Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:55

Samarqandda Hukumat qarori bajarilmayotgani ortidan 168 yosh oila uysiz qolishi mumkin (VIDEO)


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Samarqand shahrida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil, 11 sentabrdagi 760-sonli qarori bajarilmayotgani ortidan 168 yosh oila «imtiyozli asosda beriladigan» uylarga ko‘chib o‘tishdan mahrum bo‘lishi mumkin.

«Imtiyozli asosda beriladigan» uylarni qurgan Agromir Buildings shirkati bu haqda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqini 17 fevral kuni rasman ogohlantirdi.

Shirkat mazkur uylar uchun tashkilotdan 42 milliard so‘mdan ko‘proq qarzdorlikni yopishni talab qilmoqda. “Aks holda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining a’zolari bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilinadi”, deyiladi ogohlantiruv xatida.

Ayni paytda Yoshlar ittifoqi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda imtiyozli kredit ajratish vakolatiga ega emasligini bildirdi. Imtiyozli kredit ajratish vakolatiga ega bo‘lgan bank rasmiysi esa, “bu borada ko‘rsatma berilmaganini" aytdi.

"Imtiyozli" imtiyozsizlik

Imtiyozli uy-joy olish uchun navbati kelgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat kengashi a’zosi Zikrullo Yasakov Ozodlik radiosiga yoshlar ko‘chib o‘tishi kerak bo‘lgan uylar uchun Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 sentabrdagi 760-sonli qarorida belgilangan imtiyozli kredit berilmayotganini ma’lum qildi:

"Bizga arzon uy-joy deb bir kvadrat metri 4 million so‘m bo‘lgan uylarni berishmoqda. Bank kredit foizi esa 16-18 foiz. O‘tgan yili viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov imtiyozli kredit asosida uy olish huquqiga ega bo‘lgan yoshlarni bir joyga yig‘ib, "16 foizlik kredit olishga rozimiz", degan mazmundagi tilxatlarimizni ham majburan olib qolgan edi. Bunday shartlardagi kreditni umuman qaytara olmayman".

Yangi uylardan biriga ko‘chib o‘tgan yoshlardan biri Ozodlik bilan suhbatda katta miqdordagi kreditni qanday to‘lashga boshqi qotib turganini aytdi:

"Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan bizga 7 foiz ustama bilan imtiyozli kredit berilishi lozim edi. Ammo Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Samarqand viloyat filiali imtiyozli kredit berishdan bosh tortib kelayapti. Keyin Yoshlar Ittifoqi qurilish shirkatiga boshlang‘ich badalning to‘lanishini ham ta’minlamagan ekan. Endigina ko‘chib kirgan uyimizdan haydab chiqarishsa, qaerga boramiz?"

Qurilish shirkatiga shu kungacha 42 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ to‘lanmagan

Yoshlar o‘zlari uchun qurilgan “imtiyozli” uylardan ajralib qolishlari mumkinligidan tashvishlanib turgan bir paytda, mazkur uylarni qurgan Agromir Buildings shirkati 17 fevral kuni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Z.Ergashev nomiga rasmiy maktub jo‘natdi.

Fotonusxasi Ozodlikka shirkat tomonidan taqdim etilgan maktubda qayd etilishicha, Samarqand shahri, Qorasuv massivida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining a’zolari bilan 168 ta xonadonni sotib olish to‘g‘risida dastlabki shartnomalar tuzilgan. Maktubda Yoshlar ittifoqi shakllantirishi lozim bo‘lgan boshlang‘ich badalning 2 milliard 312 million 852 so‘mi shu kungacha to‘lab berilmagani qayd etiladi.

Bundan tashqari “O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi a’zolariga ipoteka krediti mablag‘i yo‘qligi sababli, ularga mo‘ljallangan xonadonlar tayyor bo‘lsada, xonadonlarni qolgan 39 milliard 829 million 600 ming so‘m miqdori bir necha oylardan beri to‘lanmasdan qolib ketmoqda”, deyiladi rasmiy maktubda.

Shundan kelib chiqqan holda shirkat Yoshlar ittifoqidan tez orada kredit ajratilishini ta’minlashni talab qilgan va tashkilotni “aks holda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining a’zolari bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilinadi”, deb ogohlantirgan.

Yoshlar ittifoqi va bank nima deydi?

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi axborot xizmatining o‘zini Jaxongir deb tanishtirgan xodimi Ozodlik bilan suhbatda bu masalaga izoh berar ekan:

“Ittifoq faqatgina imtiyozli uy-joylarga munosib nomzodlarni tanlab olish va ipoteka kreditlarining dastlabki badalini shakllantirishga yordam beradi. Imtiyozli kredit ajratish bilan bogliq masalalar esa ittifoq vakolatiga kirmaydi”, deb bildirdi.

Yoshlar ittifoqi Samarqandda yoshlar uchun qurilayotgan uylar boshlang‘ich badalning 2 milliard 312 million 852 so‘mi shu kungacha nega to‘lab berilmagani to‘g‘risidagi savolni Ittifoq vakili izohsiz qoldirdi.

Kredit ajratishga mas’ul Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Samarqand viloyat filiali kredit bo‘limi xodimining shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan bergan ma’lumotiga ko‘ra, Yoshlar ittifoqi vakillari uchun imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha bankning Toshkentdagi bosh idorasi topshiriq berishi lozim edi.

“Biroq shu kungacha Bosh bank tomonidan tegishli topshiriq berilgan emas. Yoshlar ittifoqi vakillariga bankning boshqa mijozlar kabi umumiy talablar asosida imtiyozsiz kredit ajrata olamiz xolos”, deb ma’lum qildi.

Prezident imtiyozli kreditlarni bekor qilgan, lekin yoshlar uchun saqlab qolgan edi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 1 yanvaridan imtiyozli ravishda kreditlar berish amaliyoti bekor qilinishi belgilangan qarorni 2019 yil, 19 noyabrda imzolagan edi.

Inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonda foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanishi ta’kidlangan. Lekin ipotekani kreditlash bo‘yicha davlat dasturlari hamda paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratiladigan kreditlar bundan mustasno qilingan.

Ayni paytda O‘zbekistonda qayta moliyalashning ustama stavkasi 16 foizni tashkil qiladi. “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida kreditlar 8 foiz, “Yoshlar- bizning kelajagimiz” dasturi asosidagi kreditlar 7 foiz ustama bilan beriladi.

Vazirlar Mahkamasining qarorida nimalar deyilgan?

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 sentabrdagi 760-sonli qarori “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Qarorda 2019 yilda yosh oilalar uchun 2116ta turar-joy qurilishi boshlangani aytilgan.

Qarorga asosan yosh oilalarga “uy-joy qiymati dastlabki badalining 65 foizigacha bo‘lgan qismi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobiga 7 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiziga teng bo‘lgan foizli stavkada ssuda tariqasida ajratiladi”.

Bundan tashqari “ipoteka krediti bo‘yicha birinchi besh yil nihoyasiga yetgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng miqdordagi foizlarning 25 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobiga to‘lanadi”.

Shundan kelib chiqqan holda Moliya vazirligiga yosh oilalar uchun qurilishi tugallangan 1064 ta uy-joy qiymatining dastlabki badal mablag‘lari uchun talab etilayotgan 60 mlrd so‘m mablag‘ 2019 yilning II choragi yakuni bo‘yicha bojxona to‘lovlarining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobiga, 2116 ta uy-joy uchun yosh oilalarga to‘lanadigan 72 mlrd so‘m mablag‘ O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining asoslangan hisob-kitobiga muvofiq 2019 yilning III choragi yakuni bo‘yicha respublika byudjetining prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobiga ajratilishi haqida ko‘rsatma berilgan edi.

***

2018 yilning noyabrida buxorolik bir guruh yoshlar prezidentga "arzon" uylarni yanada arzonlatib berish iltimosi bilan murojaat qilgan edi.

Ozodlik e’lon qilgan ushbu videoni quyida ko‘rishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG