Xivaliklar "Chang bozor" deb ataydigan “Xiva universal savdo kompleksi” 2018 yilning avgust-sentabr oylarida buzib tashlandi. "Chang bozor"da ishlagan tadbirkorlarga buzilgan do‘konlari o‘rniga va’da qilingan yer va kompensatsiya to‘lovlari berilmayapti. Chang bozor o‘rnida "Lokomotiv" parki qurilmoqda.
Tadbirkorlardan olingan bu ma’lumotni Xiva shahar hokimi Sobir Jumaniyozov tan oldi va bozorchilarga yer beriladi va kompensatsiya masalasi 28 avgustda ijobiy hal etiladi, deb ishontirdi.
O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 25 apreldagi qaroriga muvofiq, Xiva shahri buyum bozori o‘rnida istirohat bog‘i qurish to‘g‘risidagi qaror 2017 yilda qabul qilingan va Chang bozor yerlari davlat hisobiga o‘tkazilib, o‘rnida "Lokomotiv" bog‘i quriladigan bo‘lgan.
Chang bozorda ishlagan, ismi ochiqlanishidan cho‘chiyotgan tadbirkorlardan birining aytishicha, u ishlagan bozor shahar chetidagi Sangar mahallasiga, chang bosgan maydonga ko‘chirilgan:
- Prezident qarori bilan qurilayotgan “Lokomotiv” parki o‘rnida bizning bozorimiz bo‘lgan. Buzishga 6 oy qolganida kelib, do‘konlarimizni snos bo‘ladi deyishdi. Eski hokim muovini Ulug‘bek va viloyat bozorlar uyushmasi raisi Shavkat Razzoqov “O‘rniga yer beriladi!”, deyishdi. Bu 2018 yilning bahor boshlarida bo‘ldi. Bizlarni esa Sangar mahallasidagi konteynerlarga, chang maydonga chiqarib tashlashdi.
Tadbirkorning aytishicha, Xiva sobiq hokimi Yaqubov va “Xiva Universal savdo kompleksi” hissadorlik jamiyati raisi Ganja Tojiyev Sangar mahallasiga ko‘chirilgan 300 ga yaqin tadbirkorga o‘z biznesini qayta tiklash uchun kompensatsiya to‘lovlari ajratilishini va’da qilgan.
Tadbirkorlar Chang bozor buzilganidan buyon o‘z haqini undirishga harakat qilar ekanlar, "yurist bo‘lib qolishganini", ular tortgan zarar Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi» to‘g‘risidagi Nizomining 26-bandiga muvofiq to‘liq qoplanishi kerakligini, lekin hanuz natija yo‘qligini aytishdi.
27 avgust kuni Ozodlik savollariga javob bergan Xiva shahar hokimi Sobir Jumaniyozov yaqin kunlarda shikoyat qilayotgan bozorchilarning yer va kompensatsiya masalasi ijobiy hal etilishiga ishontirib, dedi:
- Ularning faoliyat joyida bog‘ qurilgan. Ularga boshqa joydan yer beramiz deb va’da qilingan. Mulklarini o‘zlari buzib olgan. Ertaga 28 avgust kuni soat 11 da aksionerlik jamiyati yig‘ilishi bo‘ladi. Unda ularga yer ajratib beriladi. Yig‘ilishda yana boshqa masalalar ko‘riladi. Ertaga bu masalaga konkret nuqta qo‘yilib, hal bo‘ladi!
Hokim Sobir Jumaniyozovning qo‘shimcha qilishicha, savdogarlarga avvalroq yer ajratib berilgan, lekin ularga ajratilgan yer yoqmagan:
"Endi ular iltimos qilgan yerdan joy ajratib berilayapti. Yer beriladi! Kompensatsiya masalasida esa o‘zlari bilan individual hal etiladi, chunki vaziyat har xil. Aksionerlik yig‘ilishida bu ham hal etiladi.
Joriy yilning aprel oyida ham hokim Sobir Jumaniyozov tadbirkorlar ishini ijobiy hal etishga va’da bergan edi.
Ayni paytda, tadbirkorlar masalaning boshqa bir muhim jihatiga e’tibor qaratilishini so‘ramoqda. Ularning aytishicha, Sangarda qurilayotgan yangi do‘konlar tadbirkorlarga 51 700 000 so‘mdanga majburan sotilishi aytilmoqda.
Savdogarlarning bu gapini sharhlar ekan Xiva shahar hokimi Sobir Jumaniyozov , bunday dedi:
- Do‘konlarning majburan sotilishi - noto‘g‘ri informatsiya! Bu yerda haqiqatan bozor qilinib, magazinlar qurilgan. Bozor bitishi bilan do‘konning narxi 51 millionga tushib turibdi. U yerlarni xohlagan odam sotib oladi – hech kimni majburlash yo‘q. Buning ularga aloqasi yo‘q.
- Ozodlik Xivaning tarixiy mavzesi - Ichan-Qal’aga yaqin bo‘lgan joyga temir vokzali qurilib, uning yoniga “Lokomotiv” parki qurilayotgani borasida xabar bergan edi.
- Rasmiy ma’lumotlardan “Xiva-Lokomotiv” istirohat bog‘i 10 gektar yerda joylashgan bo‘lib, unda 27 turdagi attraksion, 0,5 gektarli sun’iy ko‘l, 500 kishilik amfiteatr, 3ta musiqali fontan, zamonaviy savdo rastalari va ko‘ngilochar maskanlar ishga tushirilishi rejalashtirilgani ma’lum.
- Shuningdek buzilgan Chang bozor o‘rnida quriladigan parkda 2500 dekorativ daraxt va butalar, 15 turdagi gullar ekilishi aytilgan.
- Qurilish ishlarini olib borayotgan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” hissadorlik jamiyati bu atrofda sayyohlar uchun 3 mehmonxona ham qurayotganini ma’lum qilgan.
- Bundan oldinroq Ozodlik Xiva ramzlaridan biri sanalgan Al-Xorazmiy bronza monumentining Ichan-Qal’a darvozasi oldidan yo‘qolib qolgani va yangi joyga ko‘chirilishi to‘g‘risida xabar qilgan edi.