Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:49

Tibbiyotchilar aholi orasida "sog‘lomlashtirish tadbirlarini" o‘z cho‘ntagidan o‘tkazmoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

O‘zbekistonlik shifokorlarga haftasiga uch kun jamoatchilik bilan uchrashib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish vazifasi yuklandi.

Targ‘ibotga jalb qilingan yosh shifokorlar bu tadbir ikki oydan beri davom etayotgani, shu davr mobaynida yo‘lkirani va boshqa sarf-harajatlarni o‘z yonlaridan qilayotganlari ularga og‘ir tushayotganidan shikoyat qilmoqda.

Ammo O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish har bir shifokorning burchi ekanini ta’kidlagan holda, buning uchun qo‘shimcha haq to‘lash nazarda tutilmaganini bildirdi.

"Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bizga qimmatga tushayapti"

Ozodlikka bog‘langan marg‘ilonlik yosh shifokorlardan biri sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar uchun har bir shifokorga 37 soatlik norma belgilanganini aytdi:

- Avvallari haftasiga uch kun uchastkalarga chiqar edik. Endi esa yosh shifokorlarga haftasiga uch kun uchastkaga chiqish bilan bir qatorda uchastkadan tashqaridagi mahallalar, maktablar, korxona va tashkilotlarga borishga majbur qilishmoqda. Bu yerda kamida 25-30 odamni yig‘ib targ‘ibot o‘tkazishimiz kerak. Bundan tashqari ommaviy axborot vositalarida chiqishimiz, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus kanallar ochishimiz, videolar qilishimizni talab etishmoqda. Ikki oydan beri ahvol shu. Oyligimiz o‘zi shundoq ham oz. Buning ustiga bunday tadbirlar uchun haftasiga 150-200 ming so‘m yo‘lkira qilayapmiz.

Ozodlik suhbatlashgan oltiariqlik yosh shifokor ham bu gaplarni tasdiqladi. Unga ko‘ra, bu tadbirlarni ish vaqtida amalga oshirish buyurilgan:

- Masalan, men bemorlarni qabul qilish o‘rniga mahallaga yoki maktabga borishim kerak. “Bemorlarni kim qabul qiladi?”, deb so‘rasam, rahbarlar “Boshqa bir shifokor ko‘rib qo‘yar”, deb javob berishdi. Buning ustiga bitta o‘shanday tadbirni o‘tkazish uchun yo‘lkira, ko‘rgazmali vositalar uchun yana 15-20 ming so‘m harajat qilaman. Men-ku, shifokorman, oyligimga eplasam bo‘ladi. Ammo endi ishga kelgan yosh hamshiralar 500-600 ming oylik oladi. Ular juda qiynalib ketishdi.

Yosh shifokorlar o‘z so‘zlarining tasdig‘i o‘laroq quyidagi suratda ko‘rib turganingiz - tadbirlar rejasi aks etgan jadvalni taqdim etishdi.

"Targ‘ibot ishlari uchun tibbiyot xodimlariga haq to‘lanmaydi"

Ozodlik mavzuni o‘rganish doirasida bu masalada Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qildi. Vazirlikning o‘z ismini aytishni istamagan xodimi sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish tadbirlari O‘zbekistonning barcha hududlarida rejali tarzda o‘tkazilayotganini tasdiqladi:

- Bu tadbir prezidentimizning sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish zarurligi to‘g‘risidagi tashabbuslari ortidan boshlangan. Bir necha oydan beri davom etmoqda. Lekin bu tadbirni o‘tkazish shifokorlar uchun majburiyat emas, ixtiyoriydir, - degan rasmiy Ozodlikka mazkur tadbirni o‘tkazish uchun mas’ul shaxs bilan bog‘lanishni tavsiya qildi.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga mas’ul bo‘lgan vazirlik rasmiysi Barnoxon Odilova mazkur tadbirda qatnashgan shifokorlarga qo‘shimcha haq to‘lash nazarda tutilmaganini aytdi:

- Shifokorlar har hafta o‘z uchastkalariga chiqadi. Biz o‘sha uchastkaga chiqqan paytda besh-o‘n odamni to‘plab, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni tavsiya qilganmiz. Bu tadbirning avvalgilaridan farqi shundaki, hozir maqsadli auditoriya, ya’ni sog‘lom turmush tarziga muhtoj odamlarni aniqlab, o‘shalar orasida targ‘ibot o‘tkazish rejalashtirilgan. Har bir shifokor buni o‘z uchastkasida o‘tkazayotgani uchun qo‘shimcha haq yoki yo‘lkira to‘lanmaydi. Hech kim bir shifokorni o‘z uchastkasidan tashqaridagi boshqa bir uchastkaga, uzoq hududga jo‘natishga haqli emas. Bunga majbur qilishga rahbarlarning hech biriga vakolat berilmagan.

O‘zbekiston rasmiylari bundan avval ham byudjetdan maosh olib ishlaydigan tashkilotlar xodimlarini turli tadbirlarga majburiy ravishda jalb qilinmasligi to‘g‘risida bayonotlarni bergan.

Ammo shunga qaramay, joy-joylardan Ozodlikka byudjet xodimlari majburiy mehnatga jalb qilinayotganlari yoki biron bir tadbirga majburiy jalb qilinganlari haqida bildirib keladilar.

Jumladan, Ozodlik o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari va boshqa byudjetdan maosh oluvchi tashkilotlar xodimlari ko‘chalarni va qabristonlarni tozalash, obodonlashtirish kabi ishlarga majburan jalb qilinayotgani to‘g‘risida qator maqolalarni e’lon qilgandi.

XS
SM
MD
LG