Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:28

Sudga oshirilgan "Rembrandt asari" 15 million yevrogacha baholangan


Rembrandniki deya iddao qilingan va Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishi haqida maqola e’lon qilinganidan keyin O‘zbekiston madaniyat vazirligi matbuot xizmati Ozodlikka bu asar taqdiri haqida yangi tafsilotlarni ma’lum qildi.

Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jaevaning Ozodlikka 15 noyabr kuni bildirishicha¸ bu asar Britaniyada 1744 yildan beri faoliyat olib borayotgan Sotheby's kim-oshdi uyining Moskvadagi bo‘limi ekspertlari tarafidan ko‘zdan kechirilib baholangan.

- O‘zbekiston Madaniyat vazirligining badiiy ekspertiza kengashi tomonidan taklif qilingan Sotheby's degan tashkilotning eksperti Moskvadan kelib asarni mufassal o‘rgandi. Shu eskpertning xulosasi bo‘yicha bu asar 8 milliondan 15 million yevrogacha deya narxlangan¸ dedi matbuot xizmati rahbari.

“Asar O‘zbekiston mulki hisoblangani uchun egalik masalasida sud hukmi chiqquniga qadar sukut saqlanishi lozim”¸ deb qo‘shimcha qildi bu mulozim.

Jinoyat ishidagi suratlar
Jinoyat ishidagi suratlar

Madaniyat vazirligi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda yana bir tafsilotga e’tibor qaratdi:

- Rasm otasidan qolganini iddao qilayotgan Andrey Plujnikov bu asarni avvaliga sotgan. Asar O‘zbekiston chegarasidan kontrabanda tarzida o‘tib chet mamlakatga ketgan. Bu paytga kelib Plujnikov asarning haqiqiy qiymatidan xabar topib¸ sotishdan voz kechgan va asar O‘zbekistonga qaytarilgan paytda Bosh prokuratura talabi bilan aeroportning o‘zida musodara qilingan¸ deydi mulozim.

Toshkentlik 50 yashar muhandis, O‘zbekiston vatandoshi Andrey Plujnikov Ozodlik bilan 11 noyabr kungi suhbatda “ sud musodara qilgan va Rembrandga oid 12 million yevro turadigan asar meniki edi”, deb iddao qildi.

Plujnikov “Berlin ishg‘olida NKVD zobiti o‘laroq qatnashgan otasi bu asarni harbiy o‘lja sifatida Toshkentga olib kelgan”ini iddao qilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan san’atshunoslar¸ xususan Kanadada istiqomat qiladigan taniqli ekspert Boris Chuxovich sobiq SSSR hududida “Ikkinchi jahon urushi paytida trofeya sifatida olib kelingan ko‘p miqdordagi asarlar borligini” aytadi. Chuxovich ta’kidicha¸ “Rembrandt yoki boshqa bir g‘arbiy yevropalik rassom qalamiga mansub grafik asarning Toshkentdan topilishi hikoyasida g‘ayritabiiylik yo‘q”.

Berlindagi asar Toshkentga qanday qilib kelib qoldi?

Toshkentlik tasviriy san’at munaqqidlari kolleksioner Nikolay Plujnikovni yaxshi eslashadi.

"1953 yildan O‘zbekiston ichki ishlar organlarida ishlab pensiyaga chiqqan bu Ikkinchi jahon urushi faxriysi kolleksiyasida rus va g‘arbiy Yevropa rassomlari asarlari borligini ko‘pchilik bilardi"¸ deydi bir necha bor kolleksioner uyida mehmon bo‘lgan toshkentlik me’mor Abdumalik Turdiev.

Ozodlik bilan suhbatda Turdiev Plujnikov bisotida trofey (urush tugagach Yevropadan olib kelingan ashyo) asarlarni ko‘rganini aytadi:

- Men Nikolay Fedorovich o‘limidan sal oldin kolleksiyani ko‘zdan kechirgandim. O‘rtamiyona asarlar edi. U kishi o‘z bisotida Rembrandt borligi haqida o‘limidan oldin o‘g‘liga aytib beribdi. Ammo men,to‘g‘risi, ishonmadim,- deydi me’mor.

2004 yil olamdan o‘tgan kolleksionerning o‘g‘li 50 yashar Andrey Plujnikovning Ozodlikka aytishicha¸ otasi o‘limidan uch kun oldin unga o‘z bisotida “Rembrandt” borligini aytgan:

- Otam meni chaqirib yog‘och quti ichidagi qog‘ozga g‘oz pati bilan qora bo‘yoqda chizilgan rasmni ko‘rsatdi. "Eng qimmat asar bu", dedi. Otam bu asarni 1945 yilda Germaniyaning Berlin shahrini ishg‘ol qilgan paytda o‘lja sifatida olgan ekan. Asarning orqasidagi yozuvlardan bilinishicha, u 1940 yili Germaniyaga olib kelingan¸ dedi suhbatdosh.

