Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:48

Niderlandiyada bo‘yoqchilik qilayotgan sobiq tergovchi DXX fitnasi qurboni bo‘lganini aytmoqda


Sobiq tergovchi Shokir Ashurov
Sobiq tergovchi Shokir Ashurov

Samarqand viloyati Samarqand tumani Ichki ishlar bo‘limining sobiq tergovchisi, militsiya katta leytenanti 34 yashar Shokir Ashurov Niderlandiyadagi minglab migrantlardan biri.

Niderlandiyadagi qurilish shirkatida bo‘yoqchilik qilayotgan Ashurov Ozodlik bilan suhbatda¸ “ O‘zbekistonda adolat qaror topib¸ Samarqanddagi ishiga qayta tiklanish” orzusida yashayotganini aytadi.

Ashurov Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining 2018 yil 20 avgustidagi qarori bilan¸ O‘zbekiston Jinoyat kodeksining ta’magirlik va katta miqdorda pora olishda aybdor deb topilgan va 1 yilu 10 oy muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm etilgan.

Jazoni to‘la o‘tab chiqqanidan keyin Ashurov¸ o‘z ta’kidiga ko‘ra¸ “haqqini talab qilgani uchun DXXning Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari bosimiga uchragan” va yana qamoqqa tushmaslik uchun o‘tgan yil oxirida vaqtincha mamlakatni tark qilishga “majbur” bo‘lgan.

"Maqsad qochqinlik olish emas!"

Ashurov aytayotgan gaplar¸ bir qarashda “siyosiy ta’qibga uchraganini iddao qilib¸ Yevropadan boshpana olmoqchi” bo‘layotgan minglab muhojirning “standart” hikoyasidir.

Bu fikrga e’tiroz sifatida Ashurov boshidan o‘tkazganlarni Ozodlik orqali jamoatchilikka hikoya qilishdan maqsad Yevropaning boy davlatidan boshpana olish emas¸ balki o‘z yurtiga qaytish ekanini aytadi.

U o‘ziga nisbatan bo‘lgan "adolatsizliklar"ning O‘zbekiston prezidenti qulog‘iga yetib borishi va Mirziyoyev aralashuvi bilan “muammosi hal bo‘lib adolat tantana” qilishiga ishonadi.

O‘tgan hafta Ashurov Bryusseldagi Yevroparlament binosi oldida turib¸ O‘zbekiston prezidentiga videomurojaat qildi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev! Sizga 36 daqiqalik video murojaat yuborganman, qani biron bir javob yo‘q. Janob Oliy sud Komilov, janob Bosh prokuror Yo‘ldoshev mana sizlarni yuzingiz, hurmatli prezident men Sizga qayta qayta murojaat qilmoqdaman, bu DXX Samarqand viloyat boshqarmasi prokuratura va Sud tizimining tili qisiqligini dalil bilan isbotlayman”¸ deya xitob qiladi Samarqand tumani ichki ishlar bo‘limi sobiq tergovchisi.

Youtube portalida e’lon qilinib 8 ming kishi tomosha qilgan videomurojaatda Ashurov Samarqandda davlatga oid yerlarni sotgan mulozimlar qilmishini tekshirgani ortidan muammoga duch kelganini iddao qiladi.

Shavkat Miromonovich men Samarqandlik amaldorning davlatga oid bir gektar yerni 70 ming dollarga sotganini taftish qilganim ortidan bosimga uchradim"¸ deydi Ashurov bu murojaatida.

(Ashurovning aynan qaysi davlat idorasi va aynan qaysi mulozimni ayblagani haqida aniq ma’lumotlar Ozodlikda bor. Ayni paytda bu shirkat va mulozimlar ismi aybsizlik prezumpsiyasi bois hozircha oshkor qilinmayotir. Ozodlik bundan oldingi surishtiruvlarida Samarqandda davlatga oid yerlarni uy quruvchilarga noqonuniy sotish ko‘lamini ham o‘rgangan.- tahr.)

Sobiq tergovchi Ashurov o‘z murojaatida nohaq tuhmat bilan jazolanganidan keyin ham DXX xodimlari bosimi to‘xtamagani¸ ayni shu bosim tufayli mamlakatdan vaqtincha chiqib ketganini iddao qiladi.

Tergovchi nimada ayblangan ?

