Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:16

Ozodlik Telegramiga saylovga oid bir xil mazmundagi yuzlab xabar keldi


Qo‘ng‘irotdagi Tibbiyot kolleji talabalari birinchi marta ovoz bermoqda. Ozodlik Telegram kanaliga yuborilgan suratlardan biri.
Qo‘ng‘irotdagi Tibbiyot kolleji talabalari birinchi marta ovoz bermoqda. Ozodlik Telegram kanaliga yuborilgan suratlardan biri.

22 dekabr kuni Ozodlik radiosining Telegram kanali va radio jurnalistlarining Telegramdagi shaxsiy akkauntlari “portlab” ketay dedi. Toshkent vaqti bilan ertalab soat 8 dan, ya’ni saylov uchastkalari ochilgan daqiqadan boshlab o‘nlab, keyin esa yuzlab xabarlar Ozodlikning Telegram’ini “zabt” eta boshladi.

Har bir xabarga o‘nlab suratlar va videolar ilova qilingan.

Bu informatsiyalarni jo‘natgan shaxslarning birortasi avvallari Ozodlik radiosi bilan bog‘lanmagan. Xabarchilarning profayllarida ularning suratlari yo‘q yoki surat o‘rniga tabiat manzaralari aks etgan rasmlar qo‘yilgan.

Ma’lumotlar Xorazmdan, Namangandan, Chustdan, Toshkentdan, Beruniydan, Navoiydan, Farg‘onadan, Nukusdan, Yangiyo‘ldan, Zangiotadan, Ellikqal'adan, To‘rtko‘ldan va boshqa tuman-shaharlardan paydar-pay kelib turdi va bu oqim kun davomida uzilmadi. Ayniqsa, toshkentliklar va qoraqalpog‘istonliklar Ozodlikka ma’lumot jo‘natish bo‘yicha faol bo‘lishdi. Xabarlar orasida Moskvadan kelganlari ham bor.

Ozodlik Telegramiga 22 dekabr kuni kelgan barcha xabarlarning mazmuni bir hilda bo‘ldi: “Fuqarolar saylovda ko‘tarinki kayfiyatda faol ishtirok etishmoqda, saylov jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Chet el kuzatuvchilari saylovda ishtirok etmoqda. Birinchi marta ovoz berayotgan yoshlar o‘zlarini baxtiyor his etishmoqda”, deb yozishdi Ozodlikka.

Masalan, Qo‘shqo‘pir tumanidan yozgan Azizbek nikli xabarchi: “Taassurotlarim aьlo darajada. To‘g‘risini aytsam bu yerdagi holatni sinash uchun tushlikka yaqin payti kelgan edim. Qarasam, jarayon kizg‘in davom etmoqda. Kuzatib turib juda xursand bo‘ldim. Shuni kanalingizda yoritib bersangiz, mamlakatimizdagi saylov jarayonlarida yaratilayotgan sharoitlar, o‘zgarishlarni butun jahon ko‘rishini istardik. Sizdan chin yurakdan iltimos qilaman”, deb yozdi.

Zangiota tumanidan KENGASh saylovning bayramona ruhda o‘tayotganini ta’kidlagan holda: “Zangiota tumani Sohibkor mahallasida yashovchi imkoniyati cheklangan fuqarolarga xudud rahbari va mutasaddalar tomonidan bayram munosabati bilan oziq- ovqat mahsulotlari topshirilgan”i haqida bildirdi.

To‘rtko‘l tumanidan Ikrom Sa’dullayev jo‘natgan ma’lumotdan esa saylov kuni “To‘rtko‘l tumani Savdo kompleksida Hunarmandlar markazi ochilgani”ni, “Qozog‘istonning Aktau shahrida o‘tkazilgan karate VKF buyicha Osiyo chempionaiida To‘rtko‘l tumanidan Bahodirov Asilbek faxrli 3 o‘rinni egallagani”ni va “Xalq uzlari tanlagan nomzodlariga kelajak uchun ovoz bermoqda” ekani aytilgan.

Ayrim yosh saylovchilar esa Ozodlik radiosiga “Men ovoz berdim” xeshtegi ostidagi videolarini ham yo‘lladilar. Video mualliflari “Yangi saylovda yangi O‘zbekiston uchun ovoz berganlaridan faxrlanishlari”ni to‘lqinlanib hikoya etdilar.

Xorazmning Qo‘shko‘piridan mana bu xabar keldi:

"Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumanidagi Chamanzor mahallasidan yozmoqdaman. Yoshim yetmishdan oshgan, nogironman. 458- saylov uchastkasidan kelib, ovoz berishimni so‘rashdi. O‘z uyimda ovoz berganimdan, buning uchun sharoit yaratib berganlaridan juda quvondim. Mening ovozim juda muhimligini his qildim. Saylov uchastkasi a’zolariga minnatdorlik bildirib qoldim. Xursandligimdan sizlarga yozmoqdaman. Iltimos ushbu tasvirni yoritishga yordam bersangizlar, sizlardan o‘tinib so‘rayman. Mamlakatimizda inson qadri qanchalik baland ekanligini jahon ahli bilishini istardim".

Ozodlik radiosi o‘z Telegram kanalidagi mazkur faollik sabablarini aniqlash maqsadida ayrim xabarchilar bilan bog‘lanishga harakat qildi.

Aytib o‘tish joizki, xabarchilarning asosiy qismi yuzlab odamlar bir-biridan farq qilmaydigan darajada maqtov va “bayramona ruh” bilan sug‘orilgan ma’lumotlarni jo‘natayotganiga oid Ozodlik radiosi bergan savollarga javob qaytarmadi.

Javob qaytargan bir necha odamning javobi esa bir hil bo‘ldi: “Blogerman. Ozodlik bilan taasurotlarimni o‘rtoqlashmoqchi bo‘ldim”, deb yozdi Jamshid Tohirjonovich.

O‘zini bloger sifatida taqdim qilgan Zokirjon 4179 nikli yana bir xabarchi o‘zi kabi bir qolipdagi “ma’lumotlarni Ozodlik Telegram kanaliga jo‘natgan boshqa blogerlarni tanimasligini va faqat o‘zini bilishini” ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG