Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:56

Muhojirlar yuristi: Karantinga qaramay Rossiyada patent to‘lovlari bekor qilingani yo‘q! (VIDEO)


Migratsiya masalalari bo‘yicha yurist Botirjon Shermatov
Migratsiya masalalari bo‘yicha yurist Botirjon Shermatov

2020 yilning 15 aprelidan Rossiya poytaxti va Podmoskovyeda koronavirus tarqalishiga qarshi chora sifatida shaxsiy va davlat avtotransportida harakatlanishga oid maxsus ruxsatnomalar joriy etildi. Bu cheklovlar, ayniqsa, Moskva mintaqasida kasallik tez tarqalib borayotgani bilan bog‘liq ekani aytilmoqda.

Rossiya hukumatining bu va boshqa qarorlari o‘zbek muhojirlari hayotiga qanday ta’sir o‘tkazadi? Ozodlik shu va boshqa savollariga migrant.mobi portali asoschisi, yurist Botirjon Shermuhammad javob berdi.

Rossiya hukumati 28 martda joriy etgan “o‘zini yakkalash” rejimini 15 apreldan yanada kuchaytirayotganini e’lon qildi.

Rossiya hukumati qabul qilgan choralarga qaramay mamlakatda koronavirus epidemiyasi tarqalishi to‘xtamayapti va ahvol, ayniqsa, Rossiya poytaxtida yomon.

11 aprel kuni Moskva hokimi Sergey Sobyanin va oblast gubernatori Andrey Vorobyov e’lon qilgan qarorlarga ko‘ra, 15 apreldan grajdanlarga shaxsiy va davlat avtotransportida harakatlanishga maxsus ruxsatnomalar joriy etiladi. Bu ruxsatnomalarni 13 apreldan onlayn rasmiylashtirish boshlandi.

Harakatlanishga doir yangi cheklovlar Rossiyada qolayotgan milliondan ziyod o‘zbekistonlik musofirlar hayotiga qanday ta’sir o‘tkazishi mumkin? Karantin holatida qanday hujjatlar rasmiylashtirish lozim? Muhojirlarning bu va boshqa savollariga Migrant.mobi portali asoschisi, yurist Botirjon Shermuhammad javob berdi.

- Botirjon, Moskva shahri va viloyati bo‘yicha joriy etilgan cheklovlar nimalardan iborat?

- 15 aprel, dushanbadan boshlab Moskva meri va viloyat gubernatori qarori bilan 3 xil bosqichda cheklov kiritildi. Birinchisi - ishga borish, oziq-ovqat do‘konlari, dorixona, ayrim davlat tashkilotlari, OAV, transport, moliya tashkilotlaridan tashqari barcha korxonalar ishlamaydi. Kuryer bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz esa ishxonasidan maxsus ruxsatnoma oladi. Jumladan, qurilish kompaniyalari ishi to‘xtaydi, faqat litsenziyalangan taksilarga ijozat bor. Ikkinchisi - ko‘chaga chiqishga doir cheklovlar. Ya’ni, uyidan 100 metr uzoqlikda ushlangan shaxs ma’muriy jarimaga tortiladi. Uchinchisi - zarurat yuzasidan biror joyga chiqishga har bir odam ruxsatnoma rasmiylashtirishi kerak.

13 apreldan har bir tashqariga chiqmoqchi bo‘lgan shaxs Mos.ru saytida ariza rasmiylashtirib olishi shart. Bu ruxsatnoma ham shaxsiy, ham davlat avtotransportida ketayotgan yo‘lovchilarda bo‘lishi lozim.

Yangi qoidalar 14 yoshga to‘lmagan bolalarga taalluqli emasligi ta’kidlandi.

- Bugungi kungi Rossiyadagi vaziyatga qanday baho berasiz?

- Hozirgi kunda joriy qilingan - “karantin” deysizmi, “samoizolyatsiya” deysizmi, - “ko‘chaga chiqmaslik” rejimi qachon tugashini hech kim bilmasligi va ertangi kunni rejalashtirishning imkoni yo‘qligi odamlarni xavotirga solmoqda. Chegara qachon ochiladi, ishlashga qachon ruxsat beriladi, ko‘chaga qachon chiqish mumkin bo‘ladi, patentlar nima bo‘ladi,- hech kim bilmaydi! Ana shu mavhumlik odamlarda vahima uyg‘otayapti.

