Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:52

Nyu-York hayvonot bog‘idagi yo‘lbarsga koronavirus yuqqani aniqlandi


Nyu-York hayvonot bog‘idagi 4 yoshli Malayziya yo‘lbarsi Nadi.
Nyu-York hayvonot bog‘idagi 4 yoshli Malayziya yo‘lbarsi Nadi.

Nyu-York shahrining Bronks tumanidagi hayvonot bog‘ida yo‘lbars tekshirib ko‘rilganda, COVID-19 ni yuqtirgani aniqlandi. Bu haqda yakshanba kuni bog‘ ma’muriyati bayonot berdi. Jonivorga virusni qarovchisi yuqtirgani, ammo o‘sha paytda unda kasallik alomatlari bo‘lmagani aytilmoqda.

Nadi ismli 4 yashar malay yo‘lbarsi, undan keyin tug‘ilgan Azul, ikkita Amur yo‘lbarsi va uchta Afrika sherining barchasini quruq yo‘tal tutgani va ular butunlay sog‘ayib ketishi kutilayotgani aytilgan shahar hayvonot bog‘larini boshqarayotgan Yovvoyi tabiatni asrab qolish jamiyati tarqatgan bayonotda.

“Biz ushbu yo‘lbarsni o‘ta ehtiyotkorlik bilan tekshiruvdan o‘tkazdik hamda COVID-19 haqida oladigan har qanday bilimimiz jahon jamoatchiligining ushbu yangi koronavirusni bundan buyon tushunib olishiga hissa bo‘lib qo‘shiladi, ‒ deyiladi jamiyat bayonotida. ‒ Garchi Bronks hayvonot bog‘idagi jonivorlar ishtahasi bir oz bo‘g‘ilgan bo‘lsa-da, ularning veterinariya doktorlari nazorati ostidagi ahvoli yaxshi, barcha parvarishlovchilariga bemalol, tetik va interfaol javob qaytarmoqda. Turli jonivorlar yangi infeksiyalarga turlicha reaksiya bildirgani uchun bu "katta mushuklarda" kasallik qanday kechishi ma’lum emas, biroq biz ularni yaqindan kuzatib boramiz va to‘liq sog‘ayib ketishini kutamiz.

Koronavirus yuqtirib o‘lgan kishilar soni 4000 ga yetgan Nyu-York shahridagi 4 ta hayvonot bog‘i va 1 ta akvarium 16 martdan beri yopiq.

Hayvonot bog‘i ma’muriyati qayd etishicha, “Uhan bozoridagi dastlabki voqeadan boshqa hollarda COVID-19 virusining hayvonlardan odamga yuqishi isbotlanmagan hamda AQShda biror kishiga COVID-19 jonivorlar, jumladan, uy itlari yoki mushuklaridan yuqqaniga hech qanday isbot yo‘q”.

Xitoyning kasalliklar nazorati idorasi rasmiylari Uhan bozorida sotilgan va pandemiya manbasi sifatida butun dunyoda bir milliondan oshiq kishiga virus yuqtirgan yovvoyi hayvonlarni aniqladi.

AQSh Qishloq xo‘jalik vazirligi vebsaytida yo‘lbars Nadiya haqida xabarlar tarqalishidan oldin Qo‘shma Shtatlarda koronavirus bilan og‘rigan “uy hayvonlari yoki boshqa jonivorlar haqida xabarlar” olinmagani ma’lum qilindi.

“COVID-19 bilan og‘rigan kishilar ushbu virus haqida qo‘shimcha ma’lumot aniqlanmaguncha jonivorlar bilan kontakt qilishni cheklash tavsiya etiladi”, deyiladi vebsaytda

Mart oxirida Belgiyada yangi koronavirus yuqtirgan mushuk tuzalgani, undan oldin esa Hongkongda ikkita it COVID-19 yuqtirgani haqida xabarlar berilgan edi.

Ushbu hayvonlar virusni birga yashaydigan odamlardan yuqtirgan deb hisoblanadi.

Bronks tuman hayvonot bog‘i ma’muriyati shahar hayvonot bog‘laridagi ham qarovchilar, ham hayvonlarga kasallik yuqishi oldini olish choralari ko‘rilayotganini aytdi.

XS
SM
MD
LG