Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:46

Karantinda pulsiz o‘tirgan aholiga kommunal to‘lovlarni to‘lamasa, sudga tortish bilan tahdid qilinmoqda


MIB xodimlari karantin payti uyma-uy yurib, aholidan kommunal to‘lovlarni undirmoqda
MIB xodimlari karantin payti uyma-uy yurib, aholidan kommunal to‘lovlarni undirmoqda

Samarqandning Toyloq tumanida tabiiy gaz va elektr energiyasidan qarzdor aholidan karantin bo‘lishiga qaramay qarzlarni to‘lash talab qilinmoqda.

Majburiy ijro byurosi xodimlari uyma-uy yurib, qarzni to‘lash uchun aholiga 5 kun muddat beryapti. Aks holda qarzini to‘lamaganlar sudga tortilishidan ogohlantirilgan.

Toyloqliklar karantin bois uyda pulsiz o‘tirganlari sabab kommunal to‘lovlarni to‘lash imkonsizligini aytyapti.

Koronavirus pandemiyasi bois O‘zbekistonda keskin cheklovlar joriy etilishi ortidan Majburiy ijro byurosi rasmiylari karantin payti gaz-svet to‘lovlari uchun hech qanday imtiyoz berilmasligini ta’kidlagan.

Samarqand viloyati, Toyloq tumani, Tuyoqli qishlog‘i, Do‘stlik mahallasi, 71- uyda yashovchi Homidovlar oilasi ham MIB xodimlari tomonidan ogohlantiruv olganlardan biri.

Oila a’zosi, 26 yashar Abdunosir Homidovga ko‘ra, 19 may kuni Majburiy ijro byurosining Toyloq tuman bo‘limi xodimlari uyiga kelib, elektr energiyasidan qarzini besh kun muddat ichida to‘lashni talab qilgan:

- Elektr energeyasidan 324 ming so‘m qarzimiz bor ekan. Shu pulni besh kun ichida to‘lashimizni talab qilishdi. Agar to‘lamasak, sudga berishini va ikki oklad oylik miqdorida jarima ham to‘lashimizni aytishdi.

Abdunosir karantin sabab uydagilarining hammasi ishsiz o‘tirgani bois bu pulni to‘lay olmasligini aytadi:

- Uyda olti kishimiz. Ota-onam, ikki ukam, o‘zim va xotinim. Hammamiz ishsiz o‘tiribmiz. Karantindan avval Rossiyaga borib pul ishlab kelardik. Hozir buning imkoni yo‘q. Bitta ukam pul topish uchun Turkiyaga ketgandi. Lekin u ham hozir u yoqda ishsiz o‘tiribdi. Tomorqaga teplitsa qilib, bodring ekkanmiz. Shuni sotib, pulini tirikchilik uchun ishlatyapmiz. Elektrdan qarzimni uzishga umuman pulim yo‘q. Besh kun ichida buncha pulni to‘lash imkonim yo‘q.

Majburiy ijro byurosining Toyloq tuman bo‘limi tomonidan Homidovlar oilasiga berilgan ogohlantiruv xatida:

“Talabnoma 5 kun muddatda bajarilmagan taqdirda, xonadoningiz tabiiy gaz, elektr energiyasi yoki suv ta’minotidan uzib qo‘yilishi hamda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmati uchun sudga da’vo ariza kiritilishi haqida ogohlantiramiz”, deyilgan.

Inspektor Samadov tomonidan 19 may kuni imzolangan hujjatda agar qarzdorlik qoplanmasa, sudga berishdan tashqari oila a’zolarining turli xizmatlardan foydalanishiga cheklov qo‘yilishi ham ta’kidlangan:

“Yirik bitimlar, ayrim turdagi moliya-kredit xizmatlaridan va davlat xizmatlaridan foydalanish huquqingiz cheklanadi”.

Abdunosirning hamqishloqlaridan ikki nafari Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda MIB xodimlari tomonidan xuddi shunday ogohlantiruv olganlarini bildirdi.

Abdunosir va uning hamqishloqlari qarzdorlik karantin o‘tguncha kechiktirib turilsa, keyin pul ishlab, hamma qarzni birato‘la uzishlarini aytishdi.

- Men moliyaviy yordam so‘ramayapman. Faqat hozir imkonim yo‘qligini aytyapman¸ xolos. O‘zim ham kommunal to‘lovlardan qarz bo‘lishni yomon ko‘raman. Qo‘limizga pul tushishi bilan¸ albatta¸ qarzni uzamiz. Lekin hozir zo‘rg‘a ro‘zg‘orni eplab turibman. Keyin agar pul topgan taqdirimda ham karantin payti uni qanday to‘layman. Toyloq tumani qizil zonaga kirgan. Qanday qilib tuman markaziga boraman? Hozir men kabi qarzdorlar hammasi yig‘ilib, borsa, tiqilinch navbatlar yuzaga keladiku! Bu karantin qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydi, deydi Abdunosir Homidov.

Abdunosir Homidov bilan suhbatni quyida to‘liq tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:33 0:00
Бевосита линк


Kommunal to‘lovlar undirish bo‘yicha Toyloqdagi mibchilar qo‘llayotgan talablar mamlakatning boshqa hududlarida ham kuzatilyaptimi yoki yo‘qligi hozircha Ozodlikka ma’lum emas.

Joriy yilning 23 mart kuni Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi karantin payti kechiktirilgan kommunal to‘lovlar uchun jarima va penyalar joriy etilmasligi, qarzdor iste’molchilar bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilmasligini rasman bildirgan.

20 may kuni Ozodlik bog‘langan ushbu vazirlik mas’uli karantin paytidagi kommunal to‘lovlar uchun imtiyozlarning elektr va tabiiy gazga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

“Karantin paytidagi kommunal to‘lovlar uchun imtiyozlar faqat ichimlik suv, kanalizatsiya va issiqlik ta’minotiga tegishli. Bizning vazirlik tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun to‘lovlarni zimmasiga olmagan”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab anonim qolishni so‘ragan vazirlik xodimi.

Majburiy ijro byurosi respublika bo‘limining ismini ochiqlamayotganimiz mas’uli bilan savol-javob juda qisqa bo‘ldi:

“Biz qarzdorlikni undirish payti har bir aholi vakiliga individual yondashamiz. Qarzdorning muammosi individual yondashuv orqali hal qilinadi”.

MIB mas’uli shu gapni aytish bilan telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi, qayta qilgan qo‘ng‘iroqlarga umuman javob bo‘lmadi.

Majburiy ijro byurosi direktori o‘rinbosari Shavkat Haydarov 26 mart kuni AOKAda o‘tgan brifingda elektr va tabiiy gaz uchun hech qanday imtiyoz berilmasligini ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG