Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:32

Zo‘rlangan qiz va joniga qasd qilgan ona voqeasiga Bosh prokuratura bahsli javob berdi (3-qism)


Qashqadaryo viloyat, Koson tumanidagi 6-umumta’lim maktabining sobiq o‘qituvchisi qizining nomusiga 14 yasharligida tajovuz qilgan shaxs jazosiz qolayotgani uchun o‘z joniga ikki marta qasd qilganligi haqidagi Ozodlik maqolalaridan so‘ng O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu voqeaga o‘z munosabatini bildirdi.

Ozodlik o‘z maqolalarida qiz o‘qigan maktabning raqami, qiz va uning onasining nomlarini sir tutgan edi. Bosh prokuratura matbuot xizmati javobida esa bular hammasi ochiqlangan.

Bosh prokuratura o‘z javobida Jinoyat protsessual kodeksini Jinoyat kodeksi bilan adashtirgan.

Ozodlik Bosh prokuratura qizni zo‘rlagan deb iddao qilgan ikki shaxsdan birini topib, u bilan gaplashdi.

1 noyabr kuni tuman prokurori qiz va uning onasini prokuraturaga chaqirtirib, ularni O‘zbekistonni sharmanda qilganlikda ayblagani xabar qilindi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinovning “Daryo” saytiga bergan ma’lumoti quyidagicha:

“2019 yil mart oyida Koson tuman 6-sonli maktabning bir guruh o‘qituvchilari tuman prokuraturasiga shikoyat bilan murojaat qilgan. Shikoyatda o‘qituvchilar maktab direktori O.D.ning xatti-harakatlaridan noroziligini, 2018 yil may oyida 9-sinf o‘quvchisi, 2003 yilda tug‘ilgan N.B.ning homilador bo‘lib, farzand ko‘rganligi aytilgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro B.B.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi tergovga tegishliligiga ko‘ra Koson tuman IIBga yuborilgan.

Tergov jarayonida N.B. 2017 yil avgust oyida B. B. bilan jinsiy aloqada bo‘lib, homilador bo‘lib qolganligi, 2018 yil 11 may kuni Koson tuman tug‘ruq kompleksida qiz farzandni dunyoga keltirganligi aniqlangan. Qizning onasi N.R. tug‘ilgan qiz nevarasini shifoxonada qoldirib, qizini uyiga olib ketgan. Tug‘ruqxona boshlig‘i vasiylik va homiylik organiga bu haqda xabar berganidan so‘ng, boshqa bir oila N.B.dan tug‘ilgan qiz farzandni asrab olgan. DNK biologiya ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, qiz farzandning biologik otasi A.J. bo‘lib chiqqan. B.B. esa chaqaloqning biologik otasi emasligi aniqlangan.

Jinoyat protsessual kodeksining 64-moddasi 1-qismi «a» bandi, ya’ni ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxs jinoyat sodir etgan kundan boshlab ikki yil muddat o‘tgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinishi printsipiga asosan ayblilik masalasini hal qilinmay turib jinoyat ishi tugatilgan.

2019 yil 7 oktabrda B.B. va A.J. Jinoyat Kodeksining 128-moddasi 1-qismida ko‘rsatilan jinoyatni sodir qilganligi o‘z tasdig‘ini topib, ular N.B. bilan 2017 yil avgust oyida jinsiy aloqada bo‘lganligi aniqlangan. Biroq Jinoyat protsessual kodeksining 64-moddasi 1-qismi (Jinoyat protsessual kodeksi emas, balki Jinoyat kodeksi - tahririyat) «a» bandi, ya’ni ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxs jinoyat sodir etgan kundan boshlab ikki yil muddat o‘tgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinishi prinsipiga asosan ayblilik masalasini hal qilinmay turib jinoyat ishi tugatilgan.

Bosh prokuraturaning Daryo.uz bosgan bayonoti.
Bosh prokuraturaning Daryo.uz bosgan bayonoti.

Bosh prokuratura tomonidan ma’lum qilinishicha, N.B.ning onasi N.R.ning 2018 yilda va 2019 yil sentabr oyida o‘z joniga qasd qilganligi holatlari yuzasidan tuman IIB va prokuraturasiga xabar kelib tushmagan.

N.R.ning o‘z joniga suiqasd qilganlik holatlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganligi sababli, 2019 yil 31 oktabrda Koson tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi boshlangan”.

Bosh prokuraturaning bu xabarini Ozodlik o‘zi olib borgan surishtiruv sinchiklab o‘qib chiqdi.

Va bu javobda prokuraturaning xatti-harakati qanchalik qonuniy bo‘lganini o‘zbekistonlik advokatdan so‘radi.

