Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:59

OzodTa'sir: "Amili Bahora" bandlik agentligi aldanganlarga pullarini qaytarmoqchi


Ўзбекистонда яна бир хусусий меҳнат агентлиги одамларни алдади. Бу галгисининг номи "Амили Бахора"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:25 0:00

"Amili Bahora"dan aldanganini iddao qilganlar mana shu videolarni jo‘natgan edilar.

Samarqanddagi «Amili Bahora» xususiy bandlik agentligi aldanganini bildirgan ayrim mehnat muhojirlariga Germaniyaga ishga borish uchun to‘lagan pullarini qaytarib beradigan bo‘ldi. Bu haqda «Amili Bahora»ning huquqshunosi Jahongir Tohirov Ozodlikka 6 yanvarda ma’lum qildi.

Biroq «Amili Bahora» aldaganini aytayotganlar agentlikdan nafaqat to‘lagan pullarini qaytarib berishni, balki moddiy va ma’naviy zararni ham to‘lashni talab qilmoqda.

Jahongir Tohirovga ko‘ra, Ozodlik radiosiga aldanganini va ayni paytda Litvada sarson bo‘lib yurganini aytgan muhojirlarning hammasi Polsha va Litvada ishga joylashtirilgan.

Ayni paytda agentlikning litsenziyasi vaqtinchalik bekor qilingani Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida qayd etildi.

Jahongir Tohirov: Norozilar bilan o‘zaro kelishib oldik

Jahongir Tohirov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda yaqin ikki-uch kun ichida “Amili Bahora”dan aldanganini iddao qilganlarga pullari qaytarib berilishini bildirdi:

- Maripov Farmon va Nabiyev Jamolga 10 yanvargacha pullarini qaytarib berishga va’da berdim. Men ularga “Ma’naviy va moddiy zararlaringni aytinglar, hammasini to‘lab beraman”, deb aytdim. Ular bilan bu masalada o‘zaro kelishib, yarashib oldik. Dilmurod degan yana bir odam shikoyat qilgan edi. Uni Litvada ishga joylashtirdim. U da’vosidan voz kechdi, hozir yaxshi ishlayapti. Bundan tashqari prezident nomiga murojaat qilgan A’lam Barotov degani bor. U ish joyini o‘z xohishi bilan tark etib, boshqa joyga ishga kirgan.”Shunga harajatlardan qiynaldim, shartnoma pulimni qaytarib bering”, degani uchun o‘g‘li orqali pulini qaytartirib berdim. O‘g‘li bu haqda tilxat yozib berdi. U bilan ham o‘zaro kelishib oldik.

A’lam Barotovning o‘g‘li Jahongir Barotov yozgani aytilayotgan tilxatda ta’kidlanishicha, u “Amili Bahora” agentligidan 9 million 550 ming so‘m naqd pulni olgan. Bundan tashqari ayni paytda Polshada ishlayotgan 5 kishiga ortiqcha qilingan 5 million 730 ming miqdoridagi harajatlari ham to‘lab berilgan.

Aldanganlar: Biz "Amili Bahora" moddiy va ma’naviy zararni to‘lab berishin talab qilamiz

Biroq agentlik tomonidan aldanganini aytayotgan samarqandlik Farruh Sulaymonov, Farmon Marupov, o‘zini jizzaxlik Aziz deb tanishtirgan yana bir shaxs har biri kamida 5-6 ming dollardan harajat qilganlarini, ammo “Amili Bahora” ularga faqat 30 million so‘mdan qaytarib berishga va’da berganidan norozi ekanliklarini 6 yanvarda Ozodlikka bildirdi.

Farruh Sulaymonov: “Men 6 ming dollar harajat qildim. Hech bo‘lmaganida 5 ming dollarini qaytarishini talab qilayapman”, - dedi Ozodlikka.

«Amili Bahora» agentligi huquqshunosi Jahongir Tohirov esa bu iddaolarni inkor qildi. Unga ko‘ra, xorijga ishga jo‘natilayotganlarning har biridan qonun doirasida bank orqali 20 million 950 ming so‘mdan haq olingan.

