Rossiyada osonlashtirilgan tartibda grajdanlik olish imkonini beruvchi qonun 8 aprelda kuchga kirdi.
Osonlashtirilgan sxema asosida pasport berish “Rossiyaga ko‘chib o‘tishga tayyor bo‘lgan vatandoshlar” dasturi asosida amalga oshiriladi.
2012 yilda 13 yarim mingga yaqin o‘zbekistonlik Rossiya pasportini olgan bo‘lsa, 2017 yilga kelib bundaylar soni 23 334 nafardan oshgan.
Rossiyada osonlashtirilgan tartibda grajdanlikni beruvchi qonun prezident Vladimir Putin tomonidan imzolanganiga 90 kun to‘ldi va kuchga kirdi.
“Rossiya Federatsiyasi grajdanligi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan va 8 aprelda kuchga kirgan o‘zgartishlarga muvofiq, grajdanlikni osonlashtirilgan tartibda olish xuquqiga ega bo‘lgan xorijliklar kategoriyalarini Rossiya prezidenti belgilaydi.
Rossiya prezidenti, qabul etilgan o‘zgartishlarga muvofiq, Rossiya grajdanligini “murakkab ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyatda bo‘lgan” hamda qurolli harakatlar olib borilayotgan va rejimlar o‘zgarishi sodir bo‘lgan mamlakatlar fuqarolariga berishi mumkin.
Bundan tashqari, Rossiya pasporti xorijda doimiy yashab kelayotgan rus tilida so‘zlashuvchi aholiga ham xuddi shu sxema asosida berilishi mumkin.
Federal hujjatda Rossiya Federatsiyasi hududiga ixtiyoriy ravishda ko‘chib o‘tishga hozir bo‘lgan va horijda yashayotgan dastur ishtirokchilariga, ularning oila a’zolariga vatandoshlik maqomini berish hujjatlari osonlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilishi qayd etildi. Jumladan, ular grajdanlikka nafaqat dastur asosida ko‘chib o‘tgan mintaqada, balki Rossiyaning istalgan joyida grajdanlikka hujjat topshirishi mumkin.
Yangi qonunga ko‘ra, grajdanlikka da’vogarlardan Rossiya hududida “vaqtinchalik yashash maqomi”ga (“Vid na jitelstvo”) ega bo‘lish yoki mamlakat hududida 5 yil davomida yashagan bo‘lish majburiyati talab qilinmaydi.
Bunday vaziyatlarda hujjatlarni ko‘rib chiqish 6 oylik muhlatni tashkil qiladi. Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar: Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston grajdanlari hujjatlari 3 oyda ko‘rib chiqilishi lozimligi aytildi.
Muhim o‘zgartishlar qatorida Rossiya grajdanligiga topshirgan va rad javobini olgan shaxs bir yil o‘tib qayta grajdanlikka ariza topshirishi mumkinligi bor.
“Migranto.ru” portali asoschisi, moskvalik yurist Svetlana Salamova Ozodlik bilan suhbatda yangi o‘zgartishlarni Rossiyaning demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan amal o‘laroq baholadi.
- Yangi qonun “Ko‘chirish siyosati”ga faqat o‘z mamlakatida ariza topshirish kerak” degan tartibni bekor qildi. Endi Yevroosiyo ittifoqiga a’zo davlatlar vatandoshlari Rossiya ichkarisidan turib ham ariza topshirishga va qisqa muddat ichida javob olishga haqli. Bu yaxshi maskirovkalangan katta siyosiy o‘yinga o‘xshayabdi: Rossiya urush olib borayotgan mamlakatlar grajdanlariga prezident Putin o‘z ixtiyoriga ko‘ra cheksiz miqdorda pasport berish huquqiga ega bo‘ldi. Ukraina sharqidagi LNR/DNR, Suriya, Venesuela va boshqa mintaqalardagi vaziyat shuni taqozo etayotgan ko‘rinadi. Har holda, endi o‘zini “rusiyzabon” va “rus madaniyati vakili” deb hisoblovchi xohlagan odam, jumladan o‘zbekistonliklar, grajdanlikni osonlashtirilgan tartibda olish huquqiga ega bo‘ldi, dedi yurist Svetlana Salamova.
Suhbatdosh bu o‘zgartishlar faqat “ko‘chirish” dasturida ishtirok etayotgan o‘zbek grajdanlariga yengillik yaratishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Ammo, hatto shu dasturda ishtirok etayotgan o‘zbekistonliklar hujjatlariga javob qirg‘iz, qozoq yoki belaruslar kabi 3 oyda emas, 6 oyda berilishi ko‘zda tutilgan.
“Rossiya Federatsiyasi grajdanligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar 2018 yilning dekabrida Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan va keyinroq prezident tomonidan imlolangandi.
U avgust oyida parlament muhokamasiga kiritilib, 3 ta o‘qishda qabul qilingandi.
Rossiya grajdanlari sonini rus tilli xorijliklar evaziga to‘ldirmoqchi
Bundan oldinroq, Kreml Rossiyada 5-10 million odamga grajdanlik berish rejalari to‘g‘risida e’lon qilgandi. Prezident Vladimir Putin o‘z chiqishlaridan birida Rossiyaga yangi vatandoshlarni yetkazib beruvchi mamlakatlar sifatida rus aholisi ko‘p bo‘lgan Ukraina, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Moldova va boshqa sobiq Ittifoq mamlakatlari ko‘rilayotgani to‘g‘risida bayonot bergandi.
Buning uchun Rossiya hukumati 2019-2015 yilga qaratilgan Davlat migratsiya siyosati Konsepsiyasini ishlab chiqarayotgan ishchi guruh tuzgandi. Jiddiy demografik muammolar – aholi soni keskin kamayishi va qarib borishi oldida turgan 140 millionli Rossiya yaqin yillarda grajdanlikni osonlashtirilgan tartibda beruvchi boshqa chora-tadbirlarni ham kiritishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.
Rossiya IIV statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda “yangi rossiyaliklar” yoki Rossiya Federatsiyasi yangi grajdanlari soni 270 000 kishiga ko‘paydi. Ulardan yuz ming nafardan ortig‘i (41,5%) Markaziy Osiyo respublikalarida hududlarida tug‘ilganlardir.
2018 yilda Rossiyada yashash guvohnomasini (“vid na jitelstvo”) olgan va mazkur hujjat asosida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston grajdanlari 80 000 nafarni tashkil etdi. Yana 69 ming o‘zbekistonlik RVP – Rossiyada vaqtinchalik yashash va ishlash huquqiga ega bo‘lgan.
Rus politsiyasi 2017 yilda Rossiya pasportini olgan o‘zbekistonliklar soni 23 334 kishini tashkil etgani to‘g‘risida xabar bergandi.
2012 yilda 13 yarim mingga yaqin o‘zbekistonlik Rossiya pasportini olgan bo‘lsa, 2017 yilga kelib 23 334 dan oshgan. Grajdanligini almashtirayotganlar ro‘yxati boshida Ukraina, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Armaniston vatandoshlari turibdi.