Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:34

OzodTa'sir: Farg‘onada ekilgan chigit ustiga tortilgan sellofan plyonkalar yig‘ishtirib olindi


Oltiariq tumanida 13 aprel kuni sellofan plyonka yig‘ishtirib olingan dala
Oltiariq tumanida 13 aprel kuni sellofan plyonka yig‘ishtirib olingan dala

Farg‘ona viloyatida prezident Shavkat Mirziyoev o‘tish ehtimoli bo‘lgan yo‘l bo‘yidagi maydonlarga ekilgan chigit ustiga sellofan plyonka tortilayotgani haqidagi Ozodlikning 12 apreldagi xabaridan so‘ng, 13 aprel kuni ertalab bu plyonkalarni qaytadan yig‘ishtirib olish boshlandi.

Bu haqda Ozodlikka suratlar bilan birga xabar yuborgan Oltiariq tuman suv xo‘jaligi korxonasi ishchisiining aytishicha, hokim bu tadbirni go‘yoki bu yerlarga erta bahorda plyonka ostiga chigit ekilgandek qilib prezidentga ko‘rsatish uchun tashkil qilgan edi.

Ko‘zbo‘yamachilik uchun tortilayotgan plyonka
Ko‘zbo‘yamachilik uchun tortilayotgan plyonka

Oltiariq tumani hokimligining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimining Ozodlikka aytishicha, 13 aprel kuni tuman hokimi bir qancha tashkilot ishchi-xodimlarini plyonkalarni yig‘ishtirib olishga safarbar etgan:

"Kecha bu xabar Ozodlikda chiqqanidan so‘ng, yuqoridan hokimga ancha dakki berishganga o‘xshaydi. Chunki ertalabdan, obodonlashtirish, suv xo‘jaligi va boshqa tashkilot ishchi-xodimlarini uning o‘zi boshida turib torttirgan plyonkalarni yana yig‘ishtirib olishga haydadi".

Burbonliq qishlog‘ida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan biri 13 aprel kuni yuzlab odamlar plyonkani yig‘ishtirib olayotganini ko‘rganini aytadi:

"Taxminimcha besh yuztacha odam bor edi. Sellofan plyonkani qaytadan yig‘ishtirib o‘rashyapti. Dalaning ichi chang-to‘zon, ura qilib ishlashyapti. Ertalab soat yettilarda Rishtonga ketayotganimda ko‘rdim. Mashinadagi hamrohlarim bilan tushib ko‘rdik. Kecha yopayotgan edilaring, bugun nega yig‘ishtiryapsizlar desak, eee, nimasini aytasiz, hokimning buyrug‘i deydi. Hokimning bu ko‘zbo‘yamachiligi ish bermaganini Rishtonga ketguncha askiya qilib ketdik".

12 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda fermerlardan biri bu haqda shunday degan edi:

“Kulishingni ham bilmaysan, yig‘lashingni ham bilmaysan. Kulgiligi - hozir unib chiqayotgan bu chigitga plyonka umuman kerak emas, haroratning o‘zi etarli. Yig‘lashing, esa, bu plyonkalarning xarajati yana bizning zimmamizga tushadi. Prezident ko‘zbo‘yamachlik qilmanglar, deb turgan bir paytda bular battar qiladi. Hech tushunolmay qoldim”.

  • Farg‘ona viloyatida prezident kelishidan oldin qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklar haqida Ozodlik bir necha marta xabar bergan.
  • Jumladan, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani Eshonguzar MFYdan Sizdan Telegram loyihasiga kelgan xabarda:"Prezidentimiz kelar ekan. Shu bahona birdan quvurlarda gaz paydo bo‘lib qoldi deng! Mahalla raislari Qumtepa bozori yo‘lidagi uylarni ta’mirlatib, devorlarni bir xil rangga bo‘yattirmoqda. Ko‘zbo‘yamachilik uchun yo‘llarda soxta issiqxonalar qurildi. Qashqadaryoda ham issiqxonalar qurdik¸ deb davlat rahbarini aldashgan va keyinroq yolg‘onning misi chiqqan edi. Prezidentni Farg‘onadagi yolg‘onlardan ham ogoh etib qo‘yaylik dedik...”, deb yozgan edi.
  • 2015 yilning oktabrida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Shahartepa qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan edi. O‘sha paytda mamlakat Bosh vaziri lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoevning ehtimoliy tashrifi arafasida mahalliy hokimiyat vakillari “paxtamiz hali ko‘p” deya maqtanmoqchi bo‘ldi, lekin mehmon bu hududga qadam bosmagan.
XS
SM
MD
LG