Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:41

Diplomi qalbaki bo‘lib chiqqan sobiq prorektor ustidan jinoyat ishi ochildi


"Falsafa doktori" ilmiy daraja to‘g‘risidagi diplomi qalbaki bo‘lib chiqqan Samarqand "Ipak Yo‘li" turizm xalqaro universitetining sobiq prorektori Azamat Akbarovga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan hujjatda 2020 yil 1 mart kuni Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi B.Abdurahmonov tomonidan Azamat Akbarov harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasida («Hujjat qalbakilashtirish») ko‘rsatilgan jinoyat tarkibi mavjudligi aytilgan.

Jinoyat ishini ochishga asos sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasi Rayosatining 22 yanvardagi №274/1-sonli qarori bilan OAKning o‘zi tomonidan 2019 yil 28 fevralda berilgan 01№00318-raqamli nostrifikatsiya qilingan diplomni o‘zi bekor qilinganligi ko‘rsatilgan.

Akbarovning aybi sudda tasdiqlansa u eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq yoki ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Oliy Attestatsiya Komissiyasi Rayosatidan nima sababdan xorijiy diplomni asl nusxasi bilan tanishmasdan kseronusxaga asosan¸ diplomning haqiqiyligini tekshirmasdan nostrifikatsiya qilgani bo‘yicha rasmiy munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Samarqand "Ipak Yo‘li" turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori 43 yashar Azamat Akbarovning PhD diplomi qalbaki bo‘lib chiqqan sabab 7 yanvar kuni ishdan olingani haqida Ozodlik yanvar oyi boshida xabar bergan edi.

Ozodlik tasarrufida mavjud hujjatlar to‘plamida diplomning qalbaki ekani aniqlanganini borasida ekspertiza xulosasi bor.

Hujjatlarda sobiq prorektorning PhD ilmiy daraja diplomi Sarayevo shahrida (Bosniya va Gersegovina davlati) joylashgan BURCH xalqaro universiteti tomonidan berilganligi ko‘rsatilgan.

BURCH xalqaro universiteti rektori professor Mershid Poturak tomonidan 2019 yilning 16 dekabrida imzolangan xatda bu diplomning soxta ekani aytilgan.

«Xalqaro BURCH Universiteti tomonidan Azamat Akbarovga hech qachon PhD diplomi berilmagan, ushbu ismdagi shaxs biron marta xalqaro BURCH Universiteti PhD talabasi ham bo‘lgan emas. Bundan tashqari, Xalqaro BURCH Universiteti diplomining tashqi ko‘rinishi janob Akbarovning diplomidan farq qiladi» deb ma’lumot beriladi ushbu rasmiy maktubda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga asosan O‘zbekistonda 2019 yilning 1 martidan boshlab xorijiy davlatlarda berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish yengillashtirilgan tartibda amalga oshirishi belgilangan.

XS
SM
MD
LG