Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:43

Koronavirus o‘zbek ijodkorlari uchun "ilhom parisi"ga aylandi


Bobur Ismoilov asari
Bobur Ismoilov asari

Taniqli o‘zbek rassomi¸ 47 yashar Bobur Ismoilov 25 mart kuni o‘zi yaratgan «Sirg‘a» deb nomlangan rangtasvir asarini Toshkentda jamoatchilikka taqdim qildi.

O‘zbek shoirlari koronavirus turtkisida hassos savollar qo‘yilgan she’rlar yozmoqda¸ uyida o‘tirib yangi ashula yozayotganlar aholini ham o‘z qo‘shig‘i bilan uydan chiqmaslikka da’vat qilmoqda.

Madaniyat vazirligi esa 24 mart kuni "Uydagi yulduzlar" tanlovi e’lon qilib¸ uydan chiqmay yaratilgan eng yaxshi ijod namunalari uchun 2 million so‘mlik mukofot va’da qildi.

Dunyoni go‘zallik qutqaradi...

Ismoilovning san’atshunos va munaqqidlar tarafidan iliq qarshilangan yangi asari qahramoni koronavirusdan o‘zini himoya qilib tibbiy niqob taqqan sohibjamol ayoldir. ​

O‘zbek tasviriy san’atini xalqaro ko‘rgazmalarda tamsil qilib kelayotgan rassom Bobur Ismoilov Ozodlik bilan suhbatda ijodkorning vazifasi bugungi borliqni aks ettirish deb bilishini aytadi:

- Rassom asari bu o‘ziga xos toshoyna. U bugungi kunimizni aks ettiradi. Men chizgan asar qahramoni tibbiy niqob taqib olgan. Ammo u o‘ziniing go‘zalligini o‘ylab¸ qulog‘iga sirg‘a taqmoqda. Demak atrofda falokat yuz bersa ham¸ ayol kishi go‘zallikka talpinadi. Shuni aks ettirdim.

47 yashar toshkentlik rassom Bobur Ismoilov qatnashgan “Dilxiroj”, “O‘rtoq Boykenjayev” kabi filmlar xalqaro kinofestivallarda sovrinlar olgan.

Bobur Ismoilovning asarlari O‘zbekiston va xorij davlatlaridagi galereyalarda saqlanadi.

Ko‘ngil dezinfeksiyasi?

Bobur Ismoilov koronavirus pandemiyasi davridagi kayfiyatni ifodalashga uringan birinchi o‘zbek ijodkori emas.

Koronavirus mavzusida undan oldinroq shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq ham she’r e’lon qilgan edi.

Shoir nazarida insoniyat bu kasalga davo topadi¸ ammo «millat ruhidagi koronavirus davosiz qolishi mumkin».

Xaloyiq,

Ne uchun turibsiz loqayd?

Nega yopmaysiz dil chegarasini?

Kelajak avlodni o‘ylang loaqal –

Nevara, evara, chevarangizni.

Ularga yuqmasin sizdan zarra gard,

Ko‘ngil ostonasin xlorlab yuving,

Dilga niqob taqing –

Kirmasin mikrob.

Qo‘lingizni bering –

O‘yim yo‘q qiya,

Savolim noo‘rin bo‘lsa gar, ayting:

Qilganmisiz dilni dezinfeksiya?!

Qalbingizda qachon bo‘lgay karantin?!

Xonandalar koronavirusni qo‘shiqqa soldi

Rassom va shoirlar qatorida xonandalar ham¸ ayni kunlarda dunyo bo‘ylab «trendga chiqqan» bu mavzuni qo‘shiqqa solish payiga tushdi.

Xususan¸ yoshlar orasida mashhur «Ummon» guruhi «Uyda jim o‘tiring» degan qo‘shiq bilan chiqdi. Ijodi bahslarga sabab bo‘lgan Aziz Nasafiy ijrosidagi «Koronavirus» qo‘shig‘i ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida xitga aylandi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi esa «uyda o‘tirib koronavirus mavzusida ijod qilayotganlar»ni olqishlab¸ ular yaratgan asarlarning eng saralariga 2 million so‘mlik mukofot va’da qildi.

Rassom Bobur Ismoilov Ozodlik bilan suhbatda «mukofot uchun emas¸ balki borliqda kechayotgan jarayonni aks ettiriish uchun qo‘liga mo‘yqalam olganini» aytdi.

Madaniy tadbirlar bekor qilindi

Koronavirus pandemiyasi nafaqat O‘zbekiston¸ balki butun dunyodagi ommaviy madaniy tadbirlarni falaj holiga keltirdi.

Pandemiya bois Fransiyadagi Kann kinofestivali¸ Venetsiyadagi rassomlar biennallesi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi; o‘nlab taniqli qo‘shiqchilarning ulkan stadionlarga belgilangan konsertlari bekor qilindi.

Koronavirus ijodkorlar uchun ilhom parisi?

Bunday falajlikka qaramay¸ san’atshunos Abdumalik Turdiyev «epidemiyalarning doimo ijodkorlar uchun ilhom manbai bo‘lib kelgani»ini aytadi:

- Hozir kimdir epidemiya haqida kinossenariysi yozayotgani aniq. Har doim Hollivud kinolarida ko‘radiganimiz falokat ichida real yashayotgan ijodkor naqadar omadli ekanligini o‘ylab ko‘rasizmi? Epidemiya insonlarning ichidagi oddiy hayotda ko‘rinmaydigan salbiy va ijobiy taraflarini yarq etib ko‘rsatadigan ekstremal holatdir. Bu esa ijodkor uchun eng kerak narsa. Umuman shu paytgacha yozuvchilar asarlarida epidemiyalar kasallik mavqeidan ko‘tarilib¸ absolyut yovuzlik timsoli sifatida tasvirlandi. Alber Kamyuning «O‘lat» ¸ Pushkinning «O‘lat paytidagi ziyofat»¸ Bokkachoning «Dekameron» asarlarini eslash kifoya.

Xitoy va Janubiy Koreyadagi yopilgan muzeylar ochilmoqda

Shanxaydagi o‘nlab muzey, jumladan Xitoy badiiy muzeyi va Power Station of Art zamonaviy san’at muzeyi qaytadan faoliyatini boshladi.

Bu haqda xabar tarqatgan ARTnen portali 23 mart kuni Seuldagi zamonaviy san’at Milliy muzeyi ochilganini ham ta’kidladi.

Ushbu madaniyat maskanlari yanvar oyi oxirlarida omma uchun eshiklarini yopgan edi.

Bu muzeylarning ochilishi "pandemiyani yengish mumkin" degan umidli ishorat sifatida ko‘rilmoqda.

XS
SM
MD
LG