Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:49

Eron prezidenti urib tushirilgan uchoq bo‘yicha maxsus sud tashkil qilishga chaqirdi


 Eron prezidenti Hasan Ruhoniy
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mamlakatda tinchimayotgan norozilik namoyishlari fonida Eron harbiylari tomonidan yo‘lovchi uchoq urib tushirilganini tergov qilish uchun maxsus sud tuzishni taklif qildi.

14 yanvar kuni prezident televideniye orqali qilgan murojaatida ushbu “kechirib bo‘lmas” xato uchun mas’ul shaxslar javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidladi.

Eron rasmiylari 8 yanvar kuni Tehron aeroportidan uchib chiqqanidan keyin ko‘p o‘tmay qulagan “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” aviashirkatiga qarashli Boeing 737-800 uchog‘i “g‘ayriixtiyoriy” ravishda urib tushirilganini tan olganidan keyin mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.

Eron rasmiylari avvaliga uchoqni raketa urib tushirganini keskin rad etishdi. 11 yanvar kuni esa rasmiy Tehron yo‘lovchi uchoq “inson xatosi sabab” “bexosdan” urib tushirilganini tan oldi.

Urib tushirilgan samolyot bortida bo‘lgan barcha 176 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosi nobud bo‘lgan.

Halokat Eron qo‘shni Iroqdagi AQSh qo‘shinlariga raketa bilan hujum qilganidan keyin bir necha soat o‘tib sodir bo‘lgan.

“Ukraina xalqaro havo yo‘llari” aviashirkatining PS752 reysi bortida 82 eronlik, 57 kanadalik, 11 ukrainalik, 10 shvetsiyalik, 10 afg‘onistonlik, 3 germaniyalik hamda 3 nafar britaniyalik bo‘lgan.

- Sud tizimi oliy sudya hamda o‘nlab mutaxassisdan iborat maxsus sud tashkil qilishi kerak, — dedi Ruhoniy.

Prezident Eron harbiylari o‘z xatolarini tan olgani “to‘g‘ri tashlangan ilk qadam” ekanligini qo‘shimcha qildi.

- Mas’uliyatsizlik ko‘rsatgan barcha aybdor shaxslar javobgarlikka tortilishi xalqimiz uchun juda muhim, — dedi prezident.

Sud tizimi matbuot kotibi G‘ulomhusayn Ismoiliy keng ko‘lamli tergov o‘tkazilib, ayrim shaxslar qo‘lga olinganini aytdi, ammo boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Ismoiliy “noqonuniy yig‘inlarda” qatnashgan 30 nafar shaxs qo‘lga olinganini aytdi. Keyingi uch kun davomida Eron bo‘ylab aksilhukumat namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ularga yo‘lovchi uchoqning harbiylar tomonidan utib tushirilgani hamda hukumatning fojia ortidan ko‘rgan choralari turtki bo‘ldi.

AP agentligining xabar berishicha, 12 yanvar kuni kech Tehronning “Ozodi” maydonidagi namoyishchilarni tarqatish uchun politsiya o‘qotar qurol qo‘llangani aks ergan videolar tarqalgan. Agentlik, shuningdek, videolarda namoyishchilarni politsiya do‘pposlayotgani aks etganini bildirdi.

Ammo Tehron politsiyasi yetakchisi Husayn Rahimiy namoyishchilar o‘qqa tutilganini rad etdi.

AQSh Davlat departamenti Vashington namoyishchilarga qarshi har qanday zo‘ravonlikka qarab turmasligini aytib, Eron rasmiylarini ogohlantirdi.

Eron davlat matbuotining xabar berishicha, 14 yanvar kuni Eron, Ukraina hamda Kanada rasmiylari Tehronda halokat tergovi bo‘yicha o‘tkazilgan ilk yig‘inda qatnashgan.

11 yanvar kuni Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusining havo bo‘limi yetakchisi Amirali Hojizoda o‘z bo‘limi fojia uchun “to‘liq javobgarlikni bo‘yniga olishini” ta’kidladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG