Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:50

Toshkent sudi “Rembrandt asarini" vaqtincha musodara qildi


Rembrandt chizgani aytilayotgan asar
Rembrandt chizgani aytilayotgan asar

Jinoyat ishlari bo‘yichaToshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi sudyasi Temur Qosimov hakamligida joriy yil 7 noyabrida bo‘lib o‘tgan mahkama qaroriga ko‘ra¸“Rembrandtniki deya iddao qilinayotgan” grafik asar daliliy ashyo sifatida sud hukm chiqargunga qadar musodara qilindi.

Bunday chora ko‘rilgan asar joriy yilning 14 iyunida Toshkent xalqaro aeroportida Isroilga uchib ketayotgan yo‘lovchi jomadonidan topilib, kontrabanda sifatida musodara qilingan edi.

Asar kontrabandasi bilan bog‘liq jinoyat ishini Toshkent shahar Yakkasaroy tuman IIB tergovchisi Aleksandr Yugay tergov qilgan.

"Rembrandt meniki"

Toshkentlik 50 yashar muxandis, O‘zbekiston vatandoshi Andrey Plujnikov Ozodlik bilan 11 noyabr kungi suhbatda “ Sud musodara qilgan va Rembrandga oid kamida 5 million yevro turadigan asar meniki edi”, deb iddao qildi.

Andrey Plujnikov
Andrey Plujnikov

Suhbatdoshga ko‘ra¸ “Rembrandt asarini undan Komil Yo‘ldoshev ismli olibsotar firibgarlik yo‘li bilan olib ketgan”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi vakili esa¸ “Yo‘ldoshev bu asarni Plujnikovdan sotib olgani va uning hatti-harakatida firibgarlik alomati aniqlanmaganligini” bildirdi.

Sud Rembrandtniki deya iddao qilinayotgan asar taqdiri borasida hukm o‘qishni mahkamaning keyingi majlisiga qoldirdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi badiiy ekspertiza komissiyasi “asar Rembrandt maktabiga mansub bo‘lish ehtimoli bois badiiy-tarixiy qiymatga ega“, degan mazmundagi dastlabki xulosani tergovga taqdim qilgan.

Ayni paytda Ozodlik suhbatlashgan san’atshunoslar Toshkent sudi ko‘rib chiqayotgan asarning Rembrandt qalamiga oid ekanligiga jiddiy shubha bildirishdi.

Rembrandtga oid mo‘’jaz qalamtasvir asarlarning narxi kimoshdi savdosida 12 million yevrogacha borishi mumkin.

Berlindagi asar Toshkentga qanday qilib kelib qoldi

Toshkentlik tasviriy san’at munaqqidlari kollektsioner Nikolay Plujnikovni yaxshi eslashadi. O‘zbekiston ichki ishlar organlarida 1953 yildan boshlab ishlab pensiyaga chiqqan bu Ikkinchi jaxon urushi faxriysi kolleksiyasida rus va g‘arbiy Yevropa rassomlari asarlari borligini ko‘pchilik bilardi. Bir necha bor kolleksioner uyida mehmon bo‘lgan toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiev Ozodlik bilan suhbatda Plujnikovning bisotida trofey (Urush tugagach Yevropadan olib kelingan ashyo) asarlarni ko‘rganini aytadi:

- Men Nikolay Fedorovich o‘limidan sal oldin kolleksiyani ko‘zdan kechirgandim. O‘rtamiyona asarlar edi. U kishi o‘z bisotida Rembrandt borligi haqida o‘limidan oldin o‘g‘liga aytib beribdi. Ammo men,to‘g‘risi, ishonmadim,- deydi me’mor.

Jinoyat ishiga tirkalgan rasm
Jinoyat ishiga tirkalgan rasm

2004 yil olamdan o‘tgan kolleksionerning o‘g‘li 50 yashar Andrey Plujnikovning Ozodlikka aytishicha¸ otasi o‘limidan uch kun oldin unga o‘z bisotida “Rembrandt” borligini aytgan:

- Otam meni chaqirib yog‘och quti ichidagi qog‘ozga g‘oz pati bilan qora bo‘ëqda chizilgan rasmni ko‘rsatdi. "Eng qimmat asar bu", dedi. Otam bu asarni 1945 yilda Germaniyaning Berlin shahrini ishg‘ol qilgan paytda o‘lja sifatida olgan ekan. Asarning orqasidagi yozuvlardan bilinishicha, u 1940 yili Germaniyaga olib kelingan. Bu haqiqatan ham Rembrandt asari ekani haqida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi ekspertiza xulosasi bor, - dedi suhbatdosh.

