Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:23

Sardoba toshqinida vayron bo‘lgan uyi uchun hujjati yo‘q oilalar chaylada yashamoqda


Baxtiyor Tursunovning qo‘lbola chaylasi.
Baxtiyor Tursunovning qo‘lbola chaylasi.

Sardoba toshqinida vayron bo‘lgan kadastr hujjatlari yo‘q uylar egalariga hech qanday ko‘mak berilmayapti.

Yagona boshpanasidan ayrilgan bu kabi aholi turli idoralariga murojaat qilib, biror natijaga erisha olmayapti.

Mutasaddilar Ozodlik bilan suhbatda noqonuniy qurilgan imoratlar uchun iqtisodiy yordam berish ko‘zda tutilmaganini aytishdi.

Ozodlik ushbu muammoni Sirdaryoning Oqoltin tumani Navoiy mahallasidagi 4 oila misolida o‘rgandi.​

Navoiy mahallasida yashovchi 34 yashar Baxtiyor Tursunov yashayotgan uyi toshqinda vayron bo‘lganidan so‘ng oilasi bilan qo‘lbola chaylada yashayapti:

- Uyning hozir devori turibdi. Uy to‘la qulamagan. Lekin suv devorning taglarini o‘yib tashlagan. Yashaydigan holatda emas. Uy ichiga suv kirgan. Devorning pastini yuvib ketgan. Uy ichidagi narsalarni olib chiqdim. Ko‘rpa-to‘shaklarni suv bosgan. Quyoshga qo‘yib qo‘yganmiz. Hozir hovliga bo‘zdan chayla qurib oldim. Shu chaylada yashab turibmiz.

Baxtiyor Tursunovning qo‘lbola chaylasi
Baxtiyor Tursunovning qo‘lbola chaylasi

Baxtiyorning uyi paxta dalasi o‘rtasidagi dala shiyponlari yoniga qurilgan. Uning aytishicha, uyi kadastr hujjatisiz qurilgani sabab unga hech qanday ko‘mak berilmayapti:

- Qayerga murojaat qilsak, “kadastr hujjating yo‘q” deyapti. Bu uyni 20 yilcha avval ota-onam qurgan. Dala o‘rtasiga qurilgani sabab, kadastr hujjati berishmagan. Yashaydigan boshqa boshpanamiz yo‘qligi uchun chayla qurdim. Rafiqam, o‘g‘lim va qizim bilan shu chaylada yashayapmiz.

Baxtiyor Tursunovning toshqinda vayron bo‘lgan uyi
Baxtiyor Tursunovning toshqinda vayron bo‘lgan uyi

Baxtiyor Tursunovning uch qo‘shnisining uyi ham toshqinda vayron bo‘lgan. Ulardan biri G‘ofir Dadayevdir. G‘ofir otasining fermer ho‘jaligida ish boshqaruvchi bo‘lgan payti dalasi boshiga 3 xonali uy qurgan. G‘ofirning hisob-kitobicha, uyi toshqinda vayron bo‘lgani oqibatida 15 million so‘mlik zarar ko‘rgan. Biroq uyining kadastr hujjati yo‘qligi bois unga hech qanday tovon puli berilmasligi aytilgan.

- 3 xonali uy, yana alohida ayvoni, orqasida molxona, tovuqxona bor edi. Kadastr yo‘qligi uchun yordam qilishning iloji yo‘q” deyishyapti. Qayoqqa murojaat qilmasak, “baribir foydasi yo‘q” deyishyapti.

G‘ofir Dadayevning toshqinda vayron bo‘lgan uyi.
G‘ofir Dadayevning toshqinda vayron bo‘lgan uyi.

Baxtiyor Tursunovning yana bir qo‘shnisi uning adashi - 65 yashar Baxtiyor aka bo‘lib, uning ham toshqinda vayron bo‘lgan 5 xonali uyining hujjati bo‘lmagan.

- Tovuqxona, molxona hammasi ketdi. Uy yer-bilan yakson bo‘ldi. Hammasini kovlab- kovlab olyapmiz. Qiynalyapman, bir o‘zim (yig‘laydi). Sizga ahvolimni qanday tushuntirishni ham bilmayman. 20 ta indyuk suvda oqib ketdi, 20 ta tovuq ketdi. Qabulxonaga borib aytdim. Lekin xususiy ro‘yxatga olmagan ekanmizda bu uyni. Shunga yordam yo‘q ekan. Endi kimga murojaat qilishni ham bilmayman,- deydi Baxtiyor Abdurashidov.

Toshqinda vayron bo‘lgan hujjatsiz uylardan biri
Toshqinda vayron bo‘lgan hujjatsiz uylardan biri

57 yashar Hamroqul Sulaymonovning muammosi qo‘shnilariniki bilan ayni, faqat qo‘shnilaridan farqi, Hamroqul aka yashagan uy bir paytlari dala shiyponi bo‘lgan.

- Uyim ketdi, quladi. Uyning ichidagi hamma narsa ketdi. Ko‘rpa-to‘shak, kiyim-kechak, televizor hammasi oqib ketdi. Hech narsa qolmadi. 12 yil davomida cho‘ponlik qilib, oilam bilan dala shiyponlarida yashab keldim. Bu buzilgan dala shiyponida 2 yildan beri yashayotgandim. Hozir umuman boshpanasiz qoldik. Hozircha Oqoltin tumanidagi kollejda yashayapmiz. Uyi buzilib, bu yerda vaqtincha yashayotganlarga hukumat qurayotgan yangi uylardan berisharkan. Ularga yordam puli ham berishdi. Lekin qo‘limizda biz yashagan dala shiyponining hujjati yo‘qligi uchun bizga hech narsa berishmas ekan. Kollejdan chiqarishsa, qayerga borishni ham bilmaymiz.

Oqoltin tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, toshqin oqibatida tumandagi uchta mahalla jiddiy zarar ko‘rgan: Shodlik mahallasida 90 foiz uylar, Ahillik mahallasida 50 foiz uylar, Saxovat mahallasida esa 30 foiz uylar vayron bo‘lgan. Jami 8000 ga yaqin aholi uysiz qoldi.

Biroq bu ro‘yxatga uylarining hujjati bo‘lmagan Baxtiyor Tursunov va uning qo‘shnilari kabilar kirmagan.

Oqoltin tuman hokimligining ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan mulozimi vayron bo‘lgan hujjatsiz uylar egalarining muammolaridan xabardorligini aytdi:

“Xabarimiz bor hammasidan. Faqat hozir sizga tuman bo‘yicha bu kabi muammosi borlar aniq sonini keltira olmayman. Odamlarning o‘zida ham ayb katta. Xabaringiz bor, prezidentimiz noqonuniy qurilgan uylar uchun amnistiya e’lon qildi. O‘sha paytda hujjatlarni taxlab olish kerak edi. Bular shu ishni qilmagan. Endi dod solib, yugurib yurishibdi. Noqonuniy qurilgan imoratlar uchun qanday iqtisodiy yordam berish mumkin? Bu qonunga zid bo‘ladiku. Lekin albatta ular muammosi ham o‘rganilyapti. Yechimi qanday bo‘lishi haqida hozir bir narsa deya olmayman”.

Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi ortidan yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga 100 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Prezident farmoyishiga ko‘ra, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida 2020-2021 yillar davomida 50 ta ko‘p qavatli uy-joy quriladi. Mazkur uylardagi xonadonlar uylarini suv bosgan shaxslarga beg‘araz beriladi.

XS
SM
MD
LG