O‘zbekistonliklar Ramazon ro‘zasini tutayotgan ayni kunlarda¸ rasmiy diniy idoralar¸ masjid imomlari o‘z qavmini "zakot mablag‘larini hamda fitr va fidya sadaqalarini “Vaqf” hayriya jamoat Fondi va uning hududiy bo‘linmalari hisob raqamlariga" o‘tkazishga da’vat qilmoqda.
Ayni shunday¸ o‘zbekistonlik musulmonlarga koronavirus epidemiyasi paytida qiynalib qolgan muhtojlarga o‘z pul ehsonlarini ham "Vaqf" fondiga o‘tkazish tavsiya etilmoqda.
Davlat byudjeti va jamoatchilik xayriyalari hisobiga faoliyat yurg‘izayotgan bu fond¸ Ozodlikning yana bir surishtiruvidan ayon bo‘lishicha¸ bu mablag‘larning qachon va nimaga sarflanayotgani borasida noshaffofligicha qolmoqda.
Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar va fond faoliyatidan bevosita xabardor mulozimlar ko‘rsatmalaridan¸ "Vaqf" xayriya jamoat fondining tender o‘tkazmay turib¸ milliardlab so‘m mablag‘ni iqtisodiy jihatdan ziyonli loyihalar uchun egasi shubhali shirkatlarga o‘tkazib bergani tushuniladi.
Xususan¸ 2019 yilda Surxondaryoda “qurilgan” mehmonxona fondga katta zarar keltirgan. Bu iddaoni ilgari surgan "Vaqf" xayriya jamoat fondini yaqindan bilgan mulozimga ko‘ra¸ birovlar xayriya tarzida bergan tayyor bino "o‘zimiz qurdik" deb rasmiylashtirilgan va unga yana bir yarim milliard so‘m sarflangan.
Xuddi shu tarzda Samarqand viloyati Chelak tuman hokimi qaroriga binoan tekin ajratilgan yerda “Vaqf”ga oid mehmonxona qurilishi boshlangan. Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois Ozodlik bilan ismi sir qolishini so‘rab gaplashgan mulozimga ko‘ra¸ hali qurilish boshlanmasdan turib 2 milliard so‘m shubhali qurilish shirkatiga o‘tkazib berilgan:
- Tender o‘tkazilmadi. Loyiha qurilish smetasini hech kim ko‘rgani ham yo‘q. 20 milliard so‘mga qurib beraman¸ deb Sharqiy zamona qurulish MChJ ishni o‘z zimmasiga olgan. Nega 20 milliard? Qayerdan chiqdi bu summa? Hech qanday asos yo‘q. Hali ish boshlanmasdan turib 2 milliard so‘mni qurilish firmasiga o‘tkazib berishdi. Sharqiy zamona qurulish shirkati joriy muftiy Usmonxon Alimovning qarindoshiga tegishli.
Suhbatdosh o‘z gapi isboti sifatida pul ko‘chirilgani haqidagi “Vaqf” muhri bosilgan moliyaviy hujjatlarni Ozodlik muxbiriga e’lon qilmaslik sharti bilan ko‘rsatdi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbarining moliviy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Zohidjon To‘rayev Ozodlik bilan suhbatda pul o‘zlashtirish borasida iddaolarni izohlamadi¸ ammo qurilishlarning tendersiz o‘tkazilganini tasdiqladi:
-Tender o‘tkazilmagani rost gap. Surxondaryo viloyatidagi Hakim Termiziy ziyoratgohi yaqinida "Vaqf" xayriya jamoat fondining birinchi mehmonxonasi binosi xususiy shaxs tarafidan vaqf qilib¸ fondga berilgani ham to‘g‘ri. Binoni ta’mirlash va mebellar olish uchun bir yarim milliard sarflandi. Chelak tuman hokimi ajratgan yerga qurilishi rejalangan mehmonxona buyurtmasini tendersiz tarzda OOO Sharqiy zamona qurilish shirkatiga topshirildi. Umumiy qiymati 20 milliardlik buyurtma yuzasidan 2 milliard so‘m qurilish firmasiga o‘tkazildi. Shirkat egasini "Eshon bobo" deb juda hurmatlashadi. Menimcha u firma podstavnaya, eshon uning kuratori, o‘zini ko‘rmaganmiz, vakili kelgan fondga. Ammo pul o‘zlashtirishni maqsad qilmaganmiz. Boshqalar faqat qonun oldida javob bersa¸ biz ham qonun¸ ham Olloh oldida javob beramiz.
Fondning moliyaviy masalalar bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Zohidjon To‘rayev o‘z so‘zida davom etib¸ "20 milliard degan loyiha qiymati hujjatlar bilan asoslanmaganligini" ta’kidladi.
- Shirkat egasi umuman noma’lum, tanishtirmagan ham. Shartnoma tuzish uchun Vasiylik kengashi "ruxsati" olingan. Hech qanaqa tender qilinmagan, nomiga ma’lumot xam yo‘q. Muftiyning qarindoshi, eshitishimcha! 20 mlrd. qiymat "osmondan" olingan, loyiha qilinmagan, umumiy tashqi ko‘rinishi rasmi chizilgan xolos. Xonalarning razmeri qanaqa, nechta ekonom, nechta 1 joyli, nechta lyuks va hokazo bo‘lishi muhokama qilinmagan. "Kattalar" xal qilishgan bo‘lsa kerak, balki ular bilishar!?
Suhbatdosh "kattalar" deganda O‘zbekiston musulmonlar idorasi rahbariyatini nazarda tutdi.
Musulmonlar idorasida rahbariy lavozimlardan birida ishlaydigan va islomiy andisha bois ismi efirda aytilmasligini so‘ragan mulozim "Vaqf" tashkilotining faqat tijoratu foydani ko‘zlaydigan maskan bo‘lib qolganidan noroziligini aytdi.
Hakamlar sud’yasi "Vaqf"dan pul olgan
Chelak tuman hokimi ajratgan yerga qurilishi rejalangan "Vaqf" mehmonxona buyurtmasini tendersiz tarzda qo‘lga kiritgan OOO Sharqiy zamona qurulish shirkatining egasi¸ Ozodlik ixtiyoridagi rasmiy registratsiya hujjatlariga ko‘ra¸ Fayzullayev Shavkat Zubaydullayevichdir.
Adliya vazirligining Toshkent shahri bo‘yicha hakamlar sud’yalari rasmiy ro‘yxatida bo‘lgan Shavkat Fayzullayev ayni paytda O‘zbekiston xalqaro arbitraj va hakamlik sudlarini rivojlantirish jamoat fondi muassisi va egasi hamdir.
Ozodlik ko‘rgan moliyaviy hujjatlarda Fayzullayevga oid OOO Sharqiy zamona qurulish shirkati hisob raqamiga "Vaqf" fondi tomonidan 2 milliard so‘m o‘tkazilgani aks etgan.
Ozodlik muxbiri OOO Sharqiy zamona qurulish shirkati rahbari Shavkat Fayzullayev haqidagi ma’lumotlarni Fondning moliyaviy masalalar bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Zohidjon To‘rayevga bildirdi. "Vaqf" mulozimi Shavkat Fayzullayevning Chelak tumanidagi mexmonxona uchun 20 milliard so‘mlik shartnoma tuzgan mulozim ekanligini tasdiqladi.
Ozodlik suhbatlashgan huquqshunosga ko‘ra¸ Adliya vazirligi tasdig‘idan o‘tgan hakamlik sud’yasining ayni vazirlikda qayd qilingan "Vaqf" fondi qurilishini amalga oshirishi mavjud qonunchilikka zid emas.
O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati "Adliya vazirligi tasdiqlagan hakamlar sudyasining ayni vazirlikda qayddan o‘tgan fondagi shubhali qurilishlari borasidagi Ozodlik savolini javobsiz qoldirdi.
Ozodlik "Vaqf" fondi tomonidan hisobiga 2 milliard so‘m o‘tkazilgan Sharqiy zamona qurulish MChJ egasi Shavkat Fayzullayevning O‘zbekiston muftiysiga jiyan ekani haqidagi iddaolarni tasdiqlash imkoniga hozircha ega emas.
Sanashni bilmaydigan mullalarning samarasiz boshqaruvi
Ozodlik o‘z surishtiruvi asnosida "Vaqf" xayriya jamoat fondi “qurgan” mehmonxona¸ tikuv va non sexlarining ko‘zbo‘yamachilik uchun tashkil qilingani va shu kunda ularning samara bermayotganligini aniqladi.
2019 yilning oktabr oyida Surxondaryoda tayyor binoda bir yarim milliard so‘m sarflab tashkil qilingan mehmonxona samara bermagani uchun joriy yilning yanvar oyida uning rahbari ishdan bo‘shatilgan.
Ishdan bo‘shatilish xavfi bois ismi aytilishini istamagan “Vaqf” xodimining Ozodlikka aytishicha¸ boshidanoq foyda keltirmasligi aniq bo‘lgan mehmonxona pul yuvish maqsadida tashkil qilingan:
- Bu sxema oddiy. Binoni fond rahbarining to‘rtta kuyovi va ularning o‘rtoqlaridan tashkil topgan qurilish guruhi ta’mir qildi. Bino tayyor va beg‘araz o‘tkazib berilgan¸ lekin yangidan qurilgan qilib pul sarflandi. Ikki xil uslubda pul o‘tkazildi. Vaqfning Surxondaryo filialiga pul ko‘chirildi va qurilish tashkilotlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazildi. Filialga tashlangan puldan quruvchilarga va qurilish tashkilotlariga xom-ashyo uchun pul o‘tkazilgan. Hech bir tender, reja, loyiha yo‘q. Surxondaryo misolida bitta sxema bitgan. Samarqandda yana bitta sxema boshlanyapti.
Suhbatdosh "katta raqamlar qanday sanalishini ham bilmaydigan mullalarning saviyasiz boshqaruvi oqibatida fond mablag‘larini noo‘rin sarflash hollari va kamomad" kelib chiqqanini iddao qiladi.
Ozodlik muxbiri bu iddaolar isboti sifatida taqdim qilingan hujjatlar bilan tanishdi.
“Vaqf”ga oid Ozodlik muxbiri ko‘rgan moliyaviy hujjatlarda yangi mehmonxona qurilishi uchun pul o‘tkazilgani aks etadi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil, 16 apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
Tashkilotga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish uchun davlatdan katta mablag‘ ajratilgan.
“Vaqf” tashkilotining rahbari Iskandar Xalilovdir.
Ayni paytda tashkilot ustidan nazorat O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining vaqf ishlari bo‘yicha o‘rinbosari zimmasiga yuklatilgan.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining vaqf ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga 2018 yilning avgustida tayinlangan MXX zobiti Dilshod Hoshimov o‘tgan yil bahorida ishdan olingan edi.
Ozodlikning O‘zbekiston Musulmonlari idorasida hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada ishlaydigan bir-biridan mustaqil ikki manbasiga ko‘ra¸ ishdan olinishi ortidan Dilshod Hoshimov "Vaqf" xayriya jamoat fondi mablag‘lari va ko‘chmas mulklari bilan bog‘liq jinoyat ishi figuranti sifatida qo‘lga olingan.
Ozodlik "Vaqf" xayriya jamoat fondi borasidagi o‘z surishtiruvlarini davom ettiradi. Davlat va jamoatchilik mablag‘i evaziga faoliyat yurg‘izayotgan bu fondi haqidagi ma’lumotlarni Ozodlikning +420 724 971 539 raqamidagi @ozodnews Telegram sahifasiga yuboring.