Ustiga-ustak, yangi qarorlar, qoidalar va o‘zgarishlar hukumat tomonidan kiritilayapti-da, odamlar gangib qolayapti. 15 apreldan 30 aprelgacha izolyatsiya uzaytirilishi, yangi jarimalar...

- Bunday mavhumlik holatida yurist sifatida muhojirlarga nima tavsiya qilgan bo‘lardingiz?

- Putinning bir nechta chiqishlaridan keyin hatto menda xavotirlar paydo bo‘ldi. Odamlar qanday pul topadi, tirikchiligi nima bo‘ladi? Registratsiyani uzaytirishni imkoni yo‘q endi - ishlamayapti. Yurtdoshlarimizga yangiliklardan xabardor bo‘lib turishni tavsiya qilaman. Dostavkaga kuryer bo‘lib ishga kirib bo‘lsa ham vaqtinchalik ozgina pul topib ishlab turishsin. Hozirda ehtiyoji bor ishlarni qilib turish kerak.

Ichki ishlar tomonidan Rossiyadagi migrantlarga biroz yengillik berildi - 19 martdan registratsiya va patentni cho‘zish imkoni berildi. Hozir biz patent to‘lovlarini ham to‘xtatib turishni so‘rayapmiz, buni ham yechimi bo‘lsa kerak. Lekin to‘lovlarni hozircha hech kim bekor qilgani yo‘q.

Bunday sharoitda har-xil firibgarlar paydo bo‘lyapti, yolg‘on ma’lumotlar va feyklar tarqatilyapti. Hatto O‘zbekistonga qaytishga biletlar ham sotyapti kimdir - shulardan ehtiyot bo‘lish va ozmi-ko‘pmi pulingizni tejab turishingizni so‘raymiz.

Eng asosiysi - bugungi kunning eng dolzarb muammosi iqtisodiy inqiroz emas. Hozirgi kunda muhimi - odamlarning sog‘ligi va xavfsizligi bilan bog‘liq masala birinchi o‘rinda. Bunday favqulodda vaziyat ko‘pchilikning umrida birinchi marotaba bo‘lyapti! Epidemiya davridan sog‘-omon chiqib olish zarur. Shu bois, hukumatlar tomonidan kiritilgan cheklovlarni to‘g‘ri qabul qilishlari kerak, deb o‘ylayman. Gigiyenaga, ijtimoiy masofaga rioya qilish kerak. Iqtisodiy muammolar epidemiya ketganidan keyin hal qilinadi.

- Juda ko‘pchilik Ozodlikka “Patentni to‘lamasak, registratsiya qilmasak nima bo‘ladi?” degan savol bilan murojaat qilishayapti. Bu masalada nima degan bo‘lardingiz?

- Patent to‘lovi bo‘yicha hech qanday yengillik berilgani yo‘q. Bu masalada juda ko‘pchilik hukumatga murojaat qilayapti - biror yechimi topilsa kerak, deb kutyapmiz. Patent to‘lovi qilinmasa, belgilangan kundan ertasiga bu patent bilan ishlashga imkon bo‘lmay qoladi. Keyin, bu patent asosida registratsiya muddatini uzaytirishga imkoni bo‘lmay qoladi! Ya’ni, chet el fuqarosi noqonuniy holatga o‘tadi.

Hozircha ko‘chaga chiqishga taqiq qilinmagan, yashash joyidan 100 metr atrofda aylanish ham mumkin, uzoqroqda ushlasa jarima solib qo‘yvorishlari mumkin. Lekin, boshqa narsa borki, Rossiya qonunchiligi bo‘yicha 30 kundan ortiq registratsiyasiz yurgan fuqaroga mamlakatga kirishga taqiq qo‘yilishi mumkin. Shu sababli patent to‘lamasdan, registratsiya qilmasdan 30 kundan ortiq yuradigan bo‘lsa, keyinchalik kirish-chiqishda muammolar yuzaga kelishi aniq.