Litsenziyasidan mahrum bo‘lishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan toshkentlik advokatlardan biri Ozodlikning bu mavzudagi maqolalari va Bosh prokuratura javobini solishtirib ko‘rib, quyidagicha xulosa berdi:

“Birinchidan, voqea 2018 yilda aniqlangan bo‘lsa, nega bir yil davomida jinoyat ishi ochilmadi. Voqea haqida xabar bermagan maktab direktori, tug‘ruqxona bosh vrachi, hokim, mahalla raisi nega javobgarlikka tortilmadi? Nega uchastka noziri butun mahalla bilgan voqeadan bexabar qoldi?

Bu holat O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 64-moddasi 1-qismi «a» bandiga to‘g‘ri kelmaydi.


Ikkinchidan, viloyat prokurori o‘rinbosari bu voqea yuzasidan jinoyat ishi 2019 yilning 1 mayida ochilganini o‘z xatida yozgan. Demak, bu holat O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 64-moddasi 1-qismi «a» bandiga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, mana jinoyat sodir qilindi, lekin oradan ikki yil o‘tib ketganidan keyin bu haqda shikoyat qilindi yoki davlat organiga ma’lum bo‘lib qoldi. Bu holatda, to‘g‘ri, javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Lekin ikki yillik muddat o‘tmasdan turib jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, mumkin qidiruvga berar, mumkin tergov davom etar, bu paytda jinoiy jazoga tortiladi. Agar 2019 yilning may oyida jinoyat ishi ochilgan bo‘lsa, bu holatda tugatilishi mumkin emas, oxirigacha tergov olib borilib, sudga oshirilishi kerak.

Advokatning taxmin qilishicha, bu jinoyat ishini hech kimga zarar tegmaydigan qilib yopish uchun ataylab tergov vaqti orqaga surib kelingan va Bosh prokuratura matbuot xizmatining javobi ham Koson tumani prokuraturasining ma’lumotiga tayanilgan.

Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, “DNK biologiya ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, qiz farzandning biologik otasi A.J. bo‘lib chiqqan. B.B. esa chaqaloqning biologik otasi emasligi aniqlangan”

Ozodlik 1 noyabr kuni Koson tumanida yashaydigan, chaqaloqning “biologik otasi” deb aytilgan A.J.ni qidirib topdi.

A.J. Ozodlik bilan suhbatda unga bu ayblov boshqa gumonlanuvchilarni jazodan olib qochish maqsadida, tuhmat qilinganini aytdi:

Kimlardir bu ishni qilib, pul bilan yopib, bir kambag‘alning bo‘yniga ilaman deydi.


“Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Bu menga nisbatan g‘irt tuhmat bo‘ldi. Men to‘g‘risini aytaman, mening erkakligimda problema bor. Agar men shu ishni qila olganimda edi, yangi uylangan gulday xotinim qiz holida uydan chiqib ketmasdi. Sog‘lig‘im bu ishga bo‘lmagani uchun ketdi. Nega bular meni buncha qiynaydi, ekspertizasiga ham bordim, boshqasiga ham bordim. O‘shanda aytganman hamma narsani, men qilmaganman bu ishni, deb. O‘sha ishni qilgan xolalari meni bo‘ynimga qo‘yasan deb aytishgan ekan. DNK ham oldi, boshqa analiz ham oldi, kimlardir bu ishni qilib, pul bilan yopib, bir kambag‘alning bo‘yniga ilaman deydi. Yetimni qovurg‘asini sindirmaslik kerak tuhmat bilan”

Ozodlik 1 noyabr kuni olgan ma’lumotiga ko‘ra, shu kuni o‘quvchi qiz va uning onasi tuman prokuroriga olib borilgan.

Bu haqda oilaning yaqin odamlaridan biri Ozodlikka aytdi:

Bechora ayol shunchalik qo‘rqibdiki, yana stress holatiga tushib qolibdi.


“Tuman prokurorining Dilshod degan shofyori bugun opamning uyiga kelib, eru-xotin va qizingiz bilan birga besh minutga prokurorning oldiga olib boraman, keyin o‘zim olib kelib qo‘yaman debdi. Eri bormayman, prokurorning gapi bo‘lsa o‘zi kelsin, debdi. Xotini esa meni prokurorga aytadigan gapim bor, deb qizini olib boribdi. Borsa, prokuror sen qizingni O‘zbekistonga sharmanda qilding, men yopib yuborgandim bu ishni deb, rosa baqiribdi. Bechora ayol shunchalik qo‘rqibdiki, yana stress holatiga tushib qolibdi. Keyin, o‘zlari piyoda yomg‘irda qaytib kelishdi. Opamning rangida qon yo‘q, kasal bo‘lib qoldi. Ertaga do‘xtirga olib boramiz, endi”

Ozodlik bu voqea yuzasidan o‘z surishtiruvini davom ettiradi.

Bu voqea haqida Ozodlikning avvalgi maqolalarini quyidagi ishoralar orqali ochishingiz mumkin.:

https://www.ozodlik.org/a/suiqasd-nomusga-tajovuz/30244555.html

https://www.ozodlik.org/a/suiqasd-nomusga-tajovuz/30246441.html

XS
SM
MD
LG