Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:50

Nukusda bosqinchi er-xotinni pichoqladi


Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi xonadonlardan biriga 8 aprel kuni yarim kechasi qilingan bosqinchilik hujumida xonadon bekasi o‘ldi, uning eri og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi.

Voqea guvohlarining aytishlaricha, bosqinchilik maqsadida kirgan shaxs eru xotinni pichoqlab qochgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bosqinchilik va qotillikda gumonlanayotgan shaxs qidirilmoqda.

Nukus shahrida 8 aprel kuni tungi soat uch-to‘rt orasida qilingan bosqinchilik haqida nukusliklardan biri Ozodlikka xabar berdi:

“Biz Nukus shahrining Jiydeli baysun, avvalgi nomi Saransha, mahallasida yashaymiz. Qotil yoki qotillar, necha kishi ekanligini bilmayman, kechasi mahalladoshimizning uyiga bostirib kirishgan. Uyning egasi uyga kimdir kirganini sezib tashqariga chiqqanda, uni pichoqlagan. U baqirgandan keyin xotini yugurib chiqqanda, uni ham pichoqlashgan. Xotini o‘sha yerda o‘lgan, eri kasalxonada, ahvoli og‘ir deyishyapti. Bosqinchilar uydan nima olgan-olmaganidan xabarim yo‘q”.

Ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining aytishicha, bu oila mahallaning o‘ziga to‘q oilalaridan biri:

"Oila boshlig‘i tadbirkorlik bilan shug‘ullanardi. Damas mashinasi bor. Shaharda ikki-uch joyda uyi bor deyishadi. Yaqinda bitta uyini sotgan ekan. O‘g‘ri ham shu pulga kelgan deyishyapti. Marhum ayol Qozog‘istonda ishlardi, topish-tutishi yaxshi edi. Bitta katta o‘g‘li bor"

Nukus shahar ichki ishlar bo‘limining navbatchisi, shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi, ammo tafsilotlarini telefon orqali bermasligini aytdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlik so‘roviga javoban bu voqea haqida quyidagilarni ma’lum qildi:

“08.04.2019 yil soat 04:00 larda Nukus shahar, Taxtako‘pir ko‘chasi 66-uyda yashovchi D.M. (1956 y.t.) uyida yurgan noma’lum shaxsning ovozini eshitib, u tomonga borgan vaqtda noma’lum shaxs uni qasddan o‘ldirish maqsadida ko‘krak qafasining o‘ng qismiga pichoq bilan bir marotaba urgan.

Shuningdek, noma’lum shaxs D.M. uydagilarni yordamga chaqirgan vaqtda chiqib kelgan turmush o‘rtog‘i A.Sh.ning (1961 y.t.) ko‘krak qafasining chap tomoniga pichoq bilan bir marotaba urib, voqea joyidan yashiringan.

Ayol olgan tan jarohati natijasida voqea joyida vafot etgan, uni eri shifoxonaga yotqizilgan va zudlik bilan ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.

Mazkur holat yuzasidan 08.04.2019 yilda Nukus shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatni sodir etgan shaxsni aniqlash uchun barcha zaruriy tezkor-qidiruv va tergov harakatlari amalga oshirilmoqda”

XS
SM
MD
LG