Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:40

Andijonda hibsga olingan blogerning uyida tintuv o‘tkazildi


Jo‘rabek Qimizov farzandlari bilan
Jo‘rabek Qimizov farzandlari bilan

Andijon viloyat, Paxtaobod tumanida hibsga olingan haydovchi va bloger Jo‘rabek Qimizovning Uyg‘ur qishlog‘idagi uyida tuman Ichki ishlar xodimlari tomonidan 4 mart kuni tintuv o‘tkazildi. Bu haqda Ozodlikka ayblanuvchining turmush o‘rtog‘i xabar berdi.

Andijon viloyat IIB Axborot xizmati Jo‘rabekning qamalishiga uning YouTube kanalida joylagan videolar sabab bo‘lmagani to‘g‘risida rasmiy bayonot tarqatdi.

Jo‘rabek Qimizovning turmush o‘rtog‘i Asilzoda Xolmirzayevaning Ozodlikka bildirishicha, ularning Paxtaobod tuman, Uyg‘ur qishlog‘i Uchqo‘rg‘on mahallasidagi xonadonida 4 mart, ertalab soat 10-11 larda ichki ishlar xodimlari tintuv o‘tkazgan.

Asilzodaning aytishicha, tintuv u uyida yo‘qligida o‘tkazilgan:

- Umuman yomon narsalar bo‘lib ketdi kechadan beri! Men IIBda bo‘ldim kechgacha, prokuror oldiga kirdim ariza bilan – o‘tgan hafta qilgan arizam bo‘yicha hech narsa qilishmayapti. Viloyat tergov boshlig‘i oldiga kirib, noroziligimni aytdim. U oldimda tergovchi Jasurga buyurib uchrashishga qog‘oz qildirib berdi. Ketishim bilan uyimga tergovchi Jasur borib tintuv qilibdi soat 10-11 larda. O‘g‘lim telefon qilib aytib qoldi. Tergov boshlig‘iga “Aka, nega men ketishim bilan tintuv qiladi – biror narsa tashlab qo‘ysa nima qilaman?!”, desam “Borguningizcha kutib turadi, tintuv qilmaydi”, deb va’da berdi.

Ayolning aytishicha, shahardan qishloqqa yetib borganida tergovchilar uyini tintuv qilib bo‘lgan ekan.

- Bittadan tashqari ular qolgan hamma xonalarni tintuv qilib bo‘libdi. Ular oyoq kiyimini qidirib kelgan ekan. Ikkita soch oladigan mashinka, mening qizimning jemperini, ikkita bloknot, 50 ming qirg‘iz puli va negadir bizning to‘yimiz videokassetasini olib ketishdi. Men bu tintuv sizlarda maqola chiqqanidan keyin qo‘rqitish uchun qilindi, deb o‘ylayman, - dedi Asilzoda Xolmirzayeva.

Andijonlik ayol hozirda Jo‘rabek viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hibsxonasida saqlanayotganini ma’lum qildi.

Ayni damda, Andijon viloyati IIB Axborot xizmati “Rossiya-O‘zbekiston: Andijon IIB taksichi va blogerni nega hibsga oldi?” nomli videolavha bo‘yicha rasmiy ma’lumot” tarqatdi.

Xabarnomada Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Bi-bi-si o‘zbek xizmatida chiqqan “Rossiya-O‘zbekiston: Andijon IIB taksichi va blogerni nega hibsga oldi?” nomli videolavha o‘rganilgani aytildi.

"Fuqaro J.Qimizov o‘zgalarning mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida 2018 yilning avgust oyida Paxtaobod tumanida ro‘yxatda turib, Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan fuqaro I.N.ning narxi 2500 AQSh dollariga teng bo‘lgan 51 juft, Andijon shahrida ro‘yxatda turib, Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan fuqaro Sh.Sh.ning esa jami narxi 500 AQSh dollariga teng bo‘lgan 15 juft qishki ayollar oyoq kiyimlarini ularning yashash xonadonlariga olib kelib berishini va’da qilib, bergan va’dasini bajarmasdan, ushbu fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga zarar yetkazgan", deyiladi rasmiy javobda.

Shuningdek, Andijon viloyat huquq muxofazasi bosh idorasi “J.Qimizov o‘zining YouTube kanalida joylagan videolari ortidan qamalganligi” to‘g‘risidagi “vajlar mutlaqo asossiz bo‘lib, ushbu holatga hokimiyat vakillarining umuman aloqasi yo‘qligi hamda jinoyat ishida o‘z aksini topmaganligi aniqlangani” ma’lum qilindi.

Paxtaobod tuman va Andijon viloyat hokimligi, tegishli tuman va viloyat prokuraturasi bu masalaga o‘z munosabatini bildirganicha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, oddiy andijonliklar muammolarini ijtimoiy tarmoqlarga muhokamaga olib chiqqan bloger Jo‘rabek Qimizov 27 fevralda Paxtaobod tuman ichki ishlar xodimlari tomonidan hibsga olindi. 38 yoshli paxtaobodlik taksichi yigit firibgarlikda ayblanmoqda.

Jo‘rabekning xotini Ozodlik bilan suhbatda erining qamalishiga uning "mahalliy hokimiyatni tanqid qilib chiqqani sabab bo‘ldi" degan edi.

XS
SM
MD
LG