Rossiyaning Penza shahar prokuraturasi Ramazon oyi boshlangan kun mahalliy maktablarda hijob kiyishni taqiqladi.
O‘z qarorini “ekstremizmga qarshi kurash” va “voyaga yetmaganlar huquq va erkinliklarini himoyalash” bilan izohlagan prokuratura xodimlari qaror rasmiy saytdan olib tashlangani va tekshiruv ketayotganini Ozodlikka bildirdi.
Penza shahrining Oktabrskiy tuman prokuraturasi talabi bilan o‘rta ta’lim maktablari kiyimiga o‘zgartishlar kiritildi. Unda o‘quvchi qizlarga maktabga hijobda kelish taqiqlangani bildirildi.
6 may kuni Oktabrskiy tuman prokuraturasi e’lon qilgan qarorga ko‘ra, maktab kiyimlari to‘g‘risidagi nizomda diniy kiyim-kechak kiyish, jumladan hijob o‘rash, diniy bosh kiyimlar va diniy simvolika yo belgilar bilan davlat o‘quv muassasasiga kelishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq qo‘yilmagan.
“Ekstremistik faoliyatga qarshi kurash asosiy tamoyillarini bajarish hamda voyaga yetmaganlar huquq-erkinliklarini himoyalash maqsadida bu umumta’lim o‘quv tashkilotlari direktorlariga tuman prokurori tomonidan taklif kiritildi, ular ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. O‘quvchilar tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan talablar qonunchilikka mos tarzda qo‘yildi”, deyilgan edi rasmiy xabarda.
Tuman prokuraturasining bu tashabbusi darhol ommaviy axborot vositalari va huquq himoyasi tashkilotlari e’tiborini o‘ziga tortdi va katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Tuman prokuraturasining hijob masalasidagi qarori Penza shahar prokuraturasi saytida paydo bo‘ldi, biroq biroz vaqtdan keyin olib tashlandi.
Hisobotda prokuratura tekshiruv o‘tkazgani va 12 nafar maktab xodimi intizomiy jazoga tortilgani bildirildi.
Ozodlik bu masalada qilgan rasmiy murojaatiga Penza tuman prokurori katta yordamchisi Svetlana Artamonovadan rasmiy javob oldi.
Prokuratura vakilasi bu qaror xatolik bilan rasmiy saytga chiqib ketgani va tortishuvlarni keltirib chiqarganini bildirdi:
- Hozirda biz voyaga yetmaganlar huquqlarini bajarish asosida maktablarda tekshiruvlar olib borayapmiz. Chunki maktablarda o‘quv yili tugayapti, bolalar yozgi lagerlarga olib chiqiladi. Biz bu haqda ma’lumotni muddatdan oldin joylashtirib qo‘yibmiz – rahbariyat uni olib tashlashni buyurdi, ammo u tarmoqqa tarqab ketdi. Bu masalada tekshiruv ketayapti. Aslida u yerda gap pravoslavlarning ustki uzun kiyimlari va ro‘mollari, yahudiylar kipasi, buddiylar o‘ranadigan kiyimlar haqida ham ketayapti, faqat hijobmas. Ya’ni, maktab formasiga bo‘lgan barcha talablar bajarilishini tekshiryapmiz, -dedi prokuratura vakilasi Svetlana Artamonova.
Prokuratura rasmiysi Rossiya federal qonunchiligi davlat ta’lim muassasalarida dunyoviy ta’lim tamoyillariga tayanishi va unda diniy masalalar aks ettirilmaganiga e’tibor qaratdi.
Bu hodisadan oldinroq Tataristonning Qozon shahar politsiyasi hijobga o‘rangan maktab o‘quvchi qizlari va ularning oila a’zolari borasida ma’lumot taqdim qilish talabi bilan mahalliy maktab ma’muriyatlariga murojaat yo‘llagani to‘g‘risida xabar chiqqan edi.
Huquq himoyachilari tartibot organlarining bunday talablari Konstitutsiyaning vijdon va din erkinligi tamoyillarini buzayotgani to‘g‘risida gapirib kelmoqda.
Ozodlik O‘zbekistonda ham ro‘moli yechtirilgan qizlar o‘qishga qo‘yilmayotgani holatlari borasida xabar bergandi.
Prezident Mirziyoev farmoni bilan tashkil qilingan Toshkentdagi Xalqaro Islom akademiyasida talabalar ro‘molini yechishga majburlangani haqida videolavha tayyorlangandi.