Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:43

Qoraqo‘tonda oltin qaziyotgan ikki konchi yigit tosh ostida qolib o‘ldi


Paxtachi tumanidagi deyarli har bir xonadonda oltin yuvish tegirmoni borligi aytiladi.
Paxtachi tumanidagi deyarli har bir xonadonda oltin yuvish tegirmoni borligi aytiladi.

17 sentabr kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Paxtachi tumanidagi Qoraqo‘ton oltin koni tashlandiq shaxtasida g‘ayriqonuniy oltin qaziyotgan uch kishini tosh bosib qoldi.

Yoshi 30 lardagi, oilali konchi yigitlarning ikki nafari halok bo‘ldi, biri og‘ir ahvolda tuman kasalxonasiga yotqizildi.

Voqeadan xabardorlardan olingan bu xabarni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tasdiqladi.

Tuman prokuraturasi hozirda mazkur xolat yuzasidan tergov olib bormoqda.

G‘ayriqonuniy oltin qazuvchilar bilan tanish bo‘lgan paxtachiliklardan birining Ozodlikka aytishicha, konda oltin qidirib, ma’danli toshlarni kavlab olayotgan uch kishining ustiga tog‘ jinslari qulab tushgan.

Qoraqo‘ton konining "Qush uyi" deb ataluvchi shaxtasida sodir bo‘ldi bu. Perforator bilan kavlayotganida ustiga tog‘ jinslari tushib bosib qoldi.

- Qoraqo‘ton konining "Qush uyi" deb ataluvchi shaxtasida sodir bo‘ldi bu. Perforator bilan kavlayotganida ustiga tog‘ jinslari tushib bosib qoldi. Odamlar yordamga kelgan, chiqarib olishdi. Keyin bilsak ikki nafari o‘lgan ekan, yana bir nafari og‘ir ahvolda tuman kasalxonasida yotibdi, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan samarqandlik yigit.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qoraqo‘tonda tog‘ toshi bosib qolishi oqibatida 2 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgani, 1 nafari tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilganini tasdiqladi.

"Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda", - deyiladi Bosh prokuratura bildiruvida.

Paxtachilik oltin qazuvchining Ozodlikka aytishicha, halok bo‘lganlar 27-30 yoshlardagi yigitlar bo‘lgan.

- Ikkalovi ham oilali. Birining bitta, yana birining ikkita farzandi bor. Kasalxonada yotgan do‘stimiz ham oilali. Oila tashvishida, ishsizlikdan shu ish bilan shug‘ullanishar edi, - dedi paxtachilik oltin qazuvchi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Qoraqo‘ton oltin koni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli bo‘lib, ilgari u yerdagi shaxtalardan tarkibida oltini bor ruda qazib olingan. Hozir bu shaxtalarning ekspluatatsiyasi to‘xtatilgan bo‘lib, shaxtalarning kirish yo‘llari yopib tashlangan.

Lekin, samarqandlik oltin qazuvchilardan birining Ozodlikka aytishicha, g‘ayriqonuniy oltin qidiruvchilar bu shaxtalarni o‘zlari ochib, qo‘lbola usulda, xavfsizlik qoidalariga rioya etilmagan xolda ruda qazib olib chiqadilar:

- Paxtachi tumanining ishsiz aholisi oltin kovlash bilan shug‘ullanadi. Rudalarni olib chiqib, uylarida tegirmonlari bor, yuvishadi. Huquq-tartibot idoralari ham kombinat rahbariyati ham tirikchiligini qilaversin, deb indamaydi

- Paxtachi tumanining ishsiz aholisi oltin kovlash bilan shug‘ullanadi. Rudalarni olib chiqib, uylarida tegirmonlari bor, yuvishadi. Huquq-tartibot idoralari ham kombinat rahbariyati ham tirikchiligini qilaversin, deb indamaydi, - deydi samarqandlik oltin qazuvchi.

Ozodlik Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyatidan voqea yuzasidan izoh ololmadi.

Kombinat matbuot kotibi Abdumajid Jo‘rayev Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Ozodlik radiosi Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi Qoraqo‘tan konida g‘ayriqonuniy guruhlar oltin qaziyotgani haqida avval xabar qilgan edi.

O‘tgan yil yanvar oyida Qoraqo‘tanda o‘nlab g‘ayriqonuniy oltin qazuvchi kon ostida qolgani, bir nafari halok bo‘lgani haqda Ozodlik xabar bergandi.

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning qimmatbaho metallarni qazib olishi O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 26 noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tartibga solinadi.

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan beriladi.

XS
SM
MD
LG