"Amili Bahora"ning litsenziyasi vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Xususiy bandlik agentliklari reestrida qayd etilishicha, hozirda «Amili Bahora» agentligi lizentsiyasi vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan. Jahongir Tohirov bu holatni:

- Mana shu janjal boshlanganidan keyin litsenziya o‘n ish kuniga to‘xtatildi. O‘zaro kelishib olganimizdan keyin litsenziyani qaytarish masalasi ko‘rib chiqiladi. Samarqand shahar Ichki ishlar bo‘limi esa da’vogarlarning arizalariga “fuqarolik tartibida sudga murojaat qilishlaringiz mumkin”, degan xulosani bergan. Biroq biz ishni sudga yetkizmasdan hal qilmoqchimiz, - deb izohladi.

Jahongir Tohirovga ko‘ra, Ozodlik radiosiga aldanganini va ayni paytda Litvada sarson bo‘lib yurganlarini aytgan muhojirlarning hammasi Polsha va Litvada ishga joylashtirilgan.

«Amili Bahora» huquqshunosi, shuningdek, ular jo‘natgan mehnat muhojirlari Litvada "kod 95" imtihonini topshirish uchun tayyorgarlik ko‘rishlari shart bo‘lganini, buning uchun bir-ikki oy vaqt kerak bo‘lganini aytar ekan: “Muhojirlar mana shu lozim bo‘lgan jarayon yakunlanganiga qadar sabrsizlik qilib, shikoyatlar yoza boshlagani”ni ta’kidladi.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

26 dekabr kuni Ozodlik radiosi “Xususiy agentlikka aldanganlar chiqindixonada jon boqayapti. Migratsiya agentligi yordam va’da qildi” sarlavhali maqolani e’lon qilgan edi.

Maqolada o‘ndan ortiq odam “Amili Bahora" xususiy bandlik agentligi” ularni aldaganini iddao qilgan edilar. Muhojirlarning aytishlaricha, “Amili Bahora” ularni Germaniyaga ishga jo‘natishni va’da qilgan.

-“Amili Bahora” agentligi tomonidan Germaniyaga jo‘natilishimiz kerak edi. Ammo 15 avgustdan beri Litvada sarson-sargardon bo‘lib, qarzga botib yuribmiz,- deb aytgan edi o‘shanda muhojirlardan biri.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentligi Ozodlik radiosi taqdim etgan ma’lumot asosida Litva poytaxti Vilnyusda qullik sharoitiga tushib qolganini iddao qilgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari muammosini o‘rgana boshlagandi.

O‘zbekistonning Latviya poytaxtida joylashgan Boltiqbo‘yi davlatlari bo‘yicha elchixonasi ham Ozodlik radiosiga mazkur masala nazoratga olinganini bildirgan edi.

O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklariga aldanganlar ko‘p

O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari xorijga ishlagani bormoqchi bo‘lgan odamlarni aldash holatlar so‘nggi paytda ko‘p uchramoqda.

Navoiy shahridagi Navoiy xususiy bandlik agentligi 211 nafar odamni 633 million so‘mga aldadi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 25 noyabr kuni xabar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda ish qidirayotgan shaxslarga chet eldan ish topib berish maqsadida litsenziyaga ega bo‘lgan 65 ta xususiy bandlik agentliklaridan 30tasi birorta ham fuqaroni xorijiy davlatlarga ishga yubormagani ma’lum qilingan edi.

Bundan tashqari Toshkent shahrida joylashgan Korean&Migrations xususiy bandlik agentligining uch rahbari hibsga olingani aytilgan.

Ozodlikka murojaat qilganlarning da’vosiga ko‘ra, Korean&Migrations ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan har bir kishidan 32 million 400 ming so‘m miqdorida haq olgan, ammo va’da qilingan muddat yakuniga yetsa ham, hech kim chet elga ishga yuborilmagan.

Oldinroq esa, 70 ga yaqin o‘zbekistonlik Toshkentdagi HUMAN xususiy bandlik agentligi Germaniya va Chexiyaga jo‘natish uchun to‘lovlarni olgani, ammo jo‘natmaganidan Ozodlikka shikoyat qilgandi.

XS
SM
MD
LG