Ozodlikka bir-biridan mustaqil xabar yo‘llagan farg‘onaliklarning aytishicha¸ Qo‘qonda o‘tkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik ishlariga byudjet tashkilotlari xodimlaridan tortib to o‘quvchi qizlargacha majburan jalb etilmoqda.
Bir oydan beri to‘xtovsiz borayotgan bu hozirlik ishlari¸ ayniqsa¸ shu kunlarda qizg‘in tusga kirgan. Ishdan haydalish tahdidi bilan Qo‘qonga yuborilayotgan yuzlab oliy ma’lumotli iqtisodchi va moliyachi¸ bankir va yurist festival o‘tadigan hududdagi binolar fasadini bo‘yamoqda¸ suvsiz ko‘chalarga gul ekmoqda¸ ko‘cha tozalamoqda.
1000 nafarga yaqin talaba va o‘quvchi qiz esa¸ prezident va xorijlik mehmonlarga taqdim etiladigan konsert-tomoshasida fon bo‘lish uchun jaziramada ta’tilga chiqarilmasdan bir oydan beri massovkaga qatnamoqda.
Ozodlik bog‘langan Qo‘qon hokimligi rasmiysi¸ 10 sentabr kuni boshlanadigan festivalga tayyorgarlikning to‘xtovsiz davom etayotganini bildirdi¸ ayni paytda farg‘onaliklarning bu jarayonda ko‘ngilli ravishda qatnashayotganini iddao qildi.
Bankir va yurist Qo‘qondagi uy va do‘konlar fasadini bo‘yamoqda
Ozodlik gaplashgan farg‘onaliklar o‘zlarining Moliya boshqarmasi¸ Pensiya jamg‘armasi va bank xodimi ekanini aytdi.
Ishdan haydalish tahdidi bois shaxsini ochiqlamagan bu xabarchilar¸ davlat idoralarida ishlovchilarning¸ hatto¸ Mustaqillik bayrami kunlari ham Qo‘qondagi “obodonlashtirish” ishiga majburlanganini bildirdi:
“1 sentabr xalqimizning, yurtimizning eng buyuk bayrami bo‘lishiga qaramay, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev viloyatdagi barcha idora va tashkilot xodimlarini Qo‘qon shahrida majburiy mehnatga jalb etdi. Qo‘qon "Xalqaro xunarmandlar festivaliga" tayyor bo‘lmaganligi sababli, barcha tumanlardagi Obodonlashtirish, Yo‘l qurilish, Bank, Moliya, Qurilish tashkilotlari, Soliqchilar va maktablarni olib kelib 1 sentabrdan 4 gacha tunu kun shu yerda ishlashni topshirdi. Biz qachon dam olamiz, shunday ulug‘ bayramda xam qora mehnat qilsak, oila davrasida dam olmasak, bu axir qanday zamon bo‘ldi! Prezidentning majburiy mehnatni yo‘q qilish xaqidagi gaplari shunchaki balandparvoz gaplar xolosmi, yoki G‘aniyev prezidentni mensimaydimi?”
Pensiya jamg‘armasining viloyat tumanlaridan biridagi xodimi ¸ o‘zi va hamkasblarining asosiy ishini qo‘yib¸ bir oydan beri 30-40 kilometrga tekin “mardikorlik”ka yuborilayotganini aytdi:
“Boshliq buni tuman hokimi buyurdi desa¸ tuman hokimi buyruqni viloyat hokimi G‘aniyev berganini aytgan. Har bir tashkilotga faloncha odam yuborasan¸ deb topshiriq berilgan. Har bir tumanga esa¸ Qo‘qonning festival o‘tkaziladigan¸ mehmonlar ko‘zi tushadigan ko‘cha va maydonlarini bo‘yash¸ tozalash¸ gul ekish uchun alohida maydon bo‘lib berilgan. Oliy ma’lumotli bankir¸ huquqshunos va moliyachilar birovlarning uyini bo‘yadik¸ suv yo‘q yerlarga ko‘chat o‘tqazib chiqdik. Eng qizig‘i¸ bu hududlardan bir necha metr ichkariga o‘tsangiz¸ hamma yoq dabdala”.
Mahallalarga ham "jon solig‘i" solindi
Ozodlikka xabar yo‘llagan yana bir farg‘onalikka ko‘ra¸ butun Farg‘ona bo‘ylab mahalla raislariga o‘z hududida yashovchi ayollardan kuniga kamida uchtasini Qo‘qonga yuborish haqida og‘zaki buyruq berilgan:
“Mahalla raislari esa yana borib kam ta’minlangan oilalardagi ayollarga bosim qilayapti. Bundaylarga nafaqa berish har 6 oyda qayta ko‘rib chiqiladi va rais Qo‘qonga ko‘cha-ko‘ylarni tozalashga odam bermagan oilalarni¸ yordamning uzilishini aytib¸ qo‘rqitayapti. Har yili paxta mavsumida boshlanardi bunaqa bosimlar. Bu yil paxtadan oldin festivali chiqti. Bolasiga mahalladan yordam olayotgan ayollarni har kun hokimlik binosi oldida to‘plab¸ avtobusga solib¸ Qo‘qonga jo‘natishayapti. Ular borib¸ remontdan keyingi qora ishlar¸ ko‘cha va ariqlarni tozalayapti. Bu ishlar uchun ularga na pul¸ na ovqat berilmayapti¸ albatta”.
