Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:27

Zarafshonda marafonga chaqirtirilgan bog‘cha opalarga ko‘cha supurtirildi


O‘zbekistonda ta’lim xodimlarining sohaga aloqasi bo‘lmagan turli-tuman ishlarga jalb etilgani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.
O‘zbekistonda ta’lim xodimlarining sohaga aloqasi bo‘lmagan turli-tuman ishlarga jalb etilgani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

Navoiy viloyati Zarafshon shahrida maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari marafon tadbiriga deb chaqirtirilib, ko‘cha supurishga majburlanganliklari haqida Ozodlikka arz qildi.

Navoiydagi bolalar bog‘chalaridan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini istagan tarbiyachisi 15 iyul kuni shahardagi boshqa ta’lim xodimlari bilan birga Yangi Zarafshon mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tozalash ishlariga jalb etilganini aytdi.

- O‘sha kuni "marafon sport musobaqasi bo‘ladi, sport kiyimida kelinglar", deb aytishdi. "Bog‘chada bitta tarbiyachi qoladi, qolganlar hamma marafon sport tadbiriga", dedi. Borganimizdan keyin hammamizni Yangi Zarafshon MFY hududiga olib borib ko‘cha supurtirdi, - dedi zarafshonlik bog‘cha tarbiyachisi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan zarafshonlik boshqa bog‘cha tarbiyachisining aytishicha, shaharda ta’lim xodimlari obodonlashtirish ishlariga muntazam jalb etiladi, mehnatdan bosh tortgan bog‘cha xodimlariga ishdan haydash bilan tahdid etiladi.

- Markaziy kon boshqarmasiga qarashli maktabgacha ta’lim maskanlari bor, ularni obodonlashtirishga olib chiqmaydi, faqat byudjetdagilarni olib chiqadi. Yo‘lkira o‘zidan, obed o‘zidan, qaysi hududga olib chiqishidan qat’iy nazar, - deydi zarafshonlik bog‘cha tarbiyachisi.

Ozodlik bog‘cha tarbiyachilarining majburiy mehnatga jalb etilgani yuzasidan Zarafshon shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga bog‘landi.

O‘zini bo‘lim rahbarining yordamchisi deb tanishtirgan mulozim ta’lim xodimlarining turli ishlarga jalb etilayotganidan bexabarligini aytdi.

- Bizda har hafta sog‘lomlashtirish kuni bo‘ladi. Shu kuni xodimlarimiz badantarbiya qiladi. Sog‘lomlashtirish kuniga badan tarbiya qildirish ham majburlash hisoblanadimi? O‘zini sog‘ligi uchun gimnastika bajarsa majburiy mehnatmi?, - dedi Zarafshon shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimi.

O‘zbekistonda ta’lim xodimlarining sohaga aloqasi bo‘lmagan turli-tuman ishlarga jalb etilgani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

Ko‘chalarni tozalash va boshqa “jamoatchilik” ishlari, jumladan, supurish, ko‘cha bo‘yi va istirohat bog‘lariga gul ekish va ularni chopiq qilish, ariq va zovurlarni tozalash O‘zbekistonda majburiy mehnatning paxta terimidan keyingi eng keng tarqalgan ko‘rinishlaridan hisoblanadi.

Garchi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2018 yilning 10 mayida “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarorni qabul qilgan esa-da, byudjet tashkilotlari xodimlari majburiy mehnatga jalb etilayotgani borasida Ozodlikka tez-tez shikoyat xatlari kelishda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG