Shavkat Mirziyoyev Toshkentda yangi qurilgan O‘zbekiston Prezidenti Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi.
Prezident matbuot xizmati qabulxonaning foydalanishga topshirilgani haqidagi xabariga hashamatli bino fotosuratlarini ilova qildi.
Prezident qabulxonasi ma’muriyati bu yerga bosh urib keladigan aholini ba’zida prezidentning o‘zi ham qabul qilishi haqida tarqalgan ma’lumotlarni rad etgan.
Yangi qabulxona binosi Toshkentning Bunyodkor shoh ko‘chasi 2-uyda joylashgan.
Mazkur muassasa bir kunda 200 nafargacha murojaatchini qabul qilishi aytilmoqda.
"Bu yerda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va bajarish uchun barcha sharoitlar muhayyo. Mutasaddilar tomonidan fuqarolarni qabul qilish uchun xonalar, Davlat xizmatlari markazi shoxobchasi, “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti maslahat byurosi, tibbiy xizmat, ona va bola xonalari tashkil etilgan", deyiladi rasmiy xabarda.
Xabarda aytilishicha, prezident yangi qurilgan qabulxonadagi sharoitga yuqori baho bergan.
"Bu yerga kelgan odam barcha savollariga javob topishi, Toshkent bu borada namuna bo‘lishi kerak", degan prezident.
Prezident Xalq qabulxonasi yangi binosi 2019 yilning aprelida ochilishi va unda Shavkat Mirziyoyev fuqarolarni shaxsan qabul qilishi haqida ommaviy axborot vositalarida xabar tarqalgan edi.
Centre1 nashri 2019 yilning 1 aprelida Shavkat Mirziyoyevning qabulxonasi ochilishi, u yerda prezident vatandoshlarni shaxsan qabul qilishi haqida yozgandi. Nashr bu ma’lumotni Prezident Xalq qabulxonasi mudiri Baxtiyor Jamolovdan olgani, prezident bilan shaxsan uchrashish uchun 20 vatandosh tanlab olinganini ilova qilgandi.
Bunga qadar ham, Ozodlikka bog‘langan qator manbalar va o‘zbekistonlik inson huquqlari faollari jamoatchilik orasida shunaqa gap yurgani, aholi Toshkentda qurilayogan yangi qabulxona ochilishini kutayotganini aytgan edi.
O‘shanda Prezident Xalq qabulxonasi mudiri Baxtiyor Jamolov bu kabi xabarlarni rad qilib, qator mahalliy nashrlarga raddiya bergan.