Jinoyat ishiga tirkalgan rasm
Jinoyat ishiga tirkalgan rasm

Ozodlikda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi xulosasi yo‘q. Ayni jinoyat ishiga oid tergov hujjatlarida shunday xulosa borligi aytiladi. Ozodlik suhbatlashgan Madaniyat vzairligi xodimi¸ gap asar musodara qilingan paytda beriladigan dastlabki xulosa haqida ketayotganligini aytdi.

"Rembrandtni pullash"

"Asarning jahon bozoridagi narxi 12 million yevro ekanligidan" xabar topgan Andrey Plujnikov uni realizatsiya qilish uchun san’at asarlari tijorati bilan shug‘ullanadigan Komil Yo‘ldoshevga 2014 yilda beradi. Plujnikov asarni qo‘ldan qo‘lga berayotgan paytda taniqli restavrator Dilshod Azizov ham guvoh bo‘lgan

Plujnikovga ko‘ra¸ o‘shandan keyin “Yo‘ldoshev gorizontdan g‘oyib bo‘lgan”:

- Men firibgar qurboni bo‘lganim haqida IIB va prokuraturaga shikoyat qildim. Jinoyat ishi ochildi. Men bu jinoyat ishida jabrlanuvchi maqomida edim. Asar 2018 yil 14 iyun kuni Isroilga uchib ketayotgan Rafael Fuzailov bagajidan chiqdi. Musodara aktiga Bosh prokuraturaning 18- tergov boshqarmasi boshlig‘i Muxamedjanov imzo chekkan¸ - dedi suhbatdosh.

Plujnikov iddaosiga ko‘ra¸ avvaliga prokuratura xodimlari va tergovchi “asarga past nazar bilan qarab, bu nima kalyaka-malyaka? Men undan yaxshiroq chizaman” degan:

- Madaniyat vazirligidan kelgan ekspert unga qarab¸ buni Rembrandt chizgan. Agar Rembrandt qog‘ozga nuqta qo‘ygan bo‘lsa ham million dollar turadi, deganidan keyin munosabat o‘zgardi,- deydi Plujnikov.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ “sirli sabablarga ko‘ra, asarni sotish uchun vositachi bo‘lgan Yo‘ldoshev oqlangan va Plujnikov jabrlanuvchi maqomidan guvoh maqomiga o‘tkazilgan".

- Eng muhimi menga ota meros bo‘lgan asarni berishmayapti,- dedi Plujnikov.

Rasmiy nuqtai nazar

O‘zbekiston Bosh prokuratasining Ozodlikka bildirishicha¸ mavjud ish nazoratga olingan:

“Mazkur san'at asari bilan bog‘liq jinoyat ishi tergovi tamomlanib, ish xozirda sudda ko‘rilmoqda. Lekin ish holatlari boshqacha bo‘lgan. Plujnikov asarni Yuldoshevga o‘z ixtiyori bilan sotgan, Yuldoshevning harakatida firibgarlik alomatlari aniqlanmagan, hozirda sudda muzokaralar bosqichi ketmoqda. Asar kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistondan olib chiqib ketilmoqchi bo‘lgan. Hozir bu asar sud xukmiga qadar vaqtincha musodara qilingan. Endilikda, sud o‘z xukmida jinoyat ishi bo‘yicha daliliy ashyo sifatida asarning taqdiri bilan bog‘lik qaror qabul qiladi”, deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Haqiqiy Rembrandtmi?

Ozodlik Rembrandtga nisbat berilgan asar fotonusxasini Jeneva¸ Berlin¸ Quddus va Parijdagi san’atshunos va rassomlarga ko‘rsatdi. Aksar san’atshunoslar asarning fotonusxasiga qarab ekspertiza qilish mushkulligini aytishdi. Parijda istiqomat qilayotgan rassom Sergey Ignatьev masalaning ikki jihatiga e’tibor qaratdi:

- Rembrandtning barcha moybo‘yoq¸ ofort va qalamtasvir asarlari 1940 yilgacha ro‘yxat qilingan. Bu asar shu ro‘yxatda bormi yoki yo‘qmi - shuni aniqlash kerak. Ikkinchi jihat: Rembrandtning juda ko‘p qalamtasvir asarlarining soxtasini chizib sotishgan. Bu soxtalashtirish 1940 yilda ham bo‘lgan. Nima bo‘lganda ham Amsterdamdagi asosiy ekspertiza komissiyasi so‘ng so‘zini aytmaguncha biz bu asarni Rembrandniki deya ayta olmaymiz¸ dedi rassom.

Rembrandt yaratgan asarlar dunyo muzeylaridan o‘rin olgan
Rembrandt yaratgan asarlar dunyo muzeylaridan o‘rin olgan

XS
SM
MD
LG