Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:16

Namanganda "qabriston aksiyasi"ni uyushtirgan faollar IIBda so‘roq qilindi


Namangandagi norozilik tadbiri
Namangandagi norozilik tadbiri

Namangan shahar, Gulobod mahallasi aholisi norozilik aksiyasi o‘tkazganidan bir kun o‘tib, aksiya ishtirokchilaridan 4 kishi 9 avgust kuni IIBga olib ketildi va har biridan tushuntirish xati olindi.

Shahar IIB vakili gulobodliklarning IIBga olib ketilishini "rejadagi profilaktik suhbat", deb atadi.

8 avgust kuni uch yuzga yaqin odam qabriston uchun ajratilgan yer qariyb 4 marta torayib ketganidan norozilik tadbiri o‘tkazgan edi.

Ozodlik mobil muxbirining aytishicha¸ ular IIBga erta tongda olib ketilgan:

- Tadbirni uyushtirgan faollar: Abdumalik Ergashev¸Tohirjon Usmonov¸ Ruhiddin Murodov va Jaloliddin O‘tamirzayevni 9 avgust kuni ertalab soat 6 da uchastka noziri kelib uyidan olib ketgan. Ular mikrorayondagi ikkinchi IIBga olib ketilib, har biridan tushuntirish xati yozdirib olib o‘sha kuni uyiga qo‘yib yuborishdi.

Ozodlik IIBga olib ketilganlardan biri, Gulobod mahalla faoli Abdumalik Ergashev bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, IIB xodimlari nega ruxsatsiz miting uyushtirding, deya “tirishtirgan”, ya’ni ular ruxsatsiz miting o‘tkazish va aholini mahalliy mulozimlarga qarshi qo‘yishda ayblangan:

- Xolbuki men namoyish o‘tishidan oldin hokimiyatga bildirib qo‘yganman. Jasurbek degan uchastkavoyga¸ G‘ulom aka degan mahalla komitetga¸ hammasi bo‘lib uchta mahalla komitetga bildirib qo‘yganman. Qolaversa, Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning yordamchisiga shaxsan aytganman. Xo‘b-xo‘b deb qo‘yishgan. Endi esa, nega ruxsatsiz xalqni ko‘chaga olib chiqding, deb tirishtirib o‘tiribdi. Yana olib chiqaman desam¸ meni savol-so‘roq qilganning orqasida turgan odam yaxshi muomala qilib hayit kunlari chiqmay turinglar deb iltimos qildi.

"O‘zimni yoqaman"

Gulobod mahalla faoli Abdumalik Ergashevning yana aytishicha¸ shahar hokimligi vakillari kelib qabriston devorini 50 metr surib kengaytirib berishga va’da qilishgan:

- Mayli, 15 kun kutaman dedim. Agar 15 kun ichida hokim aytganidek qabriston devorini 50 metrga jildirmasa ustimga 20 litr benzin quyib o‘zimni namoyishkorona yoqib yuboraman. Jonimga tegdi bularning va’dasi! Namoyishga kelib el dardini tinglashga qo‘rqadigan hokimning va’dasiga ishonmayman.

"Shunchaki profilaktika"

Namangan shahar IIB vakilining aytishicha¸ 9 avgust kuni Gulobod mahallasidagilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan va ularga nisbatan jinoiyat yoki ma'muriy huquqbuzarlik ishi ochilmagan:

- Reja asosida ma’muriy nazoratga olingan va profilaktik hisobda turgan Gulobod mahallasidagi shaxslar bilan kunlik profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Bu suhbat uchastka nozirining ish rejasida oldindan belgilangan. Bu suhbat “Hurmatxon aya” qabristonidagi voqea bilan bog‘liq emas, - dedi o‘zini IIB navbatchisi deya tanishtirgan zobit.

Ozodlik Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazzoqovning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildi. Telefonni ko‘targan hokim Ozodlkdan ekanimizni bilib, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Namoyish

8 avgust kuni Namangan shahar, Gulobod mahallasida uch yuzga yaqin odam qabriston uchun ajratilgan yer qariyb 4 marta torayib ketganidan norozilik aksiyasi o‘tkazgan edi.

Mahalla vakillarining aytishicha, qabriston uchun 1994 yili 8,5 gektar ajratilgan edi. Bugungi kunda mozor maydoni 2,5 gektardangina iborat bo‘lib qolgan.

2017 yildan buyon qabristonga ajratilgan yerning qolgan 6 gektariga issiqxonalar, tovuqxonalar va ma’muriy binolar qurilgan.

XS
SM
MD
LG