Qo‘shimcha qilmoqchi edim... 19 mart kuni registratsiyasi va patenti tugaganlarga muddatini cho‘zib berish haqidagi yengilliklar ko‘plab muhojirlarimizga to‘g‘ri kelmaydi, sababi uzaytirish uchun ular registratsiyaga turgan uy, kvartira yo hostel egasi bilan ichki ishlar bo‘limiga borishlari va tasdiqlashlari kerak. Uy egalarining asosiy qismi u yerga borishni istamaydi yoki ko‘pchilik bu registratsiyani sotib olgan! Bizning hisobimizga ko‘ra, migrantlarimiz 90% shunday holatda. Ya’ni, Rossiya hukumati chiqargan bu “yengillik” atigi 10 foizcha xorijlikka taalluqlidir.

- Ko‘chaga chiqish kimlarga mumkin, jarimalar kimlarga solinyapti? “Karantin” va “samoizolyatsiya” o‘rtasida nima farq bor?

- Chet eldan Rossiyaga kirib kelganlar 14 kunlik “karantin”da bo‘lishi kerak. Karantinni buzganlarga jinoiy va ma’muriy javobgarlik bor. “Samoizolyatsiya” qonunda aks etmagani sababli Ma’muriy kodeksning ba’zi bir moddalari asosida 1000 rublgacha jarimaga tortishyapti. Bu masalada mer qarori chiqdi, Moskva ma’muriy javobgarlik kodeksiga qo‘shimcha kiritildi - 5 ming rublgacha oshirildi.

Ko‘chaga chiqish ishxonasidan maxsus ruxsatnomasi borlarga mumkin. Odamlarga oziq-ovqat do‘koni, dorixonalarga shifoxonalarga borish, uydan axlat olib chiqishga taqiq yo‘q.

Lekin, bu yerda boshqa bir muammo kelib chiqadi. Ko‘plab muhojirlarimiz registratsiya joyi bo‘yicha yashamaydi va do‘konga ketayotganida politsiya tomonidan to‘xtatilib, jarima solinishi mumkin! Rossiya qonunchiligi bo‘yicha oxirgi 3 yilda ikki marotaba ma’muriy qoidalarni buzgan deb topilgan migrantga 3 yilga kirishga taqiq qo‘yilishi mumkin.

- Muhojirlar masalasidagi talablarni Rossiya hukumati eshityaptimi?

- Biz o‘zimiz hayronmiz: qaror qabul qiladigan tashkilotlarga biror fikrni yetkazish mushkul. Masalan, registratsiya paytida uy egasini olib kelish tartibini yo‘q qilish, qayd va patent masalalarini Internet orqali hal etish; yilda bir chegaraga chiqib-kirishning foydasi yo‘qligi: pul sarflab, vaqt ketkizib, Qozog‘iston chegarachilariga pul berib va avariyalarga uchrab kelish kimga kerak?! Biz davlat bojini kiritib qo‘yishni o‘rniga qo‘yishni so‘rayapmiz. Shu kabi muammolarni yetkazishning iloji bo‘lmayapti. Chunki bu SSSR paytidan qolgan tartibsizlik ortida cho‘ntagini qappaytiradiganlar ko‘p! Ular hal bo‘lmaguncha migratsiya muammolari tugamaydi. Biz hatto Chexiya va O‘zbekistonda qabul qilingan qoida - “izolyatsiya” holati joriy qilingan kuni hujjati joyida bo‘lgan xorijlikdan patent to‘lash va registratsiyani uzaytirish talabi qo‘yilmasligini, ko‘chada politsiya bu hujjatlarni so‘ramasligini talab qilmoqdamiz Rossiya hukumatidan.

Bular esa bir tomondan “uyda o‘tiring, ko‘chaga chiqmang, kasallik yuqtirmang” deyapti, boshqa tarafdan esa registratsiyani uzaytirishni, patentni to‘lashni talab qilmoqda.

XS
SM
MD
LG