Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:26

Davlatga 7 mlrd so‘m zarar yetkazganlikda ayblanayotgan samarqandlik mulozimlar ustidan sud boshlandi


4 dekabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida Samarqand viloyat Bosh arxitektori lavozimida ishlab kelayotgan Bobir Elmurodov va yana ikki kishi ustidan sud jarayoni boshlandi.

Sudlanayotganlar davlat mulkini talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.

Samarqand viloyat hokimligida sodir etilgan qurilish bilan bog‘liq jinoyatlar zanjiri 2018 yildan beri taftish qilib kelinadi.

Nusxasi Ozodlikka kelib tushgan sud hujjatida Elmurodovning O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 167- moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205- moddasi (Mansab faoliyatini su’iste’mol qilish) va 228- moddasi (Hujjatlarni qalbakilashtirish) bo‘yicha sud qilinayotgani qayd etilgan.

Sud hujjati
Sud hujjati

Mahalliy blogerning Ozodlikka xabar qilishicha, sudning 4 dekabr kungi dastlabki majlisida Elmurodovga nisbatan viloyat prokuraturasining ayblov xulosasi e’lon qilingan.

Buzilgan bir bino uchun ikki marta tovon to‘langanmi?

Sud majlisida qatnashgan mahalliy jurnalist Mirzo Subxonovning Ozodlikka aytishicha¸ Bosh arxitektor Elmurodov 2018 yil Samarqand shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan paytda qilgan ehtimoliy jinoyati uchun sud qilinmoqda:

- Sud joriy yilning mart oyidan Samarqand viloyat Bosh arxitektori lavozimida ishlab kelayotgan Bobir Elmurodov byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganligi yuzasidan ko‘rsatmalarni tingladi. Tergov hujjatlariga ko‘ra¸ Elmurodov shahardagi Said mahallasi Zebiniso ko‘chasida yashagan 25 dan ortiq fuqaroga «uylari buzilishga tushgan» deb asossiz ravishda davlat byudjeti hisobidan 7,0 mlrd. so‘mga yaqin tovon pullari to‘lab berishda ishtirok etgan. Yana ham aniqroq aytsak, “uyi buzilgan”larga ikki martadan tovon to‘langan deya rasmiylashtirgan pullar o‘zlashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilayotgan №1-1401-1902/631-sonli jinoyat ishi bo‘yicha xususiy qurilish shirkati egasi Kamoliddin Shukurov va Samarqand shahar hokimligi xodimi Temir Xaliqulov ham sudlanayotgani blogerning aytganlaridan ma’lum bo‘ldi.

Prokuratura sudga taqdim qilgan ayblov xulosasiga ko‘ra¸ Samarqand shahar hokimligi xodimi Temir Xaliqulov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205- moddasida (Mansab faoliyatini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

Xozir Samarqand viloyat Bosh arxitektori lavozimida ishlayotgan ayblanuvchi Bobir Elmurodov va Samarqand shahar hokimligi mulozimi Temir Xaliqulovlar garov puli evaziga hibsdan ozod qilingan va sudga uyidan qatnamoqda.

Qurilish shirkati boshlig‘i Kamoliddin Shukurovga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan.

Absurd ayblov?

Kamoliddin Shukurovni himoya qilayotgan advokatning ismi efirda aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ unga nisbatan “absurd ayblov” ilgari surilgan:

- Shukurovga nisbatan Jinoyat kodeksining 205- moddasida ko‘zda tutilgan ayb ilgari surildi. (Mansab faoliyatini su’iiste’mol qilish) Shukurov - oddiy quruvchi. U davlat mulozimi emaski o‘z lavozimini suiiste’mol qilsa?! Unga nisbatan qo‘llanilgan O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 167- moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) ham mantiqan noto‘g‘ri. Chunki xususiy qurilish shirkati davlat pulini qanday qilib rastrata qila oladi?

Sudda e’lon qilingan viloyat prokuraturasining ayblov xulosasiga ko‘ra, qurilish shirkati rahbari Shukurov JKning 228- moddasi (Hujjatlarni qalbakilashtirish) yuzasidan ham ayblanmoqda.

Sud ishida qatnashgan jurnalist Mirzo Subxonovning aytishicha¸ ayblanuvchilar sudda “tovon pulini 15 kishilik komissiya xulosasi asosida” to‘laganini aytib o‘zini himoya qilishga uringan.

Sud o‘z ishini joriy haftada davom ettirishi kutilmoqda.

Samarqand hokimligi bilan bog‘liq boshqa ishlar

Samarqand viloyat hokimligida qurilish bilan bog‘liq jinoyatlar zanjiri 2018 yildan beri taftish qilib kelinadi.

Joriy yilning 2 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining yopiq sud majlisida Samarqand viloyat sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan sud hukmi o‘qilgan edi.

Qurilish sohasidagi jinoiy sxemalarni amalga oshirishda aybli deb topilgan mulozimlar turli muddatlarga kesilgan edi.

Chunonchi O‘zbekiston Respublikasi JKning 205- ("Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish) va 210- ("Pora olish") moddalari bilan aybdor deb topilgan sobiq hokim Turobjon Jo‘rayev 13 yilga, hokim o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev 11 yilga, hokimlik bosh mutaxassisi Bahodir Xo‘jaqulov 7 yilga, mutaxassislar Botir Abdullayev 6 yilga va To‘lqin Sulaymonov 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

XS
SM
MD
LG