Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:38

11 farg‘onalik Xabarovskda ishlagan $11 000 pulini o‘rtakash yurtdoshidan ololmayapti


Farg‘onalik 11 mehnat muhojiri 11 ming dollar ish haqini o‘zlashtirib yuborganlikda o‘z yurtdoshini ayblamoqda.

Ular bir yildan buyon o‘zlari yashaydigan Bag‘dod tuman prokuraturasiga, ichki ishlar bo‘limiga, tuman sudiga murojaat qilgani, biroq hech qanday naf bo‘lmaganidan Ozodlikka arz qildi.

11 mehnat muhojirining arizasi yuzasidan dastlabki surishtiruvni o‘tkazgan uchastka nozirining Ozodlikka aytishicha, arizachilar Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudiga murojaat qilishi kerak.

Farg‘ona viloyat, Bag‘dod tuman, Cho‘rindi qishlog‘ilik 11 yigit 2018 yili 3 oy davomida Rossiyada ishlagan.

Yigitlardan birining Ozodlikka aytishicha, ularni U.I. ishga yollagan va 11 ming AQSh dollari miqdoridagi ish haqini o‘zlashtirib yuborgan.

11 kishi nomidan 14 avgust kuni Ozodlikka murojaat qilgan Doniyor Mamasiddiqov vaziyatni quyidagicha tasvirladi:

- Ketishimizda u aka bilan og‘zaki gaplashganmiz – har birimizga 35 ming rubldan oylik va’da qilgan. May oyining 13 kuni Qozongacha poyezdda bordik, ammo u yerda ishimiz o‘xshamadi va bizni Xabarovskka olib ketdi. U yerda 3,5 oy neftebazada qurilishda ishladik, o‘rmon o‘rtasida uy qurdik. Lekin u yerga politsiya bormas ekan – hujjat qilish ham shart emas, dedi. Shunga ham ko‘nib ishladik. 3 oydan keyin dokumentimiz yo‘qligi uchun chiqib ketishga majbur bo‘ldik. U bizga faqat bir oyligimizni berdi, u ham samolyotga biletga ketdi. Qolganini keyin beraman dedi.

10 hamqishlog‘i qatorida o‘zi ham haqini ololmayotganiga bir yildan oshgan Doniyorning so‘zlariga ko‘ra, ularga brigadirlik qilgan U.I. asli qo‘shni qishloqdan va hozirda bemalol O‘zbekistonda yashab yuribdi.

O‘zbek muhojirlari arizasi nusxasi
O‘zbek muhojirlari arizasi nusxasi

O‘zbekistonga qaytgach, Doniyor Mamasiddiqov haqini undirib berishni so‘rab, Bag‘dod tuman prokuraturasiga 2019 yilning iyunida murojaat qilgan.

Tuman prokurori Sh.M.Nazarov mehnat muhojirlari arizasini unda “ko‘rsatilgan vajlar har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishini ta’minlash”ni so‘rab iyun oyining o‘zida Bag‘dod tuman Ichki ishlar bo‘limiga yuborgan.

Biroq, Doniyorning aytishicha, Bag‘dod tuman Ichki ishlar bo‘limi ularning qilgan arzini ko‘rib chiqishni boshlagan, lekin arizachilarning pulini yeb ketgani aytilayotgan U.I. ustidan jinoyat ishi ochish talabini rad etgan:

- Militsiyaxonaga hammamizni chaqirtirdi. U yerda qarzdor uchastkovoy oldida “Ishlab-ishlab beraman, bittadan qutulaman”, dedi. Bizga to‘g‘ri kelmadi. Shundan keyin qarzdor “Unda bilgan joylaringga borib arz qil!”, dedi.

Bag‘dod tuman Ichki ishlar bo‘limi rasmiy javobi
Bag‘dod tuman Ichki ishlar bo‘limi rasmiy javobi

Ozodlikning nima sababdan o‘zbek muhojirlari shikoyati bo‘yicha jinoyat ishi ochilmayapti, degan savoliga Bag‘dod ichki ishlar bo‘limi navbatchi ofitseri bunday dedi:

- Tergov jarayonida ayblovlar tasdig‘ini topmagan bo‘lsa kerakki, tergov shunday qaror qabul qilgandir. Bu yigitlar qonunga muvofiq avval prokuraturaga yozgan, keyin ishi ichki ishlarga o‘tkazilgan. Ya’ni hammasi prokuror nazoratida! Demak, prokuratura ham ishni asosli emasligini tasdiqlagan.

Bag‘dod tuman IIB 11 kishining arizasi bo‘yicha, U.I. ustidan jinoyat ishi ochmagach, arizachilar Jinoyat ishlari bo‘yicha Bag‘dod tuman sudiga murojaat qilgan. Biroq sud IIB o‘tkazgan dastlabki surishtiruv xati yo‘qligini ro‘kach qilib, yigitlarning arizasini qabul qilmagan.

- Sudga murojaat qilsak, uchastkovoy tomonidan tekshirish to‘g‘risida hujjat bo‘lishi kerak ekan, qabul qilmadi arizamizni, - dedi 11 yigit vakili.

Aniqlanishicha, muhojirlar masalasi yuzasidan dastlabki surishtiruvni Ichki ishlar bo‘limining Murodjon ismli uchastka noziri olib borgan. Uning 14 avgust kuni Ozodlikka aytishicha, dastlabki surishtiruv ishlari yakunlangan va ishchilar tomonidan ayblanayotgan U.I. harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani bois, masala fuqarolik ishi tartibida ko‘rishga oshirilgan:

- O‘rtada kelishuv bo‘lgan. Ikkala tomon Rossiyada kelishgan. Boshqa qishloqlik U.I. beraman degan pulni. Qarzi borligi tasdiqlanayapti, fuqarolik sudi tartibida pulini undirib berilishi lozimligi to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Rishton tuman tumanlararo fuqarolik sudiga borishlari kerak. Eng asosiysi – ular aytayotgan gaplar hujjatlashtirilmagan, og‘zaki bo‘lgan. Uni tekshirish qiyin, - dedi uchastka noziri.

Bag‘dod tumanida fuqarolik ishlari bo‘yicha sud yo‘q, bu tuman aholisi ishlari Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudida ko‘rib chiqiladi.

Bag‘dodlik yigitlar endi adolat izlab Rishtonga bormoqchi.

Ozodlik Cho‘rindi qishlog‘ilik 11 yigitning pulini yeb ketgani aytilayotgan U.I. bilan ikki kun davomida bog‘lanishga urindi. Biroq u qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Ayni paytda...

Rossiya Bosh prokuraturasi Akademiyasi olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatda yil sayin xorijliklar sodir etayotgan jinoyatlar soni kamayib borayotgani qaydga olingan bo‘lsada, xorijliklarning o‘z vatandoshlariga nisbatan sodir etgan jinoyatlari ko‘lami kengayib bormoqda.

XS
SM
MD
LG