Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:44

O‘zbek rejissyori "Sarvqomat dilbarim" filmidagi o‘pich sahnasini kesib tashlagan Milliy TV bilan sudlashmoqchi


Filmdan parcha
Filmdan parcha

Joriy yilning 20 mart oqshomida, O‘zbekistondagi Milliy TV​ kanali ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida suratga olingan film leytmotivini belgilovchi asosiy kadrlarni kesib tashlab namoyish qildi.

Ozodlik bilan suhbatda film rejissyori 34 yashar Sarvar Karimov “Milliy TV harakatiga huquqiy baho berish uchun yuristlar bilan gaplashayotgani va umuman bu qaychilashlar mualliflik huquqini toptash” ekanligini bildirdi.

21 mart kuni Sarvar Karimovning bu yuzadan yozgan ochiq maktubi ijtimoiy tarmoqning barcha o‘zbek segmentlarida e’lon qilingan edi.

Ochiq maktubda rejissyor Sarvar Karimov filmi kesilgani uchun “Milliy TV”ni sudga bermoqchi ekanini ta’kidlaydi.

Milliy TVning o‘zini tanishtirmagan xodimi esa¸ 24 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda hech kim ularni sudga bermagani va “o‘pishish” sahnasi "o‘zbek xalqining yuksak ma’naviy mezonlariga to‘g‘ri kelmagani uchun" kesib tashlanganligini aytish bilan kifoyalandi.

Kinochi taassufi

Sarvar Karimov o‘z ochiq maktubida “o‘pich” sahnasi metafora ekanligini tushunmagan Milliy TV xodimlari jaholatidan taassuf bildiradi.

Uyalmasdan, mendan ruxsat so‘ramasdan, bir og‘iz maslahatlashmasdan filmning eng muhim sahnalaridan biri bo‘lmish Ilyos va Asalning Issiqko‘l bo‘yidagi bo‘sa sahnasini kesib tashlabsizlar. Avvalambor, bu sahna syujet uchun o‘ta muhim. Qolaversa, aynan shu sahnada filmning g‘oyasiga xizmat qiluvchi kiyik obrazi ilk bora tomoshabin ko‘z oldida gavdalanardi. Bu kiyik metafora bo‘lib, baxt timsolini o‘zida ifoda etadi. Afsuski, sizlar metafora nima ekanini tushunmasangiz kerak.”

Ozodlik bilan qisqa suhbatda rejissyor Karimov¸ kino so‘nggidagi titrlar va kino qahramoni fonida ko‘ringan rassomlik asarlari bilan bog‘liq epizod ham kesib tashlanganidan tashvish bildirdi.

Rejissyorga ko‘ra¸ film qahramoni Ilyosning “Ilhom” teatrida foyesi ko‘rgazma zalida rassom Sardor Erkinovning “Metamorfozalar” degan asarlari fonida yurgan kadr ham kesib tashlangan. Erkinov asarlarida yarim yalang‘och ayollar tasvirlangan va bu tasvir ham efirga ketgan variantdan olib tashlangan.

Sarvar Karimov va qirg‘iz kinodramaturgi Kerez Zarlikova ssenariysi asosida suratga olingan film “O‘zbekkino” milliy agentligi badiiy kengashidan o‘tgan. Badiiy kengash a’zolarida filmdagi o‘pishish sahnasi e’tiroz uyg‘otmagan.

Davlat grantiga olingan film 2019 oktabrida ayni o‘pish sahnasi bilan O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya kinoteatrlarida namoyish etilgan¸ festival va tanlovlarda O‘zbekiston nomidan qatnashgan.

20 mart kuni soat kechki 22 da namoyish qilingan film 16+ degan tamg‘aga ham ega.

Film qizil durrachali qizni sevib qolib keyin ayrilgan haydovchi yigit armonlari haqida.

O‘zbekistonlik taniqli kinorejissyor Rustam Sagdiyev “Milliy TV” tarafidan kinochining asari qaychilanganini ma’qullamasligini bildirdi. Sagdiyevga ko‘ra¸ kinorejissyor asarni qanday tasavvur qilsa shunday suratga olish huquqiga ega.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:14 0:00
Бевосита линк


Toliboncha zehniyat

O‘zbekistonlik san’atshunos Abdumalik Turdiyev Ozodlik bilan suhbatda TV kanallardagi qaychilash ishtiyoqmandlarini ikki guruhga bo‘ladi:

"O‘zbekistondagi telekanallarda saviyasiz va johil odamlar bor. Ular bemalol qo‘l telefonida xizmat joyida ham porno ko‘rib o‘tirishadi. Ammo “O‘tkan kunlar” yoki “Shum bola” filmidagi o‘pishish sahnasini ko‘rib qolishsa¸ “mumkin emas” deya qaychilashadi. Bunga ruxsat beradigan qonun¸ instruksiya bor-yo‘qligi haqida boshini ham og‘ritmaydi. Bular - birinchi guruh.

Ikkinchisi¸ telekanallar ichiga kirib joylashib olgan “toliboncha zehniyat”li xodimlar. Ularning ko‘pi Turkiyada terrorchi deb topilgan Gulan tarafdori ekani haqida ma’lumot bor. Esingizda bo‘lsa¸ “nurchilar” ishi deya o‘nlab kishi telekanallardagi ishidan bo‘shatilgan edi. Bular O‘zbekistondagi mavjud konstitutsiya ato qilgan erkinliklarga g‘oyaviy qarshi odamlar. Ular avvaliga sport kanallarida ko‘rinmasgina bo‘lib ishlab¸ shtat ro‘yxatiga kirishadi. Keyin sekin boshqa kanallarga yoyilishadi. Bu yomon va jamiyatni tolibonlashtiradigan tendensiya”¸ deydi Turdiyev.

Suhbatdosh ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentlarida “Chingiz Aytmatov kitobini o‘qimaganman¸ kinosini ko‘rmaganman¸ ammo uyatsiz rejissyorni la’natlayman” degan kampaniya ham o‘sha tolibon zehniyatli mediatorlar tomonidan parvarishlanayotganidan xavotir bildirdi.

O‘zbek o‘pishmaydimi?

Kinochi Sarvar Karimov ochiq maktubida mavjud konstitutsiyaga xilof ravishda o‘zidan axloq politsiyasi yasab olgan xodimlarga savol beradi.

Ikki odam kadrda o‘pishsa, musaffo osmonimiz uzilib¸ qaro yerga qulab tushadimi? Yoki o‘zbek o‘pishmaydimi? Yoki bu filmda uydan qochib, ko‘cha-ko'yda o‘pishib yurish targ‘ib qilinganmi? Filmni ko‘rayotganda mundoq umumiy ma’no-mazmuniga ham ahamiyat berasizlarmi? Yoki aqlu farosatingiz faqatgina asarni alohida-alohida kadr darajasida ko‘rishdan uyog‘iga o‘tmaydimi?"

"Kichkina Vera"dan boshlangan katta qaychilash

O‘zbekistonning yaqin tarixida sevgi sahnalari eks etgan kinolarni taqiqlash yoki qaychilash 1990 yilda boshlangan. “Kichkina Vera” filmi Moskvadan - Markaziy televideniyedan namoyish qilinganida, O‘zbekiston bu translyatsiyani O‘zbekiston hududida to‘xtatib qo‘ygan edi.

El’yor Eshmuhammedov suratga olgan "Shok" filmidan esa avvaliga basseynda cho‘milayotgan ayollar qismi kesib tashlab namoyish qilingan¸ oxirida esa butunlay taqiqlangan edi.O‘tgan 30 yilga yaqin davrda o‘zbek telekanallarida 20 ga yaqin film namoyishi taqiqlandi.

Ular orasida "O‘zbetelefilm"da davlat mablag‘iga suratga olingan "Sudxo‘rning o‘limi" va xususiy tadbirkorlar sarmoyasi asosida suratga olingan "Tohir-Zuhra 2" filmlari bor.

Bundan 13 yil oldin taniqli kulgi ustasi marhum Obid Asomov kinoprodyuserligida olingan "Fotima-Zuhra 2" filmining nega taqiqda qolayotgani hozirgacha noma’lum.

Kinochilarni rom qilgan “Qizil durracha”

Ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatov tarafidan 1956 yili yozilgan va qator sovrin, mukofotlarga sazovor bo‘lgan “Sarvqomat dilbarim” yoki “Qizil durrali nozik niholim” qissasining bir qancha kino talqinlari mavjud.

Ularning aksarida Chingiz Aytmatovning o‘zi ssenarist sifatida qatnashgan.

Bu asar asosidagi ilk fim 1961 yili kino rejissyor Aleks Saxarov tomonidan “Frunzefilm” studiyasida “Pereval” — “Dovon” nomi bilan ekranlashtirilgan edi.

Film 1962 yil O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlari kinematografiyachilari tanlovida “Eng yaxshi ssenariysi uchun” diplomini olgan edi.

1972 yilda Chingiz Aytmatovning aynan shu asariga "Mosfilm"ning “Yunost” ijodiy birlashmasida ekranlashtirish uchun kinorejissyor Irina Poplovskaya va ssenariy muallifi sifatida Chingiz Aytmatovning o‘zi taklif etilgan edi.

Asar “Men Tyan Shan” nomi bilan melodrama janrida ekran yuzini ko‘rgan va 1973 yil 19 martda Moskvada premyerasi bo‘lib o‘tgan edi.

Bu taqdimotda qatnashgan kinochi Ali Hamroyev Ozodlik bilan suhbatda¸ film o‘sha davr ijodiy jamoatchiligi tarafidan yaxshi qarshilanganinini aytgan edi.

1978 yilning 11 noyabrida Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida “Kırmızı Eşarp” (“Qizil durracha)” badiiy filmi turk ijodkorlari tomonidan taqdim etildi.

Filmni Turkiyaning taniqli kinorejissyori Atif Yilmaz ekranlashtirgan¸ Asal rolini esa Turkiyaning o‘sha davrdagi mashhur kino aktrisasi, sohibjamol Turkan Sho‘ray (Türkan Şoray) ijro qilgan edi.

XS
SM
MD
LG