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudi qaroriga ko‘ra, 2018 yil 20 avgustida Ashurov ta’magirlik va katta miqdorda pora olishda aybdor deb topilgan va 1 yil 10 oy muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm etilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Shokir Ashurov “Siyob” advokatlar hay’ati advokati Abubakir Toshev orqali “ishni gumonlanuvchi foydasiga hal qilish va’dasi bilan” viloyat SES boshlig‘i Abduhalim Ashurovdan 40 million so‘m (o‘sha kungi davlat kursi bo‘yicha 5000 dollar) pora olishda ayblangan.

Shokir Ashurov prezidentga qilgan murojaatida DXX xodimlari soxta dalillar asosida o‘zini nohaq qamaganini iddao qiladi. O‘z murojaatida sobiq tergovchi unga ochilgan ishda qalbaki dalillar qo‘llanilgani va qo‘yilgan ayblar mutlaqo asossiz ekanini da’vo qiladi.

Ozodlik tasarrufida bu iddaoga O‘zbekiston DXX Samarqand viloyat boshqarmasining munosabatini aks ettirgan hujjat bor. DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xizmat blankasiga yozilib¸ 2019 yilning 21 aprelida tergov bo‘limi boshlig‘i adliya mayori Nurbayev imzo chekkan A 129 raqamli hujjatda “DXX xodimlari tarafidan Shokir Ashurov ishida dalillar soxtalashtirgani haqidagi vajlar o‘z tasdig‘ini topmagani” yoziladi.

Samarqandlik IIV zobitining DXXga nisbatan bildirayotgan ayblovlari yuzasidan bu idoradan munosabat olishning imkoni yo‘q. Hamon O‘zbekistondagi eng yopiq idora bo‘lib qolayotgan DXXning na rasmiy sayti va na matbuot bog‘lanishi uchun ochiqlangan telefon yoki elektron pochta manzili bor.

Bo‘yoqchi adolat istaydi

Sobiq tergovchi Shokir Ashurov Niderlandiyadagi bo‘yoqchilik ishlaridan bo‘sh vaqtida o‘ziga nisbatan o‘qilgan hukmning adolatsiz bo‘lganini isbotlovchi hujjatlarni to‘plash bilan band.

Shu kunda 70 varaqdan oshgan bu hujjatlarni Ashurov O‘zbekiston prezidentiga yo‘llamoqchi.

Ashurovning ishonishicha¸ “prezident bu hujjatlar bilan tanishsa¸ albatta¸ adolatni qaror toptiradi”.

Mirziyoyev va MXX/DXX munosabatlari

2016 yil sentabrida hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay Shavkat Mirziyoyev Milliy xavfsizlik xizmatini keskin tanqid qilishga o‘tgan edi.

MXX amaldorlarini "o‘g‘ri¸xoin va it" deb atagan prezident¸ ularning Karimov davridagi faoliyatini 37-yillar qatag‘oniga qiyoslagan edi.

Xususan¸ 2018 yil 16 fevral kuni Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanida viloyat faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Mirziyoyev¸ aynan MXX bosim va qiynoqlari ortidan ko‘plab o‘zbekistonlikning vatanidan chiqib ketishga majbur bo‘lganini aytgan edi.

“Bitta salgina ko‘kargan odamni taging kim, otang kim, onang kim deb tekshiraverib hammani o‘ldirdi, hamma ishbilarmon Buxorodan ko‘chib ketdi. Boshqa davlatlarda, boshqa yurtlarda, boshqa shaharlarda sarson-sargardon bo‘lib yuribdi, bu ham haqiqat"¸ degan edi Mirziyoyev.

Bunday surunkali tanqidlari ortidan Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 31 yanvar kuni MXX rahbarini¸ o‘sha yilning mart oyida esa¸ uning nomini o‘zgartirib¸ MXXni DXXga aylantirdi.

MXX/DXX raisi o‘zgarganidan ko‘p o‘tmay¸ Mirziyoyev tomonidan tayinlangan DXX rahbari Ixtiyor Abdullayev qamoqqa olindi.

27 fevral kungi Harbiy sud hukmi bilan Abdullayev "mansab vakolatini suiiste’mol qilish, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini ko‘zlab, juda ko‘p miqdorda pora olish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamchilik, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish kabi qator jinoyatlarni sodir etishda aybdor" deb topildi va 19 yillik qamoqqa hukm etildi.

XS
SM
MD
LG