Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:31

Afg‘onistonda yosh ayol toshbo‘ron qilib o‘ldirildi


Toshbo‘ron qilish aks etgan videodan olingan surat.
Toshbo‘ron qilish aks etgan videodan olingan surat.

Afg‘onistonning Mustaqil inson huquqi komissiyasi (MIHK) bir afg‘on ayoli toshbo‘ron qilib o‘ldirilgani aks etgan video bo‘yicha tergov boshlaganini ma’lum qildi.

Ikki daqiqalik videoklipda yerda qazilgan chuqurga tushirilgan ayolni toshbo‘ron qilayotgan bir guruh erkaklar aks etgan. Unda voqeaga tomoshabin bo‘lib turgan kishilarning “Ur!” va “Alloh akbar!” degan qichqiriqlari hamda ayolning baqirgani va yig‘isi eshitiladi.

MIHK vakili “Ozodlik” radiosiga ushbu video aynan qachon va qaerda tasvirga olingani va ayol nima uchun o‘ldirilganini aniqlashga harakat qilayotganini aytdi.

“Tolibon” harakatining iddao qilishicha, 2015 yil oktabridagi bu toshbo‘ron sahnasi videotasvirini “Ozodlik” radiosi oldin ham olgan, unda mamlakatning markaziy qismidagi G‘or viloyatida 19 yashar qiz zino qilishda gumonlanib o‘ldirilgan edi.

“Tolibon” vakili qizni hukumatni qo‘llovchi xalq qo‘shini qo‘mondoni toshbo‘ron qilganini aytdi.

Biroq mahalliy hukumat vakillari 2015 yilgi qatlda “Tolibon” harakatini ayblagan edi. Ismi Ruxshona ekani aytilayotgan juvon kuyovi bilan nikohdan oldin jinsiy aloqa qilganlikda ayblangan. Fojia G‘or viloyati markazi Firuz Ko‘h shahri chekkasidagi G‘almin qishlog‘ida ro‘y bergan.

Ammo afg‘on jurnalistlari va faollari ilk marta 30 yanvarda ijtimoiy tarmoqlarga yuklangan yangi videoda boshqa voqea - G‘or viloyatining Tayvara tumanida yaqinda ro‘y bergan voqea tasvirlanganini aytmoqda.

G‘or Afg‘oniston markazidagi tog‘li va olis hududda joylashgan bo‘lib, mamlakatning eng qashshoq va beqaror joylaridan biridir. Viloyat hukumatining vakolati deyarli Firuz Ko‘h shahridan nariga o‘tmaydi.

Ushbu viloyatda “Tolibon” va sobiq harbiy qo‘mondonlar boshchiligidagi boshqa o‘nlab noqonuniy qurolli guruhlar in qurib olgan. Viloyat Afg‘oniston orqali qurol-yarog‘ va narkotiklar tashishda asosiy marshrut hisoblanadi.

Yangi videokadrlar Afg‘onistondagi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining qahr-g‘azabini qo‘zg‘atdi. Ko‘pchilik “Tolibon”ni aylamoqda.

“Tolibon”ning AQSh bilan Afg‘onistondagi 18 yillik urushga barham berishni ko‘zlagan muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Tinchlik muzokaralari ayrim afg‘onlarning noroziliga sabab bo‘lmoqda, chunki ular “Tolibon”ni terrorchilik tashkiloti deb biladi.

“Bir guruh toliblar gunohsiz ayolni toshbo‘ron qilayotgan videoni Tvitterda ko‘rib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim va chuqur qayg‘uga botdim, − deb yozdi Tvitterda 1 fevral kuni prezident Ashraf G‘anining matbuot kotibi Siddiq Siddiqiy. – “Tolibon”ning islom nomidan qilayotgan vahshiyligi va yovuzligi insoniylikqa qarshi jinoyatdir”.

Bunga javoban, “Tolibon” vakili Tvitterda zino uchun toshbo‘ron qilish “islom qoidasi bo‘lib, uni hech bir musulmon inkor qila olmaydi”, deb yozdi. Yana u bu ishga toliblar aralashmaganini ham aytdi.

Ammo inson huquqi himoyasi faollari bu ”Tolibon”ning ishi ekanini bot-bot takrorlamoqda.

Videodagi ayol nima uchun jazolangani ma’lum emas, chunki Afg‘onistonda erga tegmagan qizlarga uydan chiqishga ruxsat berilmaydi va ular yaqin qarindoshlaridan boshqa erkaklar bilan muloqot qilishi mumkin emas.

Mavjud ijtimoiy me’yorlarni buzgan ayollar qattiq jazolanadi.

Afg‘oniston qonunchiligida zinoda ayblangan kishilarni toshbo‘ron qilish taqiqlanadi, lekin bunday jinoyatni sodir etgan kishilar uzoq muddatga qamaladi. 1976 yilda qabul qilingan Jinoyat kodeksida toshbo‘ron qilish haqida hech qanday gap yo‘q.

Afg‘oniston konstitutsiyasida “hech bir qonun muqaddas islom dini qonun-qoidalariga qarshi bo‘lishi mumkin emasligi” qayd etilgan va asosiy qonunning bu me’yori liberal va demokratik unsurlariga zid bo‘lib ko‘rinadi.

“Tolibon” rejimi 1996-2001 yillarda hokimiyatni egallab turgan payt zino qilganlar omma ko‘z oldida yo otib tashlanar, yoki toshbo‘ron qilinar edi.

“Tolibon” shariat qonunlariga qattiq amal qilishni yoqlaydi, ularda toshbo‘ron qilish yoki qatl etish me’yori mavjud. Harakat nazorat qilayotgan hududlarda nikohdan tashqarida jinsiy aloqa qilgan kishilar yoki o‘limga hukm qilinadi yoki jamoatchilik ko‘z o‘ngida kaltaklanadi.

Afg‘oniston hukumati vakillari “Tolibon”ni ana shunday jazo qo‘llashda ayblab keladi.

XS
SM
MD
LG