Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:46

OzodTa'sir: Prezidentga ko‘z-ko‘z qilish uchun olib ketilgan mebellar poliklinikaga qaytarildi


Olmaliq markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalari
Olmaliq markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalari

Prezident Shavkat Mirziyoevning Bo‘kaga qilgan 1 iyun kungi tashrifi arafasida Olmaliq shahridagi Markaziy ko‘ptarmoqli poliklinikadan 25 may kuni Bo‘ka tumanidagi Bo‘ston qishloq vrachlik punktiga "ijara"ga olib ketilgan mebellar Ozodlik maqolasidan so‘ng poliklinikaga qaytarildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan vrachlarning aytishlaricha, 18 iyun kuni maqola e’lon qilinganidan so‘ng, o‘sha tun soat 2da ikkita yuk mashinasida mebellar Bo‘kadan olib kelingan.

Mebellar poliklinikaga qaytarildi
Mebellar poliklinikaga qaytarildi

​Ismi sir qolishini so‘ragan vrachlardan birining aytishicha, 19 iyun kuni ertalab ishga kelganida, u kabinetida bir oy avval olib ketilgan mebellarni ko‘rgan:

"Ertalab ishga kelsak, hamma mebel joy-joyida. Kechasi soat 2da olib kelib, qorovullar va yuk tashiydigan odamlar bilan bo‘sh xonalarga tiqib tashlashibdi. Ertalab soat oltilarda ishga kelgan sanitarkalarga buyurtirib, xonalarga taqsimlab chiqishibdi. Endi bemorlarni qiynamasdan qabul qilsak bo‘laveradi, sizlarga rahmat".

Mebellar poliklinikaga qaytarildi
Mebellar poliklinikaga qaytarildi

​Ozodlik 18 iyun kuni prezident tashrifi arafasida Olmaliq shahridagi markaziy ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikadan Bo‘ka tumanidagi Bo‘ston qishloq vrachlik punktiga uch yuk mashinasida olib ketilgan mebellar haqida yozgan edi:

“Bo‘ka tumanining Bo‘ston qishloq vrachlik punktini prezident kelishiga zamonaviy qilib ko‘rsatish uchun poliklinikamizning yangi mebellarini olib ketishgan edi. Prezidentimizga ko‘zbo‘yamachilik qilib ko‘rsatish uchun. Lekin prezidentimiz u QVPga kirmasdan yonidan o‘tib ketgan. Bemorlarni yotqizib ko‘radigan yap-yangi kushetkalar, shkaflar, stol-stullarni olib ketishgan edi. Qirilgan, sirilgan qilib yarmini qaytarib olib kelishdi. Ammo yarim mebelimiz hali ham qaytgani yo‘q. Bemorlarni tik turgan holda qabul qilayapmiz”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatiga joriy yilning 1 iyun kuni borgan edi.

O‘shanda Bo‘ka tumanidagi “Sarkor” fermer xo‘jaligi rahbari dala shiyponiga olib boradigan dala o‘rtasidagi yo‘lga kafel yotqizib chiqilgan va prezident shu yo‘ldan yurib o‘tgan edi.

Prezident ko‘zbo‘yamachilikni yoqtirmasligini aytgan bo‘lsa ham, mamlakatda u boradigan joylardagi holatni aslidan bo‘rttirib ko‘rsatish davom etmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga prezident tashrifi arafasida besh nafar ayolga kottej sovg‘a qilib, so‘ngra ularni chiqarib yuborgan mutasaddilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.

O‘zbekiston prezidentining 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida "uy berildi" deb TVda ko‘rsatilgan 35 yashar Xurshida Tillaeva Ozodlikka aslida hech qanday uy olmaganini aytib bergan edi.

Ayni paytda Ozodlikka har bir viloyatda prezident borishi kutilgan ob’ektlarni yasatishga tashlanadigan "gastroler texnika va maishiy uskunalar"¸ shuningdek prezident bilan uchrashishga obdon hozirlangan "xalq vakillari" borligi haqida kelayotgan xabarlar ko‘payib bormoqda.

XS
SM
MD
LG