Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:44

"Eko aksiya" kambag‘allarni bir oylik majburiy mehnatga jalb qilish kampaniyasiga aylandi


Asakada "Eko aksiya" deb atalgan tadbir¸ asakaliklarga ko‘ra¸ bir oylik tekin majburiy mehnat kampaniyasiga aylangan.
Asakada "Eko aksiya" deb atalgan tadbir¸ asakaliklarga ko‘ra¸ bir oylik tekin majburiy mehnat kampaniyasiga aylangan.

Andijon viloyati Asaka tumanida 9 martda boshlangan bir oylik «Eko aksiya» deb nomlangan hashar doirasida mahallalarda yashovchi kam ta’minlangan va nafaqa oluvchilar majburiy mehnatga jalb qilinmoqda.

Hasharni tashkil qilish va unda qatnashishga majburlanayotgan asakaliklarning Ozodlikka xabar qilishicha¸ tuman yangi hokimi Inomjon Mamadaliyev mahalla raislariga har kuni hasharga kamida 20 kishini olib chiqishni buyurgan. Bu topshiriqni bajarmagan mahalla raislariga esa intizomiy jazo choralari ko‘rilmoqda.

Ozodlik bog‘langan tuman hokimi o‘rinbosari bu xabarlarni rad etishga urindi¸ ayni paytda obodonlashtirish bo‘limi mas’uli¸ ularni tasdiqladi.

"Bizni quldek ishlatishayapti. Aybimiz kambag‘al bo‘lganimizmi?"

Asakada “Eko aksiya” hashariga 9 martdan buyon majburan olib chiqilayotganlardan biri Ozodlik bilan suhbatda tadbirda¸ asosan¸ davlatdan moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilalar vakillari ishlayotganini aytdi:

- Men Birdamlik mahallasidanman. 9 martdan beri har kuni hasharga olib chiqishadi. “Hasharga chiqmasanglar bolalar puli va boshqa moddiy yordamlardan mahrum qilamiz”, deb aytishdi. Shuning uchun hasharga chiqishga majbur bo‘layapman. Bizning mahalla Baraka, Muqimiy mahalla fuqarolar yig‘ini bilan birgalikda “UzAvtomotors” yo‘lida obodonlashtirish ishlarini olib borayapti. Hasharda qatnashayotganlarning hammasi menga o‘xshagan davlatdan moddiy yordam oluvchilar. Yuzga yaqin odammiz. Hammamizni qulday ishlatishayapti. Aybimiz kambag‘al bo‘lganimizmi?”

Mahalla raisi: Har bir mahallaga 200-300 tadan ko‘chat sotib olish majburiyati ham yuklangan!

Ozodlik Birdamlik mahalla raisi bilan bog‘lana olmadi. Biroq boshqa bir mahalla raisi ismi sir tutilishi sharti bilan tumanga 4 mart kuni tayinlangan yangi hokim Inomjon Mamadaliyev o‘zlariga “odamlarni hasharga olib chiqasan” deb qattiq bosim ko‘rsatayotganini aytdi:

- Masalan, Kujgan, Markayuz, Qurama, Bozorboshi, Ozod mahallalari hasharga chiqmayotgan edi. Hokim ularga qattiq ogohlantirish berdi. “Agar hasharga chiqmasanglar¸ intizomiy chora ko‘raman, ishdan bo‘shataman”, deb bosim ko‘rsatayapti. Majbur bo‘lib, odamlarni hasharga olib chiqayapmiz. Bizning kuchimiz yetadigani kam ta’minlangan oilalar. Ularni hasharga olib chiqish uchun “hasharga chiqmasang¸ moddiy yordamni bekor qilamiz”, deb aytayapmiz, chunki boshqa ilojimiz yo‘q. Yangi hokim Inomjon Mamadaliyev har kuni hasharga har bitta mahalla 20 kishini olib chiqishini shart qilib qo‘ygan. Hashar esa bir oy davom etadi.

Suhbatdoshlarning aytishlaricha, har bir mahallaga 200-300 tadan archa va manzarali daraxtlar ko‘chatlarini sotib olish majburiyati ham yuklangan. Mahalla raislaridan biri Asakada yangi tashkil etilgan “Yoshlar bog‘i”ni obodonlashtirish uchun ham har kuni yoshidan qat’iy nazar har bir mahallaga 10 nafardan hasharchi olib chiqish topshirilganini ham aytdi.

Hokim o‘rinbosari: Bizda majburiy mehnat yo‘q!

4 mart kuni Asaka tuman hokimi sifatida ish boshlagan Inomjon Mamadaliyevning mahallalardan hashar deb atalayotgan bir oylik tadbirga tekin ishchi topib berish bo‘yicha bosim qilayotgani haqidagi xabarlarni hokim o‘rinbosari Ikromjon Soipov rad etishga urindi:

- Yo‘q, hech kim hasharga majburan olib chiqilmayapti. Bizda majburiy mehnat yo‘q. Yoshlar, aholi o‘z tashabbusi bilan chiqayapti hasharga. Ko‘chatlarni sotib olishga majbur qilishayapti, degan gap ham asossiz. Obodonlashtirish bo‘limi hammani ko‘chatlar bilan ta’minlayapti. Men aniq ishonch bilan ayta olamanki, ko‘chat sotib olish uchun hech kimga soliq solinmagan. Hammasini davlat hisobidan ta’minlayapmiz.

Ayni paytda tuman obodonlashtirish bo‘limining Asaka-Andijon yo‘nalishidagi "hashar"da qatnashayotgan mas’ullaridan biri o‘z ismi ochiqlanmasligini so‘rab¸ mahalla raislari va hasharchilardan olingan ma’lumotlarni tasdiqladi.

- Obodonlashtirish bo‘limi ko‘chatlar bilan qisman ta’minlayapti. Bu ko‘chatlarni obodonlashtirish bo‘limi ishchilari katta ko‘chalar bo‘ylab ekishayapti. Hozirgacha 2,5 mingta ko‘chat ekdik. Ammo har bir mahallaga, maktab va boshqa tashkilotlarga ham 200-300 tadan archa, manzarali va meva daraxtlari ko‘chatlarini sotib olib, ekish topshirilgan. Ular ko‘chatlarni bozorlardan sotib olib kelishayapti. Ularni biz qabul qilib olib, o‘sha mahallalar hududlariga ektirayapmiz.

Asakada bundan avval har bir amaldorga soliq solingan edi

Ozodlik radiosi 4 mart kuni Asaka tumanida obodonlashtirish ishlari uchun korxona va tashkilotlar rahbarlari o‘z hisobidan 50 tadan 500 tagacha archa, mevali va manzarali daraxt sotib olishga majburlanayotgani haqida xabar bergan edi.

O‘shanda tuman hokimligining ismi sir qolishini istagan vakili Asakada nafaqat korxona va tashkilotlar, mahalla qo‘mitalari, balki hokimlik xodimlarining o‘zi ham o‘z yonlaridan kamida 1 million so‘mlik archa va manzarali daraxt ko‘chatlari sotib olishga majburlanayotganini tasdiqlagan edi.

4 mart kuni Bo‘ston (avvalgi nomi Bo‘z - tahr.) tuman hokimi¸ asli asakalik Inomjon Mamadaliyev Asakaga hokim etib tayinlandi.

XS
SM
MD
LG