Talaba qizlar bir oydan beri “fon”da
Ozodlikka Qo‘qon pedagogika instituti talaba qizlari nomidan yuborilgan xabarda yozgi ta’tilda uyga ketishga ruxsat berilmagani¸ buning o‘rniga prezident va festival mehmonlariga atab hozirlanayotgan shou-tomoshada qatnashish buyurilgani aytiladi.
“Qo‘qonda 10-15 sentabr kunlari o‘tkaziladigan xalqaro hunarmandchilik festivali ochilish marosimi uchun tayyorgarlikka jalb etilganmiz. Bizga quldan ham battar munosabatda bo‘lishmoqda, chunki qullarga ham suv, non berishgan. Bizga esa bir qultum suvni ham ravo ko‘rishgani yo‘q. Hamma xarajatlarni o‘z hisobimizdan qilmoqdamiz! Faqat yotoqxona berishdi, xolos. Na kundalik xarajatlarimiz uchun, na oziq-ovqatimiz uchun bir chaqa ham berishgani yo‘q! Yo‘lkira va kundalik xarajatlarni to‘liq qoplaymiz, 3 mahal ovqat beramiz, deya qop-qop va’dalar berishgan edi. Rektorimiz salqingina joyda choyni ichib tayyorgarlikni tomosha qilib o‘tiribdi. Biz esa quyosh tig‘ida-jaziramada qovurilmoqdamiz! Buning ustiga Toshkentdan kelgan rejissyor bizga juda qo‘pol munosabatda bo‘lmoqda, og‘zi shaloq, elementar etika qoidalarini ham bilmaydi. Xalqaro hamjamiyatga yaxshi ko‘rinish uchun biz talaba qizlarni shunchalik xo‘rlash shartmi”¸ deyiladi talaba qizlar murojaatida.
Ozodlik suhbatlashgan ayni institut talabalaridan biri 5 sentabrь kuni 1000 nafarga yaqin talaba va o‘quvchi qizning festival shou dasturiga¸ asosan¸ fon uchun jalb qilingani va bir oydan beri Xudoyorxon saroyi oldida har kun repetitsiya bo‘layotganini aytdi.
Bu talaba qiz¸ ta’tildan qolib¸ shouda qatnashganlarga bir oylik stipendiya va’da qilingani va hozirgacha berilmaganini e’tirof qildi. Ayni paytda¸ talaba qizlarga uch mahal ovqat berilayotgani va shaxsan o‘zining e’tirozi yo‘qligini bildirdi.
Ozodlik shu kunlarda Qo‘qon festivaliga hozirlik jarayonida ma’muriy bosim ostida majburiy tekin mehnatning kuchayib ketganiga oid ma’lumotlarga izoh berishni so‘rab ham Qo‘qon shahar¸ ham Farg‘ona viloyati hokimligiga murojaat qildi.
Farg‘ona viloyati hokimligi rasmiysi¸ bu jarayonga mas’ul shaxslarning kabinetida yo‘qligi bois¸ ular bilan bog‘lanish imkoni yo‘qligini bildirdi.
Qo‘qon shahar hokimligi mutasaddisi esa¸ “ayni kunlarda festivalga hozirlik” kechayu kunduz davom etayotgani aytib¸ bu jarayonda majburiylik yo‘qligini iddao qildi.
Xalqaro festivallar davri?
Prezident qarori bilan 2019 yildan boshlab Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan har ikki yilda bir marta Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkaziladi.
Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov mahalliy matbuot bilan suhbatda¸ festivalning asosiy tadbirlari o‘tkaziladigan O‘rda xiyobonining butunlay yangilangani¸ yuzga yaqin davlatdan kelishi aytilayotgan mehmonlar uchun 10ta yangi mehmonxona qurilgani¸ markaziy ko‘chalardagi 110 ko‘p qavatli uyning “milliy uslub”da ta’mirlangani¸ shahar yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha 4 milliard so‘mlik ish qilinganini bildirgan.
Mirziyoyev hukumati mamlakatga xorij sayyohlarini jalb qilish iddaosi bilan uyushtirayotgan dabdabali festival va madaniy tadbirlar sonini oshirib bormoqda.
Samarqandda Karimov davridan beri o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro festivali yoniga endi Surxondaryoda Xalqaro baxshichilik san’ati festivali¸ Toshkentda “Vino san’ati” festivali va Qo‘qonda Xalqaro hunarmandchilik festivali qo‘shildi.
Davlat byudjeti va homiylik yordamlari asosida o‘tkazilishi belgilangan bunday dabdabali tadbirlarga tayyorgarlik jarayonida minglab davlat ishchi-xizmatchisining majburiy mehnatga olib chiqilayotgani¸ tadbirkor va fermerlarning bu tadbirlarga pul berishga majburlanayotgani aytilmoqda.