O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Moskvada Butunrossiya xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasining (VDNX) ta’mirlanayotgan “O‘zbekiston” pavilionini 10 iyulda borib ko‘rdi.
Kreml ma’muriyati O‘zbekiston bosh vaziri inshootning tantanali ochilishiga kelayotgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.
Kuzatuvchilar 1950- yillarda O‘zbekiston qurgan bu pavilionning asl egasiga qaytarilishini siyosiy va iqtisodiy sabablar bilan izohlamoqda.
10 iyulda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Moskvaga rasmiy tashrif bilan keldi.
Avvaliga Rossiya hukumatining rasmiy saytida Abdulla Aripov Rossiya vitse-premyeri Olga Golodets bilan birga VDNX ko‘rgazmalar markazidagi “O‘zbekiston” pavilionining tantanali ochilishida ishtirok etishi xabar qilingan edi.
Ammo, 10 iyul kuni VDNX matbuot xizmati xodimi ochilish marosimi bo‘lmasligini ma’lum qildi:
- 66-chi pavilion ochilishi haqida bizda hech qanday ma’lumot yo‘q. Hukumat rahbarlari u yerga ta’mirlash ishlarini qanday borayotganini ko‘rish uchun kelganini bilaman. Pavilyon ochilishiga hali erta – ichkarida restavratsiya ishlari davom etayapti.
VDNX rahbariyati pavilion ichidagi restavratsiya ishlari Rossiya Madaniyat vazirligi hisobiga olib borilayotganini ma’lum qildi. Ma’lum bo‘lishicha, uzoq yillar davomida qarovsiz qolgan inshootning fasadi va rotondalari ham ta’mirga muhtoj. Binoning tashini restavratsiya ishlari O‘zbekiston hukumati hisobiga amalga oshirilishi aytildi.
VDNX - siyosiy va iqtisodiy loyiha
VDNX Rossiyaning iqtisodiy yutuqlarini ko‘z-ko‘z qiluvchi ko‘rgazma markazi hisoblanadi.
Sovet davrida bu ko‘rgazma sotsialistik blok yutuqlarini tarannum etardi. "O‘zbekiston" pavilioni VDNXda Stalin buyrug‘i bilan Sharof Rashidov boshchiligida qurilgan hashamatli binodir.
Sovet Ittifoqi parchalandiyu 66-raqami bilan tanilgan «O‘zbekiston» pavilioni Rossiya tasarrufiga o‘tib ketdi.
Endilikda bu yerda yana O‘zbekiston pavilionini ochmoqchilar. Aynan shuning uchun Moskvaga kelgan Abdulla Aripov ko‘rgazmada borayotgan ta’mirlash va restavratsiya ishlarini shaxsan ko‘zdan kechirdi.
O‘zbekistonlik sobiq diplomat va dissident Alisher Taksanovning ishonishicha, Rossiya O‘zbekistonga eski pavilionni "qayta sovg‘a qilishi" bilan siyosiy manfaatlarni ko‘zlamoqda:
- Bu amal negizida nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy masala ham yotadi. Rossiya siyosiy sahnada xalqaro hamjamiyat orasida safdoshlarini yo‘qotayotgan, sobiq Ittifoq davlatlari ko‘magida muhtojlik sezayotgan, ko‘rinadi. Gruziya, Ukraina ketdi, demak shu tariqa qolganlarni o‘ziga tortish kerak. Ijaraga berish kabi, ta’bir joiz, bunday sadaqa, Putin fikricha, O‘zbekistonni Rossiyaga yaqinlashtiradi. Qolaversa, Rossiyada 3 milliondan ziyod o‘zbekistonlik ishlamoqda va bu holat O‘zbekistonning Rossiyaga muhtojligini yaqin kelajakda saqlab qoladi. Demak, Rossiyadan boshqa takliflar bo‘lishi mumkinligini kutish mumkin.
O‘zbekistonning VDNXdagi ilk vaqtinchalik yog‘och pavilioni 1939 yilda paydo bo‘lgani, 1954 yilda Stalin buyrug‘i bilan doimiy pavilion ochilgani ma’lum.
Aksar postsovet davlatlarida SSSR va Rossiyaning imperiyaviy iddaolarini tamsil qiluvchi ramzlar taqiqlangan. Xususan¸ Ukraina 2014 yilda VDNXdagi o‘z nomidagi paviliondan voz kechgan.
2013 yilda O‘zbekiston VDNX hududida o‘ziga ajratilgan paviliondan voz kechgan edi. O‘shanda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu pavilionni 50 yilga yiliga ramziy 1 rublga ijaraga berishni taklif etgandi. Lekin bu taklifni Islom Karimov rad etgan edi.
Putinning sobiq ittifoqni qayta tiklash ambitsiyalari kuchayishi ortidan 2013 yilda 520 gektarlik bu hududga yana sovetcha VDNX nomi qaytarildi.
90- yillarda O‘zbekiston tasarrufidan chiqarilgan bu inshoot 2019 yilda Rossiya va O‘zbekiston davlat rahbarlarining Urganchdagi uchrashuvida yana qayta O‘zbekistonga topshirilgani aytilgandi.
2019 yilning 30 mayida Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida VDNX ekspozitsiya markazi hududidagi 66-chi pavilionda “O‘zbekiston Respublikasi ko‘rgazma-madaniy markazi” ochilishi va u O‘zbekistonga 49 yilga ijaraga berilishi kelishilgan edi.
VDNX rasmiysining Ozodlikka bildirishicha, "O‘zbekiston" pavilioni shu yilning oktabrida ochilishi rejalashtirilmoqda.
***
Bosh vazir Abdulla Aripovning Moskva safarida unga O‘zbekiston iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jaev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar vaziri Shuhrat Sodiqov, Energetika vaziri o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudovlar hamrohlik qildi.
O‘zbekiston hukumati rahbarining Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki vazir davlatlararo savdo, iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar masalalarni muhokama qilgani aytildi.
Abdulla Aripov shu kuniyoq kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonovga qarashli Mail.ru Internet kompaniyasining Moskvadagi bosh ofisida bo‘ldi. O‘zbekiston Bosh vaziri Moskva viloyatining Mintaqani boshqarish markazida, Rossiya Federal soliq qo‘mitasida bo‘ldi.