Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:19

O‘zbekistonga yana bir ofat - Turkmanistondan kelayotgan chigirtkalar xuruji tahdid solmoqda


BMT ma’lumotiga ko‘ra, chigirtkalar galasi bir kunda 35 ming odam yeydigan oziq-ovqatni yeb bitiradi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, chigirtkalar galasi bir kunda 35 ming odam yeydigan oziq-ovqatni yeb bitiradi.

Yaqindagina dovuldan ziyon ko‘rgan O‘zbekistonning Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlariga yana bir ofat - chigirtkalar xuruji tahdid solmoqda.

Qashqadaryoning Nishon, G‘uzor, Dehqonobod tumanlaridagi fermerlarga ko‘ra¸ may oyi boshida qo‘shni Turkmanistondan uchib kelayotgan chigirtkalar to‘dasi o‘z ekinzorlarida paydo bo‘lgan.

Ozodlik turkman xizmati xabariga ko‘ra, cho‘l chigirtkalari Turkmanistonning O‘zbekistonga chegaradosh Lebab viloyatida ko‘paygan.

6 may holatiga qadar chigirtkalar Lebab viloyatining Karki tumanida 35 ming gektardan ortiq maydonda ekilgan bug‘doy, sholi va boshqa ekinlarni yeb bitirgan.

Qashqadaryoning Turkmanistonga chegaradosh Nishon tumanida yashovchi fermerning Ozodlikka aytishicha, chigirtkalar sabzavot va poliz ekilgan yerlarda shu oy boshidan ko‘rina boshlagan.

O‘n yillar oldin dori sepib yo‘qotganimizdan keyin yo‘qolib ketgandi. Mana hozir yana paydo bo‘lyapti.

- Hozircha ko‘p emas, lekin issiq boshlansa ko‘payadi. O‘n yillar oldin dori sepib yo‘qotganimizdan keyin yo‘qolib ketgandi. Mana hozir yana paydo bo‘lyapti.

Ozodlik gaplashgan fermerlarga ko‘ra¸ chigirtkalar yaqindagina dovuldan ziyon ko‘rgan Buxoroning Olot va Xorazmning Turkmanistonga chegaradosh Hazorasp tumanlari ekin maydonlariga ham xavf solmoqda.

"Bir yoqda koronavirus, so‘ngra dovul, endi chigirtka..."

Olotlik fermer 27 aprel kungi ​dovul va kuchli yomg‘ir oqibatida ekinzorlari shundoq ham payhon bo‘lganini aytadi.

- Bir yoqda koronavirus, buning ustiga dovul va suv toshqinlari keldi¸ endi chigirtka. Balo bir kelsa¸ botmonlab kelar ekan-da.

Xorazmlik fermer Dilshod Saidov, chigirtkalarning Turkmanistondan uchib kelayotgani sababli ular joyida yo‘q qilinmasa kurashning samarasiz bo‘lishini aytadi.

Chigirtkalar ko‘payadigan joyning o‘zida yo‘q qilinmasa¸ dori sepganning foydasi yo‘q, yana uchib kelaveradi.

- Hozir paydo bo‘lishni boshladi bular. Chigirtkalar ko‘payadigan joyning o‘zida yo‘q qilinmasa¸ dori sepganning foydasi yo‘q, yana uchib kelaveradi. Oldin ham shunday bo‘lgandi.

Ilmiy manbalarga ko‘ra¸ chigirtkalar bir kunda 70-80 kilometrdan 200 kilometrgacha masofani bosib o‘tish va bir necha ming kilometrgacha uchib borishga qodir.

Turkmaniston va O‘zbekiston orasidagi asosan tekisliklardan iborat hududda bu zararkunandalarning tez harakatlanishi aytiladi.

Turkmanistonga chegaradosh Qashqadaryo viloyati hokimligining Qishloq xo‘jalik boshqarmasining chigirtkaga qarshi kurashish bo‘limi mulozimlaridan biri 7 may kuni Ozodlik bilan suhbatda chegara hududlardagi fitosanitariya holati haqida turkmanistonlik hamkasblari bilan muntazam ma’lumot almashilayotganini bildirdi.

- Turkmanistonning bizga chegaradosh Lebab viloyatida chigirtka ko‘paygani haqida ulardan (Turkmaniston tomonidan) rasmiy xat kelgan. Har kuni kuzatyapmiz, lekin bizning hududda chigirtkalarning katta galasi hali kuzatilmadi. Shunga qaramay, dori sepadigan uskunalar, dori purkagichlar, chigirtkalarga qarshi pestitsidlarni shay qilib qo‘yganmiz, - dedi mulozim.

Hosil xavf ostida

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 2007 yilning oktabr oyida chigirtka va boshqa qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha bitim imzolangan edi.

Ayni bitimda tomonlar diplomatik kanallar orqali chegaradosh hududlaridagi fitosanitariya holati to‘g‘risida doimiy ravishda axborot almashib turishlari, zararkunandalarga qarshi kurash harakatlarini muvofiqlashtirishlari aytilgan.

Chigirtka bosqiniga uchragan Turkmanistonning Lebab viloyati, Karki tumanilik fermerlar Ozodlik turkman xizmati muxbiri bilan suhbatda zararkunandalarga qarshi davlatdan yetarli vositalarni ololmayotganliklarini aytgan.

- Zararkunandalarga qarshi vositalar yo‘q, texnika yo‘q, davlat holimizdan xabar olmaydi. Shunday bo‘ladigan bo‘lsa¸ bu yilgi hosilimiz barbod bo‘ladi, - deb aytgan lebablik fermerlardan biri.

Ozodlik turkman xizmati ​xabariga ko‘ra, 6 may holatiga qadar chigirtkalar Lebab viloyati Karki tumanida 35 ming gektardan ortiq maydonda ekilgan bug‘doy, sholi va boshqa ekinlarni yeb bitirgan.

Chigirtkalarning kichik to‘dasida bir necha yuz million hasharot bo‘ladi.

BMT Oziq-ovqat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, chigirtkalarning bunday galasi bir kunda 35 ming odam yeydigan oziq-ovqatni yeb bitiradi.

Chigirtkalar xuruji turmush farovonligi asosan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hosiliga bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston kabi davlatlar aholisi uchun jiddiy xatardir.

2005 yilda Turkmaniston hududidan uchib o‘tgan chigirtkalar O‘zbekistonda 70 ming gektardan oshiq maydoniga zarar yetkazgan.

XS
SM
MD
LG