Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:45

80 yil oldin qurilgan Kattaqo‘rg‘on suv ombori yonidagi aholi uning avariya holatida ekanidan qo‘rqmoqda


Kattaqo‘rg‘on suv ombori tevaragida joylashgan mahalla vakillari Ozodlikka yuborgan suratlarda inshootning ayrim uchastkalaridagi beton plitalari o‘pirilib ketganini ko‘rish mumkin. 7 may, 2020 yil.
Kattaqo‘rg‘on suv ombori tevaragida joylashgan mahalla vakillari Ozodlikka yuborgan suratlarda inshootning ayrim uchastkalaridagi beton plitalari o‘pirilib ketganini ko‘rish mumkin. 7 may, 2020 yil.

Sardoba suv omborida 1 may kuni ro‘y bergan texnogen falokat ortidan Samarqand viloyatidagi Kattaqo‘rg‘on suv ombori atrofida yashovchi aholi ham damba yorilib, suv toshqini ro‘y berish ehtimolidan xavotirga tushgan.

Ushbu suv ombori atrofida joylashgan "Kumushqirg‘oq", "Namozpolvon", "Burqut" mahallalarida yashovchilarning Ozodlikka aytishicha¸ o‘tgan asr o‘rtalarida kurilgan suv inshooti bugungi kunda deyarli avariya holatiga kelib qolgan.

Ozodlik gaplashgan suv ombori muhandislari gidroinshootning "Pekit-156", "Pekit-212" uchastkalari avariya holatiga kelib qolganini tasdiqladi.

Kattaqo‘rg‘on suv ombori rahbari Mirzo Saidov esa 8 may kuni Ozodlik bilan suhbatda suv inshooti so‘nggi bor o‘tgan yil kuzida inspeksiya qilingani, nuqsonlar aniqlanmagani va xavotirlar o‘rinsizligini aytdi.

Kattaqo‘rg‘on suv ombori tevaragida joylashgan mahalla vakillari Ozodlikka yuborgan suratlarda inshootning ayrim uchastkalaridagi beton plitalarining o‘pirilib ketganini ko‘rish mumkin.

Kattaqo‘rg‘on suv omborning "Pekit-156", "Pekit-212" uchastkalari, 2020 yil, 7 may.
Kattaqo‘rg‘on suv omborning "Pekit-156", "Pekit-212" uchastkalari, 2020 yil, 7 may.

Suv inshootiga yaqin "Namozpolvon" mahallasi yashovchilaridan biri 8 may kuni Ozodlik bilan suhbatda to‘g‘onning avariya holatiga kelib qolgani mahalla ahlini ko‘pdan beri tashvishga solayotgani, Sardobadigi fojiadan keyin bu xavotirlar yana ham kuchayganini aytadi.

- To‘g‘on bizning "Namozpolvon" mahallasi hududidan 32 metr balandlikda. Hozirgi sharoitda 800 million kub metrga yaqin suv bor omborda. Ba’zi paytlari 900 millionga ko‘tariladi. Bizning hudud kosaday. Agar biron kor-hol bo‘lsa¸ butun qishloq suv ostida qoladi.

Shu oy boshida Sidaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi oqibatida 22ta aholi punkti suv ostida qolib, 70 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi.

Kattaqo‘rg‘on tumanining "Kumushqirg‘oq" mahallasi faollaridan biri Sardobadagi fojiadan so‘ng o‘zlari yashaydigan hududdagi suv ombori inspeksiya qilinishini so‘rab Samarqand viloyati hokimligi va suv xo‘jaligi boshqarmasiga arz qilib borishganini aytadi.

- Hokimiyatga bordik. U yerda suv xo‘jaligi boshqarmasidagilar bilan uchrashdik, chunki ayrimlar uyini, molini sotib boshqa joyga ko‘chamiz¸ deb turishibdi. Hokimiyatdagilar xavotirlanmanglar hammasi yaxshi bo‘ladi, holatni o‘rganamiz, deb va’da berishdi.

Kattaqo‘rg‘on suv omborining ayrim uchastkalari avariya holatiga kelib qolganini u yerda ishlovchilar ham Ozodlikka tasdiqladi.

- Suv omborining suv chiqarish quvuri, suv chiqarish darvoza-zatvorlari ta’mirlanmagan. Ombor uchastkasi, kirish kanaldagi Pekit-156, Pekit-212, gidroinshoatlari umuman talabga javob bermaydi, - deydi Kattaqo‘rg‘on suv omborining ismi ochiqlanmasligini istagan xodimi.

Kattaqo‘rg‘on suv omborining beton plitalarida yoriqlar paydo bo‘lgan.
Kattaqo‘rg‘on suv omborining beton plitalarida yoriqlar paydo bo‘lgan.

Suv ombori muhandislaridan biri Ozodlik bilan suhbatda inoshoot so‘nggi bor 1998-2003 yillarda kapital remont qilinganini aytdi.

- Yaqinda yigirma yil bo‘ladi ta’mir bo‘lganiga. Sardobadagi voqeadan keyin tepadagilar e’tibor qaratar endi. Bugun viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Asror aka Karimxonov keldi. Ko‘rib ketishdi, DXXdan ham bir vakil bor edi.

Kattaqo‘rg‘on suv ombori rahbari Mirzo Saidov 8 may kuni Ozodlik bilan suhbatda suv inshooti avariya holatida emasligi, xavotirlarning o‘rinsizligini aytdi.

- Har yili suv qochishi bilan inspeksiya qilib turamiz, bu yil ham qildik. Juda mustahkam qurilgan suv inshooti. Men shu yerda yashovchi hammaga aytaman, xotirjam bo‘lishsin, bu sovet davrida ancha puxta qurilgan inshoot, - dedi Saidov.

O‘zbekiston hududida qurilgan birinchi suv ombori

Kattaqo‘rg‘on suv ombori O‘zbekiston hududida qurilgan birinchi gidrotexnika inshootidir.

1941 yili qurilgan Kattaqo‘rg‘on suv ombori dengiz sathidan 35 metr balandlikda joylashgan.
1941 yili qurilgan Kattaqo‘rg‘on suv ombori dengiz sathidan 35 metr balandlikda joylashgan.

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi saytidan olingan ma’lumotga ko‘ra, qurilishi 1941 yilda boshlanib 1951 yilda foydalanishga topshirilgan Kattaqo‘rg‘on suv ombori dengiz sathidan 35 metr balandlikda joylashgan, kengligi 79,5 kvadrat kilometr bo‘lib, u yerda 900 million kub metrgacha suv bor.

Kattaqo‘rg‘on suv omborining asosiy inshooti kompleksi suv chiqargichli to‘g‘on, suv keltiriladigan va suv oqib ketadigan kanallardan iborat.

Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlaridagi 94 ming gektarga yaqin yer maydonlari ayni shu ombor suvi bilan sug‘oriladi.

O‘zbekistonda Sardoba yoki Kattaqo‘rg‘ondagi kabi ulkan suv xo‘jaligi ob’yektlari texnik holatining ishonchliligi hamda bexatar ishlashini ekspertizadan o‘tkazish Suv xo‘jaligi vazirligining "Davsuvxo‘jaliknazorat" deb ataluvichi inspeksiyasi zimmasidadir.

Kattaqo‘rg‘ondagi suv inshooti atrofidagi xavotirlar yuzasidan Ozodlik "Davsuvxo‘jaliknazorat" inspeksiyasiga ham bog‘lanishga urindi, lekin 8 may kuni tegishli mutasaddilar telefoniga hech kim javob bermadi.

XS
SM
MD
LG