‘rigan molning go‘shtidan o‘tgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu kasallik xalqimizda “kuydirgi” (sibirskaya yazva) deb ataladigan kasallikning ichak infeksiyasi formasi. Hozir kasallardan analizlar olinib, laboratoriyaga tekshirishga yuborildi. Viloyatdan, Toshkentdan barcha mutaxassislar shu yerda”.

Chust tumani Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bosh vrachi Zayliddin Anorqulov haqiqatan ham, viloyatdan mutaxassislar jalb etilganini tasdiqlar ekan, bu kasallikning “antropozoonoz” ekanligini inkor qildi:

- Bugun “Chust haqiqati” gazetasida bu kasallik haqida tushuntirish maqolamiz chiqadi. Oshqozon-ichak zaharlanishi hamda intoksikatsiya belgilari bilan kechadigan kasallik bor, ichak iersiniozi, deydi. Buni sibirskaya yazvaga aloqasi yo‘q. Viloyat SENM laboratoriyasida tekshiryapmiz, o‘zimizni laboratoriyada tekshiryapmiz, hech qanday sibirskaya yazva yo‘q, oddiy ichak iersiniozi bu, yaqin bir yarim oydan buyon davom etayotgan protsess bu, deydi Zayluddin Anorqulov.

Bosh vrach bu kasallikdan ikki kishining vafot etganini inkor qilmadi.

O‘zbekistonda ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari ko‘p uchrab turadi.

23 oktabr kuni Samarqand shahri Sartepa massivida 21 nafar fuqaro xot-dogdan zaharlanish gumoni bilan shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga murojaat qildi. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng bemorlardan 7 nafari o‘ta og‘ir ahvolda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

8 oktabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 433-sonli bog‘chada o‘nlab bolaning ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan, uch nafar bola komaga tushgan edi.

Joriy yilning 6 mart kuni Navoiy viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 13 nafar, Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 27 nafar bemor "ovqatdan zaharlanish" tashxisi bilan yotqizilgan edi.

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida 4 fevral kuni ovqatdan zaharlangan 36 kishi kasalxonaga yotqizilgandi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 36 kishining barchasi Kosonsoy tuman markaziy dehqon bozorida kala-pocha go‘shti va xasip taomini xarid qilgani aniqlangan.

XS
SM
MD
LG