"Rembrandtni pullash" operatsiyasi

"Asarning jahon bozoridagi narxi 12 million yevro ekanligidan" xabar topgan Andrey Plujnikov uni san’at asarlari tijorati bilan shug‘ullanadigan Komil Yo‘ldoshevga 2014 yilda "realizatsiya qilish uchun" beradi. Plujnikov asarni qo‘ldan qo‘lga berayotgan paytda taniqli restavrator Dilshod Azizov ham guvoh bo‘lgan

Plujnikovga ko‘ra¸ o‘shandan keyin “Yo‘ldoshev gorizontdan g‘oyib bo‘lgan”:

- Men firibgar qurboni bo‘lganim haqida IIB va prokuraturaga shikoyat qildim. Jinoyat ishi ochildi. Men bu jinoyat ishida jabrlanuvchi maqomida edim. Asar 2018 yil 14 iyun kuni Isroildan uchib kelayotgan Rafael Fuzailov bagajidan chiqdi. Musodara aktiga Bosh prokuraturaning 18-tergov boshqarmasi boshlig‘i Muxamedjanov imzo chekkan¸ - dedi suhbatdosh.

Plujnikov iddaosiga ko‘ra¸ avvaliga prokuratura xodimlari va tergovchi “asarga past nazar bilan qarab, bu nima kalyaka-malyaka? Men undan yaxshiroq chizaman” degan:

- Madaniyat vazirligidan kelgan ekspert unga qarab¸ buni Rembrandt chizgan. Agar Rembrandt qog‘ozga nuqta qo‘ygan bo‘lsa ham million dollar turadi, deganidan keyin munosabat o‘zgardi,- deydi Plujnikov.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ “sirli sabablarga ko‘ra, asarni sotish uchun vositachi bo‘lgan Yo‘ldoshev oqlangan va Plujnikov jabrlanuvchi maqomidan guvoh maqomiga o‘tkazilgan".

- Eng muhimi menga ota meros bo‘lgan asarni berishmayapti,- deydi Plujnikov.

Rasmiy nuqtai nazar

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Ozodlikka bildirishicha¸ mavjud ish nazoratga olingan:

“Mazkur san'at asari bilan bog‘liq jinoyat ishi tergovi tamomlanib, ish hozirda sudda ko‘rilmoqda. Lekin ish holatlari boshqacha bo‘lgan. Plujnikov asarni Yuldoshevga o‘z ixtiyori bilan sotgan, Yuldoshevning harakatida firibgarlik alomatlari aniqlanmagan, hozirda sudda muzokaralar bosqichi ketmoqda. Asar kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistondan olib chiqib ketilmoqchi bo‘lgan. Hozir bu asar sud hukmiga qadar vaqtincha musodara qilingan. Endilikda, sud o‘z hukmida jinoyat ishi bo‘yicha daliliy ashyo sifatida asarning taqdiri bilan bog‘liq qaror qabul qiladi”, deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Haqiqiy Rembrandtmi?

Ozodlik Rembrandtga nisbat berilgan asar fotonusxasini Jeneva¸ Berlin¸ Quddus va Parijdagi san’atshunos va rassomlarga ko‘rsatdi. Aksar san’atshunoslar asarning fotonusxasiga qarab ekspertiza qilish mushkulligini aytishdi. Parijda istiqomat qilayotgan rassom Sergey Ignatyev masalaning ikki jihatiga e’tibor qaratdi:

- Rembrandtning barcha moybo‘yoq¸ ofort va qalamtasvir asarlari 1940 yilgacha ro‘yxat qilingan. Bu asar shu ro‘yxatda bormi yoki yo‘qmi - shuni aniqlash kerak. Ikkinchi jihat - Rembrandtning juda ko‘p qalamtasvir asarlarining soxtasini chizib sotishgan. Bu soxtalashtirish 1940 yilda ham bo‘lgan. Nima bo‘lganda ham Amsterdamdagi asosiy ekspertiza komisciyasi so‘ng so‘zini aytmaguncha¸ biz bu asarni Rembrandniki deya ayta olmaymiz¸ dedi rassom.

1606-1669 yillarda yashagan hollandiyalik musavvir Rembrandt G‘arb tasviriy san’tiga katta ta’sir ko‘rsatgan ijodkorlardan biri sanaladi.

Ikkinchi jahon urushiga qadar Berlin muzeylarida saqlangan Rembrandtning ko‘plab asarlari sovet armiyasi tomonidan o‘lja sifatida talon-taroj qilingan.

XS
SM
MD
LG