Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:51

Teatr aktyorlari oylik qisqarishiga norozilik sifatida ish tashlamoqchi (VIDEO)


Qo‘qon teatri aktyorlari
Qo‘qon teatri aktyorlari

Qo‘qon shahar musiqali drama teatri aktyorlari oylik maoshlari 25 foizga qisqarganiga norozilik bildirib, videomurojaat bilan chiqishdi.

Aktyorlar oyliklar qisqarganiga norozilik sifatida ish tashlash aksiyasi o‘tkazishni rejalamoqda.

Madaniyat muassasalari xodimlari oyligiga 26 yil avval qo‘shilgan 25 foizlik ustama 1 oktabrdan bekor qilindi.

Madaniyat vazirligi mulozimlari oyliklar bilan bog‘liq ushbu o‘zgarish sabablarini sharhlamadi.

Aktyorlar isyoni

Qo‘qon teatri xodimlari oyliklari qisqarayotganiga norozilik bildirib, prezident Mirziyoyevga qilgan murojaati videosini Ozodlikka yo‘lladi.

Қўқон театри актёрларининг президент Мирзиёевга мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:52 0:00
Бевосита линк

Ushbu teatrda 8 yildan buyon ishlayotgan aktrisa Sayyora Husayinova uch farzandning onasi. U krediti borligi va endilikda oyligi kamayishi uning moliyaviy muammolari ko‘payishiga sabab bo‘lishini aytadi:

- Bu pul bilan biz oilamizni boqa olmaymiz. Qanday qilib biz ishlaymiz. Prezidentimiz aytgan, yosh oilalarga sharoit yaratinglar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlanglar, deb. Lekin bu holatda biz ishlay olmaymiz. Shuning uchun biz norozimiz. Kerak bo‘lsa, ish tashlaymiz, - deydi Sayyora Husayinova prezidentga murojaat qilingan videoda.

Sayyoraning hamkasbi Zulhumor Begmatova ham ushbu teatrda 8 yildan beri ishlaydi:

- Bu yil ipoteka orqali uy olganman kreditga. Agar oyligimdan ushlab qolinadigan bo‘lsa, meni umuman oylik ish haqim yetmaydi. Men noroziman.

Aktrisa Marg‘ubaxon Qodirova ham oyliklar qisqarishiga norozilik bildiradi:

- (Oylikdan) 25 foiz olinishiga qarshiman. Chunki hozir to‘y qilish arafasida turibman. Ham kreditim bor. Umuman noroziman.

Qo‘qon teatri aktyorlari Ozodlik bilan suhbatda norozilik sifatida ish tashlash aksiyasini qachon o‘tkazishlari noma’lumligi, biroq niyatlari qa’tiy ekanligini aytishdi.

Qo‘qon davlat musiqali drama teatri binosi
Qo‘qon davlat musiqali drama teatri binosi

25 foizning qisqarishi

Marhum prezident Islom Karimovning farmoniga ko‘ra, 1993 yilning 1 dekabridan boshlab, teatrlarda ishlovchi artistlar uchun mansab okladlarining 25 foizi miqdorida maoshlariga har oylik ustama haq belgilangan edi.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23 sentabrdagi 798-sonli qaroriga muvofiq, madaniyat muassasalari xodimlari oyligiga 26 yil avval qo‘shilgan 25 foizlik ustama 1 oktabrdan bekor qilindi.

Baxshichilik san’atini rivojlantirishga bag‘ishlangan ushbu qarorning 4-ilovasida teatrlar xodimlari oyliklariga dohil qismi bor:

“Mazkur qaror bilan bazaviy lavozim maoshlari miqdori tasdiqlangan teatrlar xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika teatrlari artistlarining mehnatiga haq to‘lash shartlarini yaxshilash to‘g‘risida» 1993 yil 3 dekabrdagi PF-692-son Farmoni bilan belgilangan har oylik ustama haqlari tatbiq etilmaydi”.

Qarorda teatr xodimlari oyligidagi ushbu o‘zgarishga biror izoh berilmagan.

31 oktabr kuni Ozodlik muxbiri Madaniyat vazirligi mulozimlaridan ham bu borada biror izoh ololmadi.

Ozodlik bog‘langan vazirlik mulozimlari, qabul qilingan yangi qarorni o‘qib berish bilangina cheklandi xolos.

Qo‘qon teatri rahbariyati esa, ular hukumat qarorlariga amal qilgan holda ish ko‘rayotganliklarini ta’kidlashdi.

“Aktyorlikni tashlab, mardikorlikka ketamiz”

Mahmudjon Sharipov oliygohni bitirib, shu yil Qo‘qon teatriga ishga kirgan. U oylik maoshlari qisqarishi natijasida duch keladigan moliyaviy muammolar sabab, xorijga ishlashga ketishiga to‘g‘ri kelishini aytdi:

- Oyligim 1 million 300 ming so‘m qo‘limga tegardi. Hozir 25 foiz olib tashlaydigan bo‘lsa, 900 ming so‘m olaman. Bu maosh mening ehtiyojlarimga yetmayapti. Agar shu holda davom etsa, men bu ishdan voz kechib, chet elga ishlagani borishim kerak.

Aktyor Sobirjon Roziqov 2015 yilda oylik kamligi sabab teatrni tashlab Rossiyaga ishlashga ketgan. O‘tgan yili madaniyat xodimlari oyligi 45 foizga oshgach, yana teatrga qaytgan.

- Hammamizning bola-chaqamiz bor. O‘g‘illarimiz katta bo‘lib qolgan. Institutlarda o‘qiydi. Ularning kontrakti bor. Ularni uylab- joylashim kerak. Agar oyligimiz kesiladigan bo‘lsa, men yana Rossiyaga ketishimga to‘g‘ri keladi, deydi aktyor Roziqov.

Mavluda Dehqonova kollejni tugatib, teatrga ishga kirgan. Joriy yilda u San’at institutining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirgan. Mavluda kreditga uy olgani va o‘qishi ham shartnoma asosida ekanini aytib, oylik qisqarishiga norozilik bildiradi.

- 2 million so‘m oylik olsam, mendan 25 foiz olib tashlashsa, 1,5 millioni qoladi. Uy to‘lovim 1 million 600 ming so‘m. 100 ming so‘m yetmaydi. Undan keyin mening yeb-ichishim, kiyinishim bor... Kontraktim (o‘qish uchun) 11,5 million so‘m. Uning 50 foizini noyabrgacha to‘lashim kerak. Vaholanki, hozir mening oyligim 1 yarim millionga tushib qoldi. Na uyimning to‘loviga yetadi, na kontraktimni to‘lay olaman... Judayam qiyin holatda qoldik, deydi yosh aktrisa Mavluda Dehqonova.

Aktyor Hasanjon Arifjonovga ko‘ra, teatr rahbariyati oylik qisqarishiga qarshi aktyorlar noroziligini oktabr oyi boshida inobatga olgandi, biroq hozir ular dardini eshitadigan odam qolmagan:

- Pulimiz 25 foiz kam tushdi avansdan (oktabr oyi boshida). O‘sha kuni spektakl topshirishimiz kerak edi. Jamoamiz ish tashlash qilamiz deyishdi. Bu gap direktorga yetib borishi bilan darrov qo‘ng‘iroq qilishibdi buxgalterga. Buxgalter o‘sha ushlangan pulni tushirib berdi. Bugun yana shu muammo ko‘tarilayapti. Hozir oylik tushish arafasida turibmiz. “25 foiz pullaringizni qirqib qolamiz. Qaerga borsangizlar, boraveringlar”, degan gapni aktyorlarga aytishayapti.

Hamza ochgan teatr

Qo‘qon teatri – O‘zbekistondagi eng to‘ng‘ich teatrlardan bo‘lib, u 1915 yilda Hamza Hakimzoda Niyoziy va O‘zbekiston halq artisti Mirshohid Miroqilovlar tomonidan tashkil qilingan.

Qo‘qon davlat musiqali drama teatri artistlari uchun qurilgan uy
Qo‘qon davlat musiqali drama teatri artistlari uchun qurilgan uy


Prezident Mirziyoyev Qo‘qon davlat musiqa drama teatri artistlari bilan 2017 yilning iyun oyida bo‘lgan uchrashuvida "xalq uchun ishlayotgan" aktyorlarga teatr yonidan ko‘p qavatli arzon uy qurib berishni va’da qilgan edi.

Keyinchalik Qo‘qon teatri aktyorlari prezident aytganidek, teatr yonida qurilgan yangi uydan kvartira olishdi.

Oradan bir yil o‘tib, teatr aktyorlari Ozodlikka murojaat qilib, prezident topshirig‘i bilan ularga qurib berilgan arzon uyning oylik to‘lovi ularning maoshidan 2,5 baravar ko‘p ekanligidan shikoyat qilgandi.

XS
SM
MD
LG