Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:17

Mahalliy dori ishlab chiqaruvchilar: Prezident qarori ijrosi bizni bankrotlik yoqasiga olib keldi!


2020 yil yanvaridan boshlab amalga tatbiq etila boshlagan prezident qarori O‘zbekistonning bir qator viloyatlarida dori ishlab chiqaruvchi zavod ochgan xususiy tadbirkorlarni o‘z faoliyatini to‘xtatishga majburlashi mumkin.

Ozodlikka mahalliy farmatsevtika sanoati vakillari sifatida murojaat qilganlar shunday prognoz qildi.

Ularga ko‘ra¸ prezident qarori ijrosi iddaosi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi vrachlarga bemorga beriladigan retseptda dori savdo nomi o‘rniga¸ uning tarkibiy qismini yozishni majburiy qilib belgilagan.

Ayni paytda¸ O‘zbekistondagi aptekalar tarmog‘ini nazorat qiluvchi “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar iddaosicha¸ ular chiqargan mahsulotni savdoga chiqarishdan bosh tortmoqda.

Bunday vaziyatda¸ o‘z mahsulotini sotish imkonidan mahrum bo‘lgan mahalliy dori ishlab chiqaruvchi kasodga uchrab¸ faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda.

Ozodlikka bog‘langan xususiy tadbirkorlar¸ hozirda o‘z faoliyatini 80 foizga qisqartirib¸ o‘nlab ishchisini bo‘shatishga majbur qolganini bildirdi.

Ular¸ kichik biznesga qarshi bunday “hujum” ortida mamlakat farmatsevtika bozorini to‘liq nazoratiga olishga kirishgan hokimiyat eng tepa qatlamlariga aloqador yirik monopolistlar turganini iddao qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari¸ yanvar oyidan retsept berishda o‘zgarishlar boshlanganini tasdiqladi¸ ammo bu harakatning kichik ishlab chiqaruvchilarni sindirishga qaratilganini rad etdi.

“Prezidentga ishonib¸ bor-yo‘g‘imizdan ajrash arafasidamiz!”

Ozodlikka o‘zlarini O‘zbekistonning qator viloyatlarida dori ishlab chiqaruvchi kichik zavodlar egasi deb tanishtirgan xususiy tadbirkorlar¸ hokimiyat tizimlarining ehtimoliy ta’qibidan cho‘chib¸ korxona va o‘z nomlari sir qolishini istadi (bu korxonalar ro‘yxati Ozodlikda bor - tahr.)

Ularning aksariyati¸ Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelib¸ mamlakat farmatsevtika sanoati ustidan Karimov davrida o‘rnatilgan nihoyatda keskin monopoliyani qisman yumshatishga qaratilgan qarorlar chiqarganidan so‘ng faoliyat boshlagan.

Bir yildan ko‘proq vaqt Sog‘liqni saqlash vazirligidagi har xil agentliklardan tegishli litsenziya va sertifikatlarni olishga ketdi. 2019 yildan dori chiqarishni boshladim. Lekin Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni kunlarda o‘rnatayotgan yangicha talab men va menga o‘xshagan ishlab chiqaruvchilar ishini 80% to‘xtatib qo‘ydi!”¸ deydi Ozodlikka bog‘langan dori ishlab chiqaruvchi kichik korxona egalaridan biri.

Muammoga izoh bergan tadbirkorlarga ko‘ra¸ 2019 yil dekabr oyidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab vrachlarga 300 dan oshiq mahalliy farmatsevtika zavodi ishlab chiqarayotgan dorilarni tavsiya qilish taqiqlangan.

Bu taqiq¸ Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ prezidentning farmatsevtika sohasiga oid chiqargan 2019 yilgi farmon va qarorlari (xususan PF5707 va PQ-4438) ijrosi sifatida taqdim etilmoqda.

Bundan buyog‘iga vrachlar bemorga retsept berganda¸ dorini savdo markasi nomi bilan emas¸ balki uning tarkibidagi asosiy modda nomi bilan yozib berishi shart emish. Sodda qilib tushuntirsam¸ tarkibiy qismi ayni bo‘lgan bir xil dorini o‘nta ishlab chiqaruvchi o‘nta nom bilan bozorga chiqaradi. Hozirgacha vrachlar retseptga falon kompaniya chiqargan¸ falon dori¸ deb yozib berardi va aptekadan aynan shuni olardi. Endi dorining asosiy komponentigina yoziladi¸ xolos”.

Retseptdagi bunday o‘zgarish bilan dori ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorning bankrotlikka uchrashi o‘rtasidagi aloqadorlikni Ozodlikka bog‘langanlar shunday izohladi.

Dori tarkibidagi asosiy moddaning nomi butun dunyoda bir xil. Dorini hammaga ma’lum nomda chiqarish kichik tadbirkorning qo‘lidan kelmaydi. Buni faqat mablag‘i nihoyatda ko‘p yirik kompaniyalargina qila oladi. Uning sertifikatini olish nihoyatda qiyin va qimmat. Masalan¸ Namanganda Merrymed farm degan dori zavodi bor. Ana ular o‘z preparatlarini mirovoy nazvaniya bilan chiqaradi. Bu 15 gektarlik yerga joylashgan necha yillik yirik kompaniya. Biz u bilan raqobatlasha olmaymiz. Biz o‘shalar chiqarayotgan ayni dorini boshqa nomda¸ lekin ikki baravar arzonga chiqaramiz. Bundan so‘ng vrachlar bizning dorilarni yozmagandan keyin hamma mirovoy nom bilan tanilgan dorini sotib oladi. Biz mutlaq bozordan siqib chiqarilamiz»¸ deydi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan biri.

Ozodlik bir-biridan mustaqil holda gaplashgan mahalliy dori ishlab chiqaruvchilar¸ Merrymed farm kompaniyasining O‘zbekiston oliy hokimiyat doiralaridagi shaxslarga qarashli ekanini ta’kidladi.

Ochiq manbalar¸ xususan¸ Merrymed farm rasmiy saytida bu korxonaning na kimga qarashli ekani va na uning boshqaruvchilariga oid ma’lumot bor.

"Dori-darmon" kichik tadbirkor uchun bozorni yopib qo‘ygan"

«Farmatsevtika bozoridan kichik o‘yinchilarni siqib chiqarish boshlanganining ikkinchi isboti¸ mamlakatdagi aksar dorixonalar tarmog‘i ustidan nazorat o‘rnatgan «Dori-darmon» aptekalarining biz chiqargan mahsulotni olishdan bosh tortayotganidir"¸ deb davom etdi Ozodlik suhbatdoshlari.

«Toshkent shahri va viloyatlardagi «Dori-darmon» filiallariga necha marta taklif bilan chiqdik¸ dorilarimizga aptekalarda spros borligini aytdik. Lekin hammasi tepadan ruxsat yo‘q¸ degan bir xil gapni aytib¸ olmayapti. Shaxsan Umida opa («Dori-darmon AK boshqaruvi raisi Umida Solihboyeva nazarda tutilmoqda-tahr.) ruxsat berishi kerak emish. U esa¸ o‘z xodimlarining bizga aytishicha¸ mestniy proizvodstvoga ruxsat bermagin¸ degan. «Mahalliyni ololmaymiz¸ tepadan ruxsat yo‘q¸ aynan mahalliyga NDS yuqori to‘laymiz¸ deydi».

"Yuzlab tadbirkor sinadi¸ minglab odam ishsiz qoladi"

Mahalliy dori ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan kichik tadbirkorlar¸ o‘z mahsulotini sotish yo‘llari kesilishi ortidan¸ biznesini to‘xtatish tahdidi ostida qolganini aytadi.

«Oramizda 1¸5 million dollarlik kredit olganlar bor. Prezident o‘zimizda dori ishlab chiqarishni ko‘paytiraylik¸ deganidan ruhlanib tadbirkorlar zavodlar qurishgan. Ular nima qiladi endi¸ ishni to‘xtatsa¸ qarzlarini qaerdan to‘laydi? Shu qaror ijrosi boshlangandan beri 40 ta ishchimni bo‘shatdim¸ mahsulotim sotilmaganidan keyin¸ qolganini ham bo‘shatishga majbur bo‘laman. Prezident bir tomondan¸ bitta tadbirkorning ishini to‘xtatishi fojia deydi¸ boshqa tomondan Sog‘liqni saqlash vazirligi yuzlab tadbirkorni sindirayapti. Biz umuman tushunmay qoldik»¸ deydi mahalliy farmatsevtika zavodi egalaridan yana biri.

"Vrach va aptekalar o‘rtasidagi «biznes» aloqasini uzish harakati?

Ozodlik mahalliy dori ishlab chiqaruvchilar bergan ma’lumotlarga izoh so‘rab¸ O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi bir qator boshqarma va agentliklar mutasaddilari bilan bog‘landi.

Bu rasmiylar¸ prezident qarorlari ijrosi jarayonida dekabr oyidan boshlab retsept yozish uslubida o‘zgarish boshlanganini tasdiqladi.

Xususan¸ mahalliy ishlab chiqaruvchilarga litsenziya bergan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutaxassisi¸ joriy jarayonni shunday izohladi.

«Bunday talab oldin ham bir edi. Ammo dekabrdan boshlab¸ uning ijrosi ustidan nazorat kuchaydi. Bilasiz¸ vrachlar aptekalar bilan¸ dori ishlab chiqaruvchilar bilan til biriktirib¸ kasallarga aynan o‘zlariga daromad keltiradigan dorilarni yozib berardi¸ ulardan pul ham olardi. Ana shu biznesni uzish uchun¸ shunday qilinayapti. Retseptga dorining savdo nomi emas¸ tarkibiy qismi yoziladi. Bemor aptekaga borganda¸ ayni tarkibdagi bir necha xil dori unga taklif qilinadi. Ular orasida mahalliysi ham¸ importniysi ham bo‘ladi. Bemor cho‘ntagiga qarab¸ xohlaganini olaveradi».

Vazirlikning yana bir mutasaddisi¸ borayotgan jarayonning bemor va ular yaqinlariga tanlov imkoni berish¸ ayni paytda¸ farmatsevtika bozorida raqobatni kuchaytirishga qaratilganini iddao qildi.

"Dori-darmon" aksiyadorlik korxonasi rahbariyatidan mahalliy dori ishlab chiqaruvchilar bildirgan iddaolarga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik muxbiri bog‘langan Umida Solihboyeva yordamchisi savollar bilan matbuot xizmati rahbariga murojaat qilishni tavsiya etdi¸ ammo kotib kun davomida na xizmat¸ na mobil telefoniga